Shavkat Mirziyoyev Baliqchidagi Sunʼiy intellekt markaziga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Baliqchidagi Sunʼiy intellekt markaziga bordi
Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi Sunʼiy intellekt markaziga tashrif buyurib, yoshlar tayyorlagan startap loyihalari bilan tanishdi.
“Akademiya IT Star” korxonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur markaz davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirishga oid qarori asosida barpo etilgan.
Axborot texnologiyalari yoshlar orasida eng talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Shu sababli hududlarda zamonaviy AT kasblarni o‘zlashtirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar yaratish uchun sharoitlarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etadi, 100 ta ish o‘rni yaratilgan.
Markaz qishloq va tuman yoshlariga boshqa hududlarga bormasdan, o‘z yashash joyida zamonaviy bilim va kasblarni egallash imkonini bermoqda. Bu yerda marketing, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida ta’lim berilib, yoshlar olgan bilimlarini amaliy loyihalarda qo‘llamoqda.
Muassasa imkoniyatlaridan mahalliy tadbirkorlar ham samarali foydalanmoqda. Ularga sunʼiy intellekt asosida biznesni rivojlantirish bo‘yicha maslahat va AT xizmatlari ko‘rsatiladi. Shu kunga qadar 500 dan ortiq tadbirkorlik subyektiga jami 8,5 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda viloyatdagi 65 mingta tadbirkorlik subyekti uchun SMM-menejer, mobilograf, grafik dizayner, marketolog, maʼlumotlar tahlilchisi va sunʼiy intellekt mutaxassislariga ehtiyoj 129 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Markazdagi ta’lim dasturlari aynan shu talabdan kelib chiqib shakllantirilgan.
Davlat rahbari yoshlar yaratgan startaplar bilan yaqindan tanishib, ularning bilim va intellektual salohiyatiga yuqori baho berdi. Samimiy muloqot chog‘ida yigit-qizlar mamlakatimizda startap ekotizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarini bildirdi.

