Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni, prezident Ilhom Aliyev esa «Oliy Darajali Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Shavkat Mirziyoyevga "Haydar Aliyev" ordeni topshirildi
Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston va Ozarboyjon prezidentlari oʻzaro oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevga Oʻzbekiston Respublikasining eng yuqori davlat mukofoti – "Oliy Darajali Doʻstlik" ordeni topshirildi.
Oʻzbekiston rahbari ushbu nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Ozarboyjon Prezidentining ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlashdagi xizmatlariga Oʻzbekiston xalqining samimiy hurmati va eʼtirofini ifodalashini taʼkidladi.
"Siz ulugʻ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarboyjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilhom Aliyevning Oʻzbekiston-Ozarboyjon koʻp qirrali munosabatlarini kengaytirishga qoʻshayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning oʻrni beqiyos ekanligi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, Ozarboyjon Prezidenti yuksak eʼtirof uchun Oʻzbekiston yetakchisi va xalqiga minnatdorlik bildirdi hamda doʻstlik va oʻzaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning oliy davlat mukofoti – "Haydar Aliyev" ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlat rahbariga Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Ozarboyjon Prezidenti va qardosh Ozarboyjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlidagi qoʻshma saʼy-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
"Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bagʻishlagan ulugʻ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarboyjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Ozarboyjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
"Haydar Aliyev" ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa koʻplab davlat arboblari sazovor boʻlgan.

