Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev qatagʻon qurbonlari xotirasini yod etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyobonida oʻtkazilgan qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari Vatan ozodligi yoʻlida halok boʻlgan ajdodlar xotirasini eʼzozlash muqaddas burch ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston tinchlik, doʻstlik va hamkorlik yoʻlidan hech qachon ortga qaytmasligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev qatagʻon qurbonlari xotirasini yod etdi.

Mustaqillik bayrami arafasida Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar hamda ziyolilar yigʻildi. Vatan ozodligi yoʻlida kurashgan ajdodlar haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda Shavkat Mirziyoyev ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatagʻon qurbonlari nomini tiklash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarini muhokama qildi.

Prezident Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan ajdodlarni xotirlash alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

«Oʻttiz besh yildan buyon hech kimga qaram boʻlmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu - katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulugʻ kunlarda istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish - muqaddas burchimiz», - dedi u.

Davlat rahbari keyingi yillarda qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham toʻxtaldi.

Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rekonstruksiya qilinib, uning ekspozitsiyasi boyitildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi qatagʻon qurbonlari muzeylari fondlari ham yangi hujjat va fotosuratlar bilan toʻldirilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, 2021–2025-yillarda Oliy sud tomonidan qatagʻon qurboni boʻlgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdosh oqlangan. 2026-yilda esa sobiq tuzum davrida nohaq ayblanib, qamalgan yoki oʻlimga hukm qilingan yana 161 nafar vatandoshning nomi oqlangan.

Muloqotda 1980-yillardagi «paxta ishi» va «oʻzbek ishi» bilan bogʻliq qatagʻonlar ham tilga olindi. Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 1983–1990-yillarda 40 ming nafar oʻzbekistonlik tergov qilingan, ularning 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotganiga eʼtibor qaratib, bu sharoitda mamlakatdagi tinchlikni qadrlash, jipslik va hamjihatlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

«Bizning yoʻlimiz - tinchlik, doʻstlik va hamkorlik yoʻli. Oʻzbekiston ushbu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaydi», - dedi prezident.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.