Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar va ustoz-murabbiylarni Bilimlar kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar, ustoz-murabbiylar va ota-onalarni Bilimlar kuni bilan tabrikladi. Prezident yangi o‘quv yili butun ta’lim tizimida yangi ma’rifiy yuksalish yili bo‘lishini tiladi.
Prezident tabrigida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar natijasida Yangi O‘zbekiston maktablari yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib bormoqda. Maktab, litsey, texnikum va oliygohlarda tahsil olayotgan bilimli, zukko va intiluvchan yoshlar mamlakatning “oltin fondi” ekani qayd etildi.
Davlat rahbari ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilishini bildirdi. Maktabni tamomlayotgan yoshlarning puxta bilim bilan birga kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallashi uchun hududlarda “Kasblar shaharchalari” tashkil etilishi, ularga zamonaviy tajriba va ilg‘or mutaxassislar jalb qilinishi ma’lum qilindi.
“Aziz farzandlarim, sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llaringizda paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir”, deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev yoshlarni yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalar, kasb-hunar, ona tili, tarix va madaniyatni puxta egallashga, jahon tarixi va xorijiy tillarni o‘rganishga chaqirdi. O‘quvchilarga yangi o‘quv yilini a’lo baholar bilan boshlash, choraklarni muvaffaqiyatli yakunlash, sihat-salomatlik, omad va zafar tilandi.

