Shavkat Mirziyoyev: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”

Shavkat Mirziyoyev: "Bugun biz kechagidan kuchliroqmiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz"
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi. U o‘z nutqida xalqning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, kelajakdagi maqsadlar va yangi tarixni birgalikda yaratish zarurligi haqida gapirdi.
Davlat rahbari mustaqillikning 35 yillik taraqqiyot yo‘li xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatganini ta’kidladi.
"Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz!" – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident xalq va davlatning bunday buyuk qudratini yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘qligini qayd etdi. Davlat rahbari yagona vatan va yagona xalq bo‘lib, yangi hayot hamda buyuk kelajakni birgalikda barpo etishga chaqirdi.
Davlat rahbari matonatli, mard va olijanob xalq O‘zbekiston oldiga qo‘yilgan ulug‘ maqsadlarga albatta yetishiga ishonch bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida Vatanimizning oltin davri va yangi buyuk tarixini xalq bilan birgalikda yaratish mumkinligini ta’kidladi.
Prezident mustaqillik ne’mati uchun Parvardigorga shukronalar bildirib, istiqlolning ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan O‘zbekiston xalqiga shon-sharaflar tiladi.
Davlat rahbari xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lishini tiladi.

