Shavkat Mirziyoyev 5 mln tonnadan ortiq paxta yetishtirgan dehqon va fermerlarni tabrikladi
Prezident O‘zbekistonda paxta hosildorligi 2,7 baravar oshib, gektaridan 56 sentnerga yetganini ma’lum qildi. Joriy yilda fermerlar paxtachilikdan 13–14 trln so‘m sof foyda olishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 5 mln tonnadan ortiq paxta yetishtirgan dehqon va fermerlarni tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod paxta hosili yetishtirilgani munosabati bilan dehqon va fermerlar, klaster xodimlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga tabrik yo‘lladi.
Prezident joriy yilda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, paxta hosili yog‘ingarchilik boshlanishidan oldin yig‘ib olinganini alohida ta’kidladi.
“Siz, azizlarni Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod yuksak paxta xirmoni bunyod etib, rekord natijaga erishganingiz bilan samimiy muborakbod etaman. Albatta, sizlarning fidokorona mehnatingiz, jasorat va matonatingiz bilan qo‘lga kiritilgan bu tarixiy g‘alaba butun xalqimizning g‘alabasi. Bu — paxtachilik sohasidagi Yangi O‘zbekiston mo‘jizasidir”, deyiladi tabrikda.
Davlat rahbari eslatishicha, sobiq sovet davrida, ayniqsa 1980-yillarda O‘zbekistonda paxta yetishtirish uchun qariyb 2 million gektar yer ajratilgan, o‘rtacha hosildorlik esa 30 sentnerdan oshmagan.
2000-yilda 1,4 million gektar maydonga chigit ekilib, jami 3 million tonna paxta yetishtirilgan. Keyingi yillarda paxta ekiladigan maydonlar 38 foizga qisqartirilgan. Shu bilan birga, o‘qituvchilar, talabalar, o‘quvchilar va budjet tashkilotlari xodimlarini dala ishlariga jalb etishga chek qo‘yilgani qayd etildi.
“O‘tgan davrda paxtachilikda hosildorlik 2,7 karra oshib, 21 sentnerdan 56 sentnerga yetgani shu borada qanday katta yuksalish yo‘lini bosib o‘tganimizni ko‘rsatib turibdi”, dedi prezident.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga suv sarfi 1990-yillarga nisbatan ikki baravar kamaygani ma’lum qilindi. Joriy yilda qariyb 400 ming gektar maydonda o‘rtacha 70 sentner, salkam 70 ming gektarda esa 100–110 sentnergacha hosil olingan.
Mingga yaqin fermer xo‘jaligi va klasterlar gektaridan o‘rtacha 100 sentner yoki undan yuqori hosildorlikka erishgan. To‘rt mingdan ziyod fermer hosildorlikni 60–70 sentnerdan, ulardan 2,5 ming nafari esa 80 sentnerdan oshirgan. Xususan, Paxtakor tumanidagi Anorboy Eshmatov va Jarqo‘rg‘on tumanidagi Ulug‘bek So‘piyev gektaridan 110 sentnerdan paxta yetishtirgan.
Hududlar kesimida Jizzax, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida o‘rtacha hosildorlik 60 sentnerdan oshgan. Qoraqalpog‘istonda esa hosildorlik avvalgi yillarga nisbatan 10–15 sentnerga ko‘payib, 400 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilgan. Eng ko‘p paxta yetishtirgan tuman Koson bo‘lib, bu yerda 110 ming tonnalik hosil olingan. Mirishkorda 105 ming, Kasbida 95 ming, Nishonda 90 ming tonna paxta yig‘ilgan.
Prezidentning ma’lum qilishicha, bu yilgi hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinasi yordamida 30–35 kun ichida yig‘ib olingan. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi 100 foizga yetgan. Paxtachilikda raqamlashtirish, dronlardan foydalanish va yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali sarf-xarajatlar ikki baravar kamaytirilgani ham ta’kidlandi.
“Bu yil fermerlarimiz paxtadan 13–14 trillion so‘m sof foyda olishi kutilmoqda. Shu asosda ular yil bo‘yi qilgan mashaqqatli mehnati evaziga munosib daromad topishi, odamlarimizning hayoti yanada obod va farovon bo‘lishi tabiiydir”, deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda serhosil urug‘lik navlari, agrodronlar, suv va energiya tejovchi texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Ushbu choralar orqali paxtachilikda o‘rtacha hosildorlikni gektaridan 65–70 sentnerga yetkazish maqsad qilingan. Prezident qishloq xo‘jaligidagi strategik yo‘lni amalga oshirishda avvalo agrotarmoqda faoliyat yuritayotgan 3,5 million nafardan ziyod mehnatkashga tayanilishini ta’kidladi.

