Serbiyadagi telekanal yillar davomida sukut saqlagani uçun uzr söradi
Yangiliklar dasturi boşlovçisi sobiq prezident Aleksandr Vuçiç davrida muammolarga köz yumilgani va voqealar bir tomonlama yoritilganiga iqror bölgan.

Serbiyadagi telekanal yillar davomida sukut saqlagani uchun uzr so‘radi
Serbiyadagi Voyevodina teleradiokompaniyasi (RTV) bir kun oldingi kechki dasturda «Talabalar ro‘yxati»ning parlament saylovidagi g‘alabani nishonlashi aks etgan kadrlar namoyish etilmagani uchun jonli efirda tomoshabinlardan uzr so‘radi.
Dnevnik yangiliklar dasturining 26-oktabr kuni kechqurun efirga berilgan soni avvalida boshlovchi Goran Eror telekanal ko‘p yillar mobaynida o‘z funksiyalarini bajarmay kelganini tan olgan.
«Muammolar haqida sukut saqlandi, ko‘p narsaga ko‘z yumildi, voqealar biryoqlama yoritildi, tanqidiy reportajlar e’lon qilinmadi. Kerakli savollar berilmadi yoki umuman savol berilmadi. Buning uchun biz tomoshabinlardan uzr so‘rashimiz lozim», – dedi boshlovchi.
Yangiliklar Novi-Sad va Serbiyaning boshqa shaharlaridagi g‘alabani nishonlash kadrlari bilan boshlandi. Vreme nashri yozishicha, RTV telekanali rahbariyati bir kun oldin xodimlarning e’tirozlariga qaramay, ko‘chalardagi bayramona kayfiyat aks etgan kadrlarini namoyish etmaslikka qaror qilgandi.
Boshlovchining qayd etishicha, telekanalning ayrim xodimlari jurnalistlar va muharrirlar erkin ishlashi hamda etika prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash uchun kurashishgan:
«Afsuski, bunga o‘z vaqtida erisha olmadik. Ammo biz bu kurashni davom ettirish kerak deb hisoblaymiz».
Shu kuniyoq telekanalning Birinchi televizion dasturi bosh muharriri Nenad Çaçiç iste’foga chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Jurnalistlar va «Mustaqillik» kasaba uyushmasi vakillarining RTV telekanali bosh direktori Goran Karadjiç bilan muzokaralaridan keyin bu lavozimga Blajo Popovich tayinlangan. Sobiq bosh muharrir iste’fosi kasaba uyushmasining talablaridan biri edi. Ular bir yil oldin ham RTV kasbiy mustaqilligini yo‘qotgani va voqealarni hukumat manfaatlari yo‘lida yoritayotganini ta’kidlab, uning iste’fosini talab qilishgandi.
25-oktabr kuni Serbiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning sobiq prezidenti Aleksandr Vuçiç ham ishtirok etdi – u sentabr oyi boshida bo‘lajak saylovlarda g‘alaba qozonib, bosh vazir sifatida hokimiyatga qaytishni ko‘zlagan holda prezidentlikdan ketgandi. Ammo saylov natijalariga ko‘ra, uning boshchiligidagi Serbiya taraqqiyot partiyasi 2024-yil boshlangan norozilik namoyishlari davomida yuzaga kelgan «Talabalar ro‘yxati» nomli harakatga mag‘lub bo‘ldi.

