Sentabrda ob-havo qanday bo‘ladi?
O‘zgidrometga ko‘ra, bu yilgi sentabrda ob-havo nisbatan quruq va biroz iliq bo‘lib, harorat iqlimiy me’yorga yaqin bo‘ladi. Oy boshida kunduzi +30…+37, janubda +40 darajagacha isishi kutilmoqda. Keyinchalik kechalari +10…+15, kunduzlari +25…+30 daraja atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘ladi.

**Sentabr oyida O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘ladi?**
O‘zgidrometning ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyi nisbatan quruq va iliq kechishi kutilmoqda, harorat iqlimiy me’yorga yaqin bo‘ladi.
**Oyning birinchi o‘n kunligi:**
Dastlabki o‘n kunlikda havo asosan kam bulutli bo‘lib, qulay harorat fonida quruq ob-havo hukm suradi. Kechasi va erta tongda havo harorati +15…+20 daraja atrofida bo‘lib, yoqimli salqinlik seziladi. Kunduz kunlari esa quyosh nurlari ta’sirida havo +30…+35 darajagacha, ayrim kunlarda hatto +37 darajagacha isishi mumkin. Respublikaning janubiy hududlarida eng issiq kunlarda havo harorati +38…+40 darajagacha ko‘tarilishi ehtimoli bor.
**Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklari:**
Bu davrda nisbatan barqaror harorat foni shakllanishi kutilmoqda. Kechalari havo harorati asosan +10…+15 daraja, kunduz kunlari esa +25…+30 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, ayrim qisqa muddatlarda havo haroratining ham ko‘tarilishi, ham pasayishi kuzatilishi mumkin.
**Yog‘ingarchilik:**
Sentabr davomida 1-3 kun davomida biroz jadallikdagi yomg‘irlar yog‘ishi ehtimoli bor. Respublikaning janubiy hududlarida sentabrda yomg‘ir yog‘ish ehtimoli juda kam.
Respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi, Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida me’yor atrofida kuzatilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa yog‘ingarchilik miqdori me’yordan ko‘p yoki me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
**"Baxmal mavsum":**
O‘zbekistonda sentabr ob-havo sharoiti ko‘pincha yumshoq harorat fonida bo‘lishi bilan ajralib turadi va ayrim jihatlari bilan yoz fasliga xos xususiyatlarni saqlab qoladi. Ertalabki tetiklantiruvchi salqinlik, iliq, ammo haddan tashqari issiq bo‘lmagan kunlar sentabrdagi ob-havo sharoitlarini mamlakat aholisi va mehmonlari uchun ayniqsa qulay qiladi. Sinoptiklarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sentabr oyini "baxmal mavsum" deb atashadi.
**Tarixiy ma’lumotlar:**
Ko‘p yillik meteorologik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim yillarda sentabr oyining eng oxirlarida havoda ilk sovuqlar qayd etilgan. Biroq XXI asrda bunday holatlar kuzatilmagan.
So‘nggi 50 yil ichidagi eng sovuq (me’yordan 2-3,5 daraja past) sentabr oylari 1992 va 1994-yillarda qayd etilgan. Eng iliq sentabr oylari esa (me’yordan 1,5-3,5 daraja yuqori) 2013, 2016, 2021, 2022 va 2025-yillarda kuzatilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, mazkur holat ushbu asrda kuzatilayotgan global isish tendensiyasiga mos keladi.
O‘zbekistonda sentabr – yilning eng quruq oylaridan biri. Iqlimiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu oyda yog‘ingarchilik miqdori iyul va avgust oylariga nisbatan biroz ko‘proq bo‘lib, tekislik hududlarda 1-5 mm ni, tog‘larga yaqin hududlarda esa 6-10 mm ni tashkil etadi. Ayrim tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 15-30 mm gacha yetishi mumkin.
Sentabr oyida yomg‘irlar kam yog‘adi – odatda, oy davomida 1 martadan 4 martagacha yomg‘ir kuzatiladi. Ayrim yillarda O‘zbekiston hududining katta qismida yoki butun respublika bo‘yicha sentabr oyida umuman yomg‘ir yog‘magan yoki oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yorning 10 foizidan oshmagan holatlar ham kuzatilgan.
Shu bilan birga, meteorologik kuzatuvlar tarixida ayrim hududlarda bir oy davomida atigi 1-2 marta yog‘gan yomg‘ir hisobiga yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan sezilarli darajada oshgan, ayrim hollarda esa me’yoridan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan holatlar ham qayd etilgan.

