Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qoʻydi

2-sentabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Oʻzbekistonning birinchi prezidenti haykali poyiga gulchambar qoʻydi.

Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, Islom Karimov mamlakat tarixining eng murakkab va masʼuliyatli davrida Oʻzbekistonga rahbarlik qilgan. Uning nomi mustaqillikning qoʻlga kiritilishi, milliy davlatchilikning tiklanishi va mamlakatning mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqishi bilan chambarchas bogʻliq.

"Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. Istiqlol tufayli biz oʻzligimizni angladik, nomi hamisha eʼzozda boʻlgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik. Shu maʼnoda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini taʼminlashga, xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilishga katta hissa qoʻshgan insonlar xotirasini eʼzozlash muhim maʼnaviy qadriyatdir", — deyiladi xabarda.

Marosimda Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Islom Karimovning Oʻzbekiston mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalq farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi xizmatlari yodga olindi.

Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham birinchi prezident haykali poyiga gullar qoʻydi.

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham boʻlib oʻtdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.