Shavkat Mirziyoyev FIFA prezidentini qabul qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev FIFA prezidenti bilan uchrashuv oʻtkazdi
Suhbat avvalida FIFA prezidenti Oʻzbekistonning futbol sohasidagi yutuqlarini hamda mamlakatimizda sportni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan samarali islohotlar natijalarini alohida qayd etdi.
Muhokamalarning asosiy mavzusi Oʻzbekiston va Ozarbayjonda yirik va nufuzli sport tadbiri — 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi futbol boʻyicha jahon chempionatini oʻtkazish boʻldi.
Futbolni, eng avvalo, yoshlar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ilgari surishda FIFA bilan samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Tomonlar sheriklikni yanada kengaytirish, birinchi navbatda, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini transformatsiya qilish, yosh isteʼdodlarni kashf etishga koʻmaklashish, xalqaro darajadagi murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni tayyorlash sohasidagi masalalarni koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekistonda FIFAning yirik turnirlari va tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahrida federatsiyaning mintaqaviy ofisini ochishni tezlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

