Mahalliy

SSSR davrida nohaq qatagʻon qilingan vatandoshlar nomini oqlash ishlari davom ettiriladi - prezident

Shavkat Mirziyoyev Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni arafasida Shahidlar xiyobonida boʻldi. Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. 1983-1990 yillarda “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatagʻonga uchragan vatandoshlar nomini oqlash va tarixiy adolatni tiklash borasidagi ezgu ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

Prezidentning maʼlum qilishicha, SSSR davrida nohaq qatagʻon qilingan vatandoshlar nomini oqlash ishlari davom ettiriladi.

28-avgust kuni Toshkentdagi Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yigʻildi.

Qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatagʻon qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti boʻldi.

“Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz. 35 yildan buyon hech kimga qaram boʻlmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulugʻ kunlarda istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha maʼnaviy kuch manbayi boʻlib qolishini taʼkidladi.

Keyingi yillarda qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi toʻliq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sunʼiy intellekt yordamida koʻrgazmalarning taʼsirchanligi oshirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatagʻon qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatagʻon qurboni boʻlgan 1200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki oʻlimga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.