Shavkat Mirziyoyev Butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻoliblari bilan uchrashdi
Toshkent, 2026 yil 29 sentyabr. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha milliy terma jamoalar aʼzolari, shuningdek, ularning yaqinlari bilan uchrashdi. Davlat rahbari sportchilarni Samarqandda boʻlib oʻtgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy gʻalaba bilan tabrikladi. «Ikki karra olimpiya chempionlari unvoni — barchamiz uchun, butun Oʻzbekiston xalqi uchun yuksak va sharafli mukofotdir», — […]

Shavkat Mirziyoyev Butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻoliblari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Toshkent, 2026 yil 29 sentyabr. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha milliy terma jamoalar aʼzolari, shuningdek, ularning yaqinlari bilan uchrashdi. Davlat rahbari sportchilarni Samarqandda boʻlib oʻtgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy muvaffaqiyat bilan tabrikladi.
«Ikki karra olimpiya chempionlari degan unvon — barchamiz uchun, butun Oʻzbekiston xalqi uchun yuksak va sharafli mukofotdir», — dedi prezident.
Davlat rahbari Samarqand olimpiadasi shunchaki sport turniri boʻlmaganini taʼkidladi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin shaxmatchi, jumladan, eng kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar ishtirok etdi.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, gʻalabaning Oʻzbekistonda va muxlislar koʻz oʻnggida qoʻlga kiritilgani unga alohida ahamiyat baxsh etdi. Olimpiada davomida Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon tashrif buyurdi, yana 500 mingga yaqin muxlis fan-zonalarda musobaqalarni kuzatib bordi, millionlab vatandoshlarimiz esa partiyalarni televideniye va internet orqali tomosha qildi.
Shavkat Mirziyoyev turnirning hal qiluvchi partiyalarini oʻzi ham katta qiziqish bilan kuzatib borganini maʼlum qildi. U Oʻzbekiston terma jamoasining amaldagi olimpiya chempioni — Hindiston jamoasiga qarshi oʻyiniga alohida eʼtibor qaratdi.
Davlat rahbari Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasini qayd etib, shaxmatchi taktik qarorlar evaziga qiyin uchrashuv oqimini oʻzgartira olganini va jamoaga eng muhim gʻalabani keltirganini taʼkidladi.
Hindiston bilan oʻyindagi muvaffaqiyatdan soʻng Oʻzbekiston terma jamoasi yakka peshqadamga aylandi. Keyin jamoa Xitoyni 3:1 hisobida magʻlub etdi, shuningdek, jahon reytingi peshqadami va olti karra olimpiya chempioni boʻlmish AQSh terma jamoasi ustidan gʻalaba qozondi.
Prezident butun turnirni magʻlubiyatsiz oʻtkazib, birinchi taxtada oltin medalni qoʻlga kiritgan Nodirbek Abdusattorovning chiqishini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, uning amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana ustidan murakkab endshpil partiyasida qozongan gʻalabasi ham qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovga ham murojaat qilib, uning bir necha oy avval mamlakatimiz bayram qilgan Daʼvogarlar turniridagi tarixiy gʻalabasini yodga oldi.
Prezident uning Olimpiadadagi vazminligi va barqaror oʻyinini taʼkidlab, yaqinlashib kelayotgan jahon shaxmat toji uchun kurashda muvaffaqiyat tiladi.
«Bugun sening ortingda nafaqat jamoadoshlaring va murabbiylaring, balki 40 millionga yaqin Oʻzbekiston ahli turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Prezident, shuningdek, oʻzining ilk olimpiya turnirida hal qiluvchi kuni qora donalarda ukrainalik Roman Dextyaryovni magʻlub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur boʻlgan ochkoni keltirgan Muhiddin Madaminovning hissasini ham eʼtirof etdi.
Qora donalarda amaldagi jahon chempioni Gukesh bilan tengma-teng kurashgan Shamsiddin Vohidovning oʻyini alohida qayd etildi.
Davlat rahbari qoʻlga kiritilgan oltin medalda jamoaning har bir aʼzosi oʻz hissasi borligini taʼkidladi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev oʻzbek shaxmatchilarining muvaffaqiyatlari haqida kitoblar yozilishi, filmlar suratga olinishi, ularning partiyalari va oʻyin uslubi oʻquv materiallariga kiritilishiga ishonch bildirdi.

