Serjio Gor navbatdagi AQSH davlat kotibi boʻlishi mumkin — OAV
Manbalar Gorning nomzodi Tramp ma’muriyatidagi bir nechta yuqori lavozimga ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. Serjio Gor, Davlat departamenti va Oq uy bu xabarlarga munosabat bildirdi.

Serjio Gor navbatdagi AQSH davlat kotibi bo‘lishi mumkin — OAV
AQSHning Hindistondagi elchisi Serjio Gor yangi davlat kotibi lavozimiga ko‘tarilishi ehtimoli bor.
Nashr yozishicha, Gorning nomzodi AQSH prezidenti Donald Tramp atrofida muhokama qilinmoqda. Respublikachilarning oraliq saylovlardagi mag‘lubiyatidan keyin u bir nechta yuqori lavozimlar uchun ko‘rib chiqilmoqda. Mumkin bo‘lgan variantlar orasida hozir Marko Rubio egallab turgan davlat kotibi lavozimi, Syuzi Uayls o‘rnidagi Oq uy apparati rahbari lavozimi, shuningdek, Kristofer Landau o‘rnidagi davlat kotibi o‘rinbosari lavozimi bor.
“U jamoatchilik oldida ko‘zga ko‘rinarli rol o‘ynamoqchi”, dedi ichki muhokamalardan xabardor amerikalik amaldor.
Davlat departamenti va respublikachi doiralardagi ayrimlar Marko Rubio 2028 yoki 2032-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ma’muriyatni tark etishi mumkin, deb hisoblaydi. Syuzi Uaylsning prezident atrofidagi mavqeyi ham beqaror deb baholangan. Serjio Gorning o‘zi esa yangi lavozimga ko‘z tikayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.
“Bu mutlaqo safsata. Marko Rubio tarixdagi eng malakali, yetuk va buyuk davlat kotibi ekanini isbotladi. Uning o‘rnini hech kim bosolmaydi. U AQSHning Hindistondagi elchisi sifatida birga ishlash sharafiga muyassar bo‘lgan qadrdon do‘stimdir. Hech qanday lavozimga qiziqmayman”, dedi u.
Davlat departamenti ham Gornning lavozimi oshishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Marko Rubioning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Dilan Jonson bu xabarni “anonim manbalarga asoslangan uydirma” deb atadi. Oq uy vakili esa Gor boshqa lavozimga qiziqmayotganini, Rubio va Uayls esa “o‘z ishlarini a’lo darajada bajarayotgani”ni aytdi.
Serjio Gor ilgari Oq uyning kadrlar siyosati boshqarmasiga rahbarlik qilgan, u yerda minglab davlat lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tekshirish uchun mas’ul bo‘lgan. U, shuningdek, 2024-yilgi saylovlarda Tramp shtabida va qariyb o‘n yil davomida Kapitoliy tepaligida ishlagan.
2025-yil noyabrida u AQSHning Hindistondagi elchisi etib tayinlangan. Shu bilan birga, u AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
Tramp bilan bevosita aloqa o‘rnatish imkoniga ega bo‘lgani sababli Gor xorijiy davlatlar vakillari bilan, jumladan, Hindistondan tashqarida ham muzokaralarda qatnashadi.
“Prezident uni yaxshi ko‘radi. U Tramp hokimiyatdan chetda qolgan yillarda undan biror narsa so‘rash o‘rniga, unga foydali bitimlar keltirgan yagona shaxs boʻlgan”, dedi Tramp maslahatchilaridan biri.
Avvalroq Marko Rubio uning prezident bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qila olishini Davlat departamenti va mezbon mamlakat uchun “ulkan ustunlik” deb atagan edi. The Washington Sun’ning yozishicha, Gor Senat tasdig‘ini talab qiladigan Vazirlar mahkamasi lavozimiga tayinlanishi mumkinmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. U AQSHning Hindistondagi elchisi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqilganida Senatdagi barcha demokratlar uning tayinlanishiga qarshi ovoz bergan.
Ma’lumot uchun, AQSHda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda demokratlar Kongressning har ikki palatasida nazoratni qo‘lga kiritdi. AQSH prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens respublikachilar mag‘lubiyatini Eron urushi bilan bog‘ladi.

