«Shaharlar robotlar uchun emas, odamlar uchun loyihalanadi» — Yangi Toshkent bosh dizayneri Hakan Agʻja
«Yangi Toshkent oʻz hayotiga ega boʻlgan toʻlaqonli shaharga aylanishi kerak», — deb hisoblaydi Yangi Toshkent bosh rejasining yetakchi dizayneri Hakan Jeyhon Agja. Tashkent Design Week tadbirida Britan arxitektura byurosi Cross Works asoschisi loyiha jamoasi bunga qanday erishishni rejalashtirayotgani haqida soʻzlab berdi. «Gazeta» sharhi.

«Shaharlar robotlar uchun emas, odamlar uchun loyihalashtiriladi» — Yangi Toshkentning yetakchi dizayneri Hakan Agja
Britaniyaning Cross Works arxitektura-texnologiya byurosi asoschisi va boshqaruvchi direktori, shuningdek, Yangi Toshkentning yetakchi dizayneri Hakan Jeyhan Agja 27 oktyabr kuni Tashkent Design Week tadbirida qurilayotgan loyihaning master-rejasi ishlab chiqilishi haqida soʻzlab berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Yangi Toshkent shunchaki turar joy dahalari va maʼmuriy binolardan iborat hudud emas, balki oʻz hayotiga ega toʻlaqonli shaharga aylanishi kerak.
«Biz bu kabi keng koʻlamli loyihalar ustida ishlaganimizda, (…) shaharlarni robotlar uchun emas, odamlar uchun loyihalashtirayotganimizni yodda tutish juda muhim. Bu biz qilayotgan barcha ishlarning asosida yotadi», — dedi spiker.
Hakan Agja Yangi Toshkent demografik oʻsish fonida poytaxtni rejali kengaytirish vazifasini hal qilishga yordam berish uchun moʻljallanganini tushuntirdi. Uning soʻzlariga koʻra, «keyingi 100 yil ichida Toshkent va Yangi Toshkent aholisi 5−6 million kishigacha koʻpayishi mumkin».
Agar shaharlarni rivojlantirish uchun hududlar oʻz vaqtida ajratilmasa va qurilish rejalari tayyorlanmasa, bu tartibsiz turar joylarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin, dedi spiker. U misol tariqasida Dehlidagi xarobazorlar, Rio-de-Janeyrodagi favelalar va Istanbuldagi gejekondularni — mutasaddilar muammolarini yillar oʻtib hal qilishiga toʻgʻri kelayotgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joy mavzelarini keltirib oʻtdi.
Taqdim etilgan loyihaga koʻra, Yangi Toshkent poytaxtni Chirchiq daryosi ortidagi hudud bilan bogʻlashi va istiqbolda kengayib borayotgan shahar aglomeratsiyasi tarkibiga kirishi kerak. Uning birinchi tumani allaqachon faol qurilish bosqichida.
«Bu dunyodagi eng tez amalga oshirilayotgan qurilish loyihalaridan biri va oʻylaymanki, Oʻzbekistonning barcha aholisi bundan faxrlanishi kerak. Albatta, qurilishning yuqori tezligida sifatni saqlab qalish zarur. Oʻylashimcha, hozirda bu Yangi Toshkent direktsiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir», — dedi arxitektor.
Yangi Toshkent kontseptsiyasini ishlab chiqishda Cross Works jamoasi kanallar tizimini yaratish uchun Qorasuv va Chirchiq oʻrtasidagi suv sathi farqidan foydalandi.
«Qorasuv sathi Chirchiq sathidan biroz yuqori, shuning uchun suv pastga qarab oqadi. Bu ketma-ket kanallarni yaratish va shaharni Markaziy Osiyoning Amsterdami yoki Kopengageniga aylantirish imkonini beradi», — dedi Hakan Agja.
Loyiha transport infrastrukturasini, jumladan, avtomobil yoʻllari, metro va tramvay tarmoqlarini integratsiya qilishni, shuningdek, yashil hududlarni yaratishni nazarda tutadi. Keng prospektlar va turli tipdagi koʻchalar: asosiy, ikkinchi darajali va mahalliy yoʻllar, shuningdek, faqat piyodalar uchun moʻljallangan koʻchalar loyihalashtirilgan.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, hududning qariyb 28 foizini ochiq maydonlar uchun ajratish rejalashtirilgan.
Loyihachilarning fikricha, bu Yangi Toshkentga dunyodagi eng yashil shaharlardan biriga aylanish imkonini beradi.
Loyihalashda iqlim alohida omil boʻldi. Arxitektorlar asosan issiq ob-havoga eʼtibor qaratishlari mumkin boʻlgan mintaqalardan farqli oʻlaroq, Toshkentda ham yozgi yuqori haroratni, ham qishki sovuqni hisobga olish kerak.
«Men Londonda yashayman. U yerda yilning taxminan 11,5 oyida yomgʻir yogʻadi, ikki hafta atrofida esa juda issiq boʻladi. Toshkentda esa sifatli barcha fasllar bor. Bu shaharni ishlash uchun haqiqatan ham qiziqarli joyga aylantiradi», — dedi Agja.
Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya Saudiya Arabistonida ish tajribasiga ega, ammo u yerda sovuq haqida qaygʻurishning hojati yoʻq, chunki loyihalash faqat issiqni hisobga olgan holda olib boriladi.
Agjaning taʼkidlashicha, yangi shaharlarni yaratishda xalqaro tajriba muhim, ammo Yangi Toshkentning meʼmoriy qiyofasini oxir-oqibat mahalliy mutaxassislar shakllantirishi kerak. U Anqara tarixi bilan parallel oʻtkazdi, uning bosh rejasini oʻz vaqtida Germaniyalik arxitektor Herman Yansen ishlab chiqqan, jamoat binolarini loyihalashga esa Yevropadan mutaxassislar jalb qilingan edi.
«Turkiya Respublikasi asoschisi Otaturk 1923 yilda Turkiya poytaxtini Istanbuldan Anqaraga koʻchirishga qaror qilganida, u xalqaro arxitektorlarni jalb qilish va ularning baʼzi gʻoyalaridan foydalanishga qaror qilgan. Mohiyatan, bugungi kunda prezident Mirziyoyev qilgan ish printsipial jihatdan hech narsasi bilan farq qilmaydi. Albatta, ushbu arxitektorlar keyinchalik oʻz uylariga qaytib ketishgan. Ular shaharni qurish uchun qolishmagan», — dedi u.
Hakan Agja Yangi Toshkent borasida Cross Works tajriba ulashish va mahalliy arxitektorlarning keyingi ishlarda ishtirok etishi uchun sharoit yaratish niyatida ekanini taʼkidladi. Kompaniyaning London va Ar-Riyozda ofislari bor, yaqinda esa «binolarni oʻzbekistonliklar loyihalashtirishi uchun» xodimlarni ishga olish maqsadida Toshkentda offis ochdi.
Binolarning meʼmoriy qiyofasini tartibga solish uchun jamoa beshta printsipga asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqdi: miqyos, proportsiyalar, meʼmoriy ifodalilik, ochiqlik va materiallar. Ular aslida barcha binolarning yagona tashqi koʻrinishini belgilab berishi emas, balki mahalliy arxitektorlar va quruvchilar uchun moʻljal boʻlib xizmat qilishi kerak.
Bundan tashqari, loyihachilar raqamli egizakni — hududning holatini aks ettiruvchi va qurilish jarayoniga qarab yangilanib boradigan virtual model yaratdilar. Bunday vosita loyiha yechimlarini master-rejaning amalga oshirilish borishi bilan solishtirish imkonini beradi.
Arxitektor oʻz chiqishining alohida qismini madaniy obʼyektlarning shaharlar rivojidagi oʻrniga bagʻishladi. U Ispaniyaning Bilbao shahridagi Guggenhaym muzeyini misol qilib keltirdi. Agjaning soʻzlariga koʻra, muzey qurilishi ishsizlik va ijtimoiy muammolarga duch kelgan sobiq sanoat shahrini oʻzgartirishda muhim omil boʻldi.
«Oxir-oqibat shahar ruhini aynan madaniyat shakllantiradi», — dedi arxitektor.
Yangi Toshkent uchun meʼmoriy tavsiyalarni ishlab chiqishda jamoa turar joy, tijorat va jamoat binolariga qoʻyiladigan talablarni nazarda tutdi, ammo madaniy obʼyektlar alohida yondashuvni talab qiladi. Ular nafaqat oʻzlarining bevosita funktsiyalarini bajarishi, balki shahar muhitining xarakterini ham shakllantirishi kerak.
Hakan Agja bu borada Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi loyihasini ishlab chiqqan Zaha Hadid Architects arxitektura byurosining hissasini taʼkidlab oʻtdi. U shuningdek, yaponiyalik arxitektor Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan, qurilayotgan Oʻzbekiston Milliy muzeyini ham tilga oldi.
Spikerning fikricha, loyihalash bosqichida madaniy obʼyektlarni nazarda tutish qarori shahar avval turar joy mavzelari bilan qurilib, keyinchalik oʻz identigligini shakllantirish uchun keng koʻlamli yangilanishga ehtiyoj sezishi kabi vaziyatning oldini oladi. Agja Yangi Toshkentda turli yoʻnalishdagi funktsiyalarning uygʻunlashuvi odamlar nafaqat yashashi, ishlashi, oʻqishi, balki qulay hordiq chiqarishi va vaqt oʻtkazishi mumkin boʻlgan toʻlaqonli shahar muhitini yaratishga imkon berishini qoʻshimcha qildi.

