“Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” Mikrobiolog Dilfuza Egamberdiyeva tavsiyalari
Gazeta`ning 'Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…' loyihasida navbatdagi mehmon — mikrobiolog Dilfuza Egamberdiyeva. UNESCO-Karlos Finley mukofoti sohibasi o‘z yoshligi, Yevropa universitetlaridagi o‘qish va ilmiy faoliyati davomida orttirgan hayotiy qadriyatlari haqida so‘zlab, yoshlarga tavsiyalar berdi.

**"Sening yoshliging menda bo‘lsaydi..." Mikrobiolog Dilfuza Egamberdiyevaning tavsiyalari**
"Sening yoshliging menda bo‘lsaydi..." loyihasi doirasida jamiyatda hurmatga sazovor shaxslar o‘z yoshlik davrlarini eslab, bugungi kun nuqtai nazaridan yoshlarga maslahatlar beradi. Navbatdagi mehmon – mikrobiolog Dilfuza Egamberdiyeva.
**Dilfuza Egamberdiyeva haqida:**
* 1971-yilda Toshkentda tug‘ilgan.
* O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetini tamomlagan.
* Berlindagi Gumboldt universitetining qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik fakultetida fan doktori ilmiy darajasini olgan.
* Helsinki, Manchester, Leyden, Florensiya universitetlari hamda Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi markazida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
* 2023-yilda o‘simlik va mikrobiomlarning o‘zaro ta’siri, o‘simliklarning stressga chidamliligi, tuproq biologiyasi va mikroblar xilma-xilligi sohasidagi tadqiqotlari uchun UNESCO-Carlos Finley mukofoti bilan taqdirlangan.
* O‘sha yili 30 yillik xorijdagi faoliyatidan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan.
* Hozirda O‘zMU qoshidagi oziq-ovqat sifati va xavfsizligi laboratoriyasi mudiri, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi xalqaro ilmiy markaz direktorining o‘rinbosari lavozimlarida ishlamoqda.
**Yoshlik davri va mustaqillik yillari:**
Loyiha savollarini o‘qiganida 30 yil orqaga qaytganini aytgan Dilfuza Egamberdiyeva, o‘sha xotiralarni tiklash oson bo‘lmaganini, ammo ularning unutilmaganidan xursandligini bildirdi. U o‘zini Sovet davri yoshlari qatoriga kiritib, o‘sha paytda juda xursand va beg‘ubor bolalar bo‘lganliklarini ta’kidladi. 1988-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirgan, 1991-yilda esa O‘zbekiston mustaqillikka erishgan. Keyingi yillar juda og‘ir kechganini eslab, o‘zining birinchi jumlasi "beg‘ubor bolalik va tor dunyoqarash" bo‘lishini aytdi, chunki ular dunyoni anglamay, kunlik hayot bilan yashaganlar.
Katta Sovet davlatining qulashi, mustaqillik yillarida O‘zbekistonning tiklanishi, muxolif partiyalar, talabalar shaharchasidagi qo‘zg‘olonlar, qarama-qarshiliklar va muammolar ularning qalbida katta qo‘rquv uyg‘otgan. Tafakkurlari bo‘g‘ilganini, bir qadam orqaga tashlab qolganliklarini his qilganlar. Ko‘proq oilalariga yordam berishga majbur bo‘lganlar. Kunlari tirbandlikda yoki un olish uchun uzun navbatlarda o‘tgan, pul bo‘lmagan, kuponda yashaganlar.
O‘qishning ilk yillarida ularga kuchli fan doktorlari va akademiklar dars bergan. Ammo mustaqillikdan keyin ilm-fan ham tanazzulga yuz tutgan. Ko‘plab olimlar oilasini boqish uchun bozorlarga chiqqan yoki boshqa ishlarga tarqalib ketgan. Maoshlar kam bo‘lgan. Shuning uchun ikkinchi jumlani "kundalik hayot va yashash uchun kurash davri" deb atash mumkinligini bildirdi.
Juda mavhum davrda, tuman ichida yashagandek bo‘lganlar. Kelajaklarini bilmaganlar. Mustaqil bo‘lganlaridan keyin "nima bo‘ladi, qanaqa bo‘ladi, davlat qanaqa rivojlanadi, qayerda ishlaymiz" degan savollar ularni qiynagan. Garchi Ilmiy-tadqiqot institutida ishini davom ettirgan bo‘lsa-da, ilm qilayotganining sababini tushunmagan. Kelib-ketgan. Shuning uchun uchinchi jumlani "ko‘rinmas kelajak" deb atagan.
**Xorijdagi hayot va orzular:**
10 yil Germaniyada, 15 yil Finlyandiyada, shuningdek, Angliya, AQSh va Xitoyda yashaganini aytgan olima, dunyoqarashi va tafakkuri shakllangan yoshlik davrlari xorijda o‘tganini ta’kidladi. Shu sababli uning xulosalari yoshligi O‘zbekistonda o‘tganlardan farq qilishi mumkin. Mustaqillik yillari og‘ir bo‘lsa-da, baribir mustaqil bo‘lganlar. Xorijdagi davlatlarda elchixonalar ochila boshlagan. Birinchi xorijga ketgan o‘zbek yoshlari, "qaldirg‘ochlari" ular bo‘lgan. O‘shanda aspiranturada o‘qish uchun Germaniyaga ketgan.
"Nimani maqsad qilsangiz, hayot sizni o‘shanga yo‘naltirarkan," deydi Dilfuza Egamberdiyeva. U juda oddiy oilada tug‘ilgan. Toshkentning Ko‘kcha mahallasida tug‘ilib, Chilonzordagi maktabda o‘qigan. Besh farzand bo‘lganlar. Ko‘p kitob o‘qiganligi sababli unga hamma "akademik" deb laqab qo‘ygan. Maktabda "Men dunyoga mashhur bo‘laman, akademik bo‘lib, dunyoga chiqaman!" desa, hamma kulgan: "Qanaqa qilib ketasan? Orqangda hech kiming yo‘q" deb. O‘sha paytda tanish-bilishchilik bor bo‘lgan. Qolaversa, chet elga ketish deyarli imkonsiz bo‘lgan, chunki qayerga borilsa ham, Moskva orqali ketilgan.
Keyinchalik Ilmiy-tadqiqot institutida ishlaganida kimdir Angliyaga bir oyga borib kelgani, yana falonchi Amerikaga ketgani haqida eshitganida havas qilgan. Laboratoriya mudiriga "Voy, men ham bir kuni qayergadir, Germaniyagami, Angliyagami borsam degan orzularim bor" desa, u: "E, tuya hammomni orzu qilibdi. Sizga yo‘l bo‘lsin. Bularning otasi yoki quda tomon kimligini bilasizmi? Siz borib, laboratoriyada idishingizni yuving" degan paytlar ham bo‘lgan. O‘shanda yig‘lab borib, suv tagida turgan idishlarni yuvgan.
"Puli bo‘lmasa, tanish-bilishi bo‘lmasa, chetda o‘qishi qiyin degan qarashlar davri allaqachon o‘tib ketdi. Hatto o‘sha paytda, o‘shanday vaziyatda, mana, biz keta oldik-ku. Hammasi niyating, maqsading va intilishingga bog‘liq ekan. Allohdan nima so‘rasangiz, shunaqa berar ekanki, ko‘zingizga ishonmay qolarkansiz," deydi olima.
Bir kuni unga xat kelgan, ochsa, Germaniya elchixonasiga chaqirishgan. Borsalar, aspiranturaga kirgani haqida yozilgan xatni berishgan. Xursand bo‘lib, yomg‘irning tagida qolib, uyga kelib, "Oyi, dada, qarang, men Germaniyaga ketyapman!" desa, ular: "Yaxshi uxlaganmisan kechqurun? Qanaqasiga? Puling yo‘q, chet el, samolyot," deyishgan. Hech kim ishonmagan. Keyin shu sabablar va qiz bola ekanligi uchun ham ketishiga qarshi bo‘lishgan.
Oldida ikkita yo‘l turgan – yo qolish, yo ketish. Qolishni istamagan, lekin ketsa ham, mavhumlik. Germaniya qanaqa joyligini ham bilmagan. Sovet davrida Germaniyaga dushman sifatida qaralib, televizorlardan ham ko‘rsatishmagan. Lekin katta tavakkal qilib, Germaniya stipendiyasi bilan ketgan va haligacha to‘g‘ri qilgan ekanman, deydi.
Bir nemis ayol uni kutib olib, o‘zining qizidek ko‘rib, asrab-avaylab, hayotni o‘rgatgan. Til bilmaganlar, bir-birlarini tushunmaganlar, lekin insoniylik hammasidan ustun kelgan. Keyinchalik o‘zbek yoshlariga ham nemis tilini o‘rgatishni boshlashgan. O‘qishi tugaganda o‘sha ayol O‘zbekistonga ketishini xohlamagan.
"Sening vataning Turkistondan bir qiz Berlinga kelib, tibbiyot, biologiyani o‘rgangan, ilm qilish uchun qattiq harakat qilgan. Lekin vataniga qaytganda bosimlarga uchrab, qatl qilingan. Mening xavotirim – vataning endi mustaqil bo‘ldi, bunday paytda ziyolilarga katta bosim bo‘ladi. Qara, o‘sha yerdaligingda senga shunchalik yomonliklar bo‘libdi, endi O‘zbekistonga buyuk olim bo‘lib bor. Hozir borsang, yana jiddiy qabul qilishmaydi. O‘zbekiston ozgina rivojlansin, sen bilimingni oshir," deb, ilmni davom ettirishi uchun Germaniyada olib qolgan.
Sovet davrida O‘zbekiston tarixini yaxshi bilmagan, faqat ko‘rsatishganini haqiqat deb bilgan yoshlar bo‘lganlar. Nimaga o‘qishga borgan qizni qatl qilishgan ekan deb, hayron qolgan. Oradan yillar o‘tib, jadidlar haqida o‘qib, buning sababini tushungan va o‘sha turkistonlik qiz Xayriniso Majidxonova ekanini bilgan.
Maktab davri, universitet yillarida asosan do‘stlari, dugonalari bilan birga vaqt o‘tkazganlar. Universitetlarda tanish-bilishchilik kam bo‘lganidanmi, chin dildan o‘qiganlar. Qancha yaxshi o‘qisalar, stipendiyalari shuncha ko‘p bo‘lgan. Kim ko‘p kitob o‘qishiga musobaqalar qilganlar.
"Biz internet bo‘lmagan davrlarda asosan kitob bilan yashagan yoshlarmiz. Balki shuning uchun ham bizning davrimizda sadoqat, bir-biriga hurmat, ota-ona va ustozlarni qadrlash degan narsalar yuqori bo‘lgandir. Mansabga intilish, manfaatni ko‘zlash, maishiy yoki moddiy narsalar, kiyim-kechak, buyum kabi materialistik hayotga intilmaganmiz," deydi Dilfuza Egamberdiyeva.
Hozirgi yoshlarga qarab, ularning juda ko‘p vaqtlari ijtimoiy tarmoqlarda behuda ketayotganini ta’kidladi.
"Yoshlarga barcha imkoniyatni yaratib beramiz, paxta dalalariga chiqishmaydi deyishadi. Agar solishtiradigan bo‘lsak, biz ikki-uch oy paxtaga chiqqanmiz, charchab kelib, sham bilan kitoblarimizni ham o‘qirdik. Men va bir qancha o‘zbek olimlari dunyoga tanilgan bo‘lsak, sharoiti yo‘q, mehnat qattiq davrlarda o‘qiganmiz. 'Yoshlarga hamma sharoitni yaratib berdik, ular ko‘cha supurishmaydi, paxtaga chiqishmaydi' deyish bilan ularning ilm-fan olishi yoki ilmli bo‘lishiga sharoit yaratib berayotgan inson bo‘lib qolmaysiz. Ilm olish – mehnatda, tashqi sharoitda emas, o‘zimizning ichimizda, ichki intilishimizda deb o‘ylayman. Yoshlarimiz ota-onasi, internet, davlat berayotgan imkoniyatlarni chuqur ilmga yo‘naltirishsa, ishonamanki, bu yurtdan Nobel mukofoti sohiblari chiqadi," deydi olima.
Germaniyada katta ilmiy-tadqiqot institutida ishlaganida "Bilasizmi, Dilfuza, bizda 39 ta Nobel mukofoti chiqqan" deyishsa, kulib qo‘ya qolgan. "Ilmning ildizi mana shu yerlarda, mana shu yurtda, bizning ota-bobolarimizda bo‘lgan. Hammamizga ularning ilm-fan geni o‘tgan. Sizda ham, menda ham bu gen bor. Lekin buni namoyon qilish uchun faktorlar kerak. O‘sha genlarni uyg‘otib, undan foydalansak, judayam katta kashfiyotlar chiqishiga ishonaman," deya ta’kidladi.
**Ilmning ahamiyati va tabiat qonunlari:**
Hozirgi davrda dunyo o‘zgarganini, global muammolar va ko‘plab urushlar bo‘layotganini qayd etdi. O‘zbekistonning o‘zida juda issiq, yog‘ingarchilik tanqisligi kuzatilmoqda. Bunday sharoitda dunyoni ilmsiz asrab qolib bo‘lmaydi.
Balki eng yaxshi davrlarda iqtisodchi, dizayner bo‘laman deyish normal holat bo‘lishi mumkin edi. Ularning davrida ham tibbiyot, yuridik va iqtisodiyot universitetlari urfda bo‘lgan. Germaniyaga borganidan bir qancha vaqt o‘tib, "Men ilmdan zerikdim, biznes boshlayman, o‘zim uchun yaxshi sharoitlar qilaman, gul o‘stiraman," deb qolgan.
Unga ta’lim bergan professor Gizela Hyoflix (Gisela Höflich) "Dilfuza, sen qiziqayotgan narsalar yaxshi, lekin 30−40 yildan keyin iqlim o‘zgaradi, suvlar kamayadi, yeyishga ovqat ham bo‘lmay, ocharchilik, kasalliklar ko‘paya boshlaydi, daraxtlar kesiladi, toza havo bo‘lmaydi. O‘shanda qishloq xo‘jaligiga juda kuchli talab bo‘ladi. Shuning uchun tabiiy fanlarni o‘qi, ilm qil," degan.
Professor so‘zida davom etarkan: "Mana, tug‘ilding. Maqsad faqat qayerdadir yaxshi oylik olib, qulay hayotda yashab ketish emas-ku. Maqsad, hayotning mazmuni – sen jamiyatning rivojlanishiga hissa qo‘shishing. Bu har qanday hissa bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmasa, bitta daraxt ekib bo‘lsa ham, axir tabiat Allohdan-ku. Bu dunyodan ketayotganda 'Sen nima qilding?' deb so‘rashsa, 'Men yaxshi yedim, yaxshi ichdim, yaxshi mashinalarda yurdim, yaxshi kiyindim' emas, 'Men jamiyatga, dunyoga mana shunday ishlar qildim, mana shuncha insonni asrab qoldim, vaksina yaratib, millionlab odamni saqlab qoldim, ekologik toza mahsulot qildim, havoni tozalaydigan narsa yaratdim, men bu dunyodan ketaman, lekin mana shu yaratgan narsam qancha-qancha avlodga yordam berishi mumkin' degan gapni ayta olishi kerak," degan.
Professorning gaplaridan ta’sirlanib, o‘zining sohasi, biotexnologiyada davom etib, ekologik toza mahsulotlar, oziq-ovqat sifati bo‘yicha ishlashga qaror qilgan. Oradan 20−30 yil o‘tib, o‘sha nemis ayol aytganlarining hammasi – harorat, ekologiya muammolari o‘rtaga chiqqanini, iqtisodiyot deb Orol dengizini quritganliklarini ta’kidladi.
Qonunlar ikki xil bo‘ladi: tabiat qonuni va jamiyat qonuni. Jamiyat qonunini buzsangiz, jarima to‘laysiz, uzr so‘raysiz yoki boshqa bir jazo olasiz. Alloh yaratgan tabiat qonunini buzsangiz, hech qanaqasiga undan qutula olmaysiz. Uning jazosi juda og‘ir bo‘ladi. Daraxt kesib, dengiz quritib, qanaqa ahvolga tushganliklarini eslatdi.
Lekin yana bir narsani aytib o‘tish kerak. Ilm – ilohiy narsa. Inson hech qachon "olim bo‘laman" deb tanlay olmaydi. Ilm ham, bilim ham Allohdan. Ilm insonni tanlaydi. Ko‘pchilik ilm qiladi, harakat qiladi, lekin bu u olim bo‘lsin degani emas. Har bir kishining o‘z nasibasi bor.
Universitetni bitirdi, mana, haydovchi, novvoy bo‘lib yuribdi deb, birovni ta’na qiladiganlar ham yo‘q emas. Universitet yaxshi joyda ishlashni ta’minlovchi joy emas. Kimdir o‘qib, boshqa ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, bu uning taqdiriga yozilgan kasbi. Undan inson qochib keta olmaydi.
Agar hamma o‘zi xohlagan narsasini tanlaganda, bu dunyoda hayot bo‘lmasdi. Shuning uchun asosiysi kim bo‘lishda emas, shug‘ullanayotgan kasbi orqali nima qilishi va bu dunyoda qanday yashab o‘tib ketishda. Masalan, hayotimizni farroshsiz tasavvur qilolmaymiz. O‘sha farroshning ham, olimning ham, eng katta milliarderning ham jamiyat uchun mehnati bir xil. Umri oxirida "Men insonlar turgan joyda tozalik qildim" deya oladi. Bu ham bir ibodat-ku.
Shuning uchun ilm olishni olim, akademik bo‘lish emas, bir sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lish deb tushunishlarini xohlardi. Masalan, eng yaxshi zargar ham, yangi retseptdagi nonlar pishiruvchi nonvoy ham negizida ilmga tayanadi.
**Qadriyatlar:**
**Birinchi qadriyat – samimiylik.** Hozir vazirlikda ishlaydi, 60 dan ortiq davlatda bo‘lgan. BMT, UNESCO kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Lekin talabasi bilan do‘st-dugonadek gaplashadi, qadrlaydi, hamkasblarini hurmat qiladi. Bu qadriyat bolaligida singgan bo‘lishi mumkin, ehtimol, Yevropadan.
Finlyandiyada prezidentlar ko‘chada yuradi, bosh vazirlar velosipedda, vazirlari supermarketda xarid uchun navbatda turadi, Germaniyada ham vazirlar oddiy, universitet prezidentlari talabalari bilan bemalol o‘tirib ovqatlanadi. Germaniya Fanlar akademiyasi markazining prezidenti ular bilan o‘tirib sho‘rva ichgan, sumkalarini ko‘tarishda yordam bergan. Mansab insoniylikdan yuqori emasligini ko‘raverib, shu qadriyat haligacha hamrohi bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.
**Ikkinchi qadriyat – hurmat va sadoqat.** Yaxshilik qilgan yoki yaxshi gapirgan insonni bir umr qadrlaydi. Bugungi Dilfuzaning shakllanishida ustozining behisob hissasi bor. Shuning uchun doim duo qilib yuradi, farzandlaridan ham ustozini duo qilishlarini so‘raydi. Yeyotgan har bir nonida ustozining mehnati bor. Lekin hozir ustoziga tosh otgan, tuhmat qilgan shogirdlarni ko‘rib, ranjiydi.
30 yildan keyin vatanga qaytganida juda hayratda qolgan. O‘zbekiston, maktablar, universitetlar, ayollar – hamma narsa rivojlanibdi, lekin ular ko‘proq insoniylikni yo‘qotibdilar degan xayolga kelgan. Qaytgach, samimiylik, oqibat, yoshlarning ustozi, ota-onasiga bo‘lgan hurmat, bir-biriga sof-samimiy muhabbatini ko‘rmagan. Texnologiya rivojlanibdi, hamma imkoniyatlar berilibdi, lekin ular nimanidir unutibdilar degan his o‘tgan.
Hammasi maktablardagi ta’lim va tarbiyaga borib taqaladi. So‘zlay turib, bir voqea esimga tushdi. Finlyandiyaga o‘g‘lini maktabga olib borganida "Siz qaysi dindansiz?" deb so‘rashgan. "Biz hamma din, millatni hurmat qilamiz, maktabga boraversin" desa, "Yo‘q, siz, qaysi dindansiz?" deb yana bir bor so‘ragan. "Islom dinidamiz, musulmonmiz" desa, "Yaxshi, unda ikkita farzandingiz uchun islom dinini o‘rgatadigan o‘qituvchi aytamiz" deyishgan. Hayron bo‘lib, "Men uyda ham o‘rgataman, bu muhim emas" desa, "Yo‘q, agar bola dinni bilmasa, insoniylikni qayerdan o‘rganadi? Bola o‘zining dinidan yaxshilikni, sevgini, muhabbatni, odamlar va tabiatni qadrlashni o‘rganadi" deyishgan.
Demak, maktablarimizda o‘rgatiladigan birinchi qadriyat – insoniylik bo‘lishi kerak. "Biz hamma imkoniyatni berib, yoshlarimizning tarbiyasini chetda qoldirdikmi deyman. Bir-birini hurmat qilish, yaxshi narsa nima, yomon narsa nima, gunoh nima, halol nima, do‘stlik nima, ustoz nimaligini o‘rgatishimiz kerakmikan?!" deya savol berdi.
Yoshligidan qolgan uchinchi qadriyat esa atrofimizdagi insonlarga adolat. "Bu jamiyatda, dunyoda adolat yo‘q, faqat Allohdan adolat deyishadi. Men tushunaman, adolat qidirmayman, hech kim Yaratgandek adolat qilolmasligini bilaman, lekin o‘sha adolatga intilishga harakat qilaman," deydi u.
Ular bir akademikni hurmatsizlik qilishgan. Odatda kimgadir adolatsizlik qilinsa, ko‘pchilik o‘zini ehtiyotlash uchun chetda turadi. Shunaqa vaziyatda u o‘sha odamga "Nima uchun butun institutni ko‘targan, mehnat qilgan, umrini ketkazgan bir olimga adolatsizlik qilyapsiz?" degan. "Yonimdagilar nimaga unaqa deysiz, endi rahbariyat sizni yomon ko‘rib qoladi" deyishgan. "Mayli, yomon ko‘rsin. Men sizga bitta narsa aytib beraman," degan.
Rivoyat qilishlaricha, bir inson vafot etganda Alloh taolo "Men kasal edim, sen hech qachon meni ziyorat qilmading" degan ekan. "Butun dunyoni yaratgan Alloh kasal ham bo‘lishi mumkinmi?" desa, "Yo‘q. Esingdami kasalxonada yotgan bir odamdan xabar olmaganding, senga yaqin edi. Men o‘sha kasal, mazlum, dard chekayotgan insonning oldida bo‘lganman. Agar o‘shani ziyorat qilganingda, mening oldimga kelgan bo‘larding" degan ekan.
Bir kun bu dunyodan ketsa, Alloh "Menga adolatsizlik qilding" desa, "Qanaqasiga Allohga adolatsizlik qildim?" deganida, "Falonchiga adolatsizlik qilinayotganda jim turding" deyishidan qo‘rqadi. Xudoning oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini xohlaydi. Shuning uchun qayerdaki adolatsizlik ko‘rsa, unga zarar bo‘lishini bilsa ham, albatta, haqiqatni aytadi.
"Siz O‘zbekistonga keldingiz, bu Yevropa emas, siz tizimni o‘zgartira olmaysiz" deyishadi. Ilm-fan tizimini o‘zgartira olmasligini, oliy ta’lim sohalari, ilmdagi talon-torojliklar, adolatsizliklarni yo‘q qila olmasligini biladi. "Eshitganmisiz, dengiz toshayotganda chumolilar hammasi qumdan to‘g‘on yasashni boshlaydi. Qush uchib kelib, 'Ey, ahmoq chumoli, bu to‘g‘oningni dengizning bir tomchisi yo‘q qilib yuboradi-ku' desa, 'Bu qurayotganim dengiz toshishini ushlab qoladi deb kim aytdi? Harakat qilayotganimni Alloh ko‘rib turibdi-ku, o‘sha narsa bizga yetadi' degan ekan," deya hikoya qildi.
Qaysi tashkilotda adolatsizlik bo‘lsa, u rivojlanmaydi. Adolatsizlik bo‘lgan joyda na xotirjamlik, na do‘stlik, na hamkorlik bo‘ladi. Adolat – or-nomus demak.
**Sog‘lom turmush tarzi:**
Yuqorida aytganidek, ular yo‘qchilik davrida yashaganlar. Sog‘lom ovqatlanish haqida o‘ylab o‘tirmaganlar. Bor narsalarini yeganlar. To‘g‘ri kun tartibi ham bo‘lmagan. Ota-onalariga, oilalariga yordam berish uchun o‘qishdan chiqib, ishlaganlar, kech soat o‘n ikkilarda uyga kelib, yana saharlab, darsga ketganlar. O‘sha paytlarda sog‘lom ovqatlanish, kun tartibi, uyqu degan masalalardan yashab qolish uchun non topish, oilani saqlab qolish degan tushunchalar ustun bo‘lgan.
Hozir bu masala markazga ko‘tarilgan. Hatto maxsus kurslar ham bor. Lekin uning nazarida, agar jamiyatda tartib va sog‘lom ovqatlanish bo‘lmasa, siz ham undan ayro bo‘lolmaysiz. Finlyandiyada atrofidagi barcha do‘konlar, ovqatlanish joylari, maktablarda bolalar uchun faqatgina sog‘lom ovqatlar, suvda qaynatilgan sabzavotlar, shakarsiz mahsulotlar bo‘lgan. Nosog‘lom ovqatni xohlasangiz ham topolmasdingiz.
"Siz bolalaringizda to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgatganingiz bilan atrofida sotilayotgan narsalar nosog‘lom bo‘lsa, ko‘zi ko‘radi, burni hidini sezib, olib yeyaveradi. Avvalambor, biz do‘konlarimiz, ayniqsa, bog‘cha va maktabdagi do‘konlarning mahsulotlarini batamom o‘zgartirishimiz kerak. Nosog‘lom ovqatlar va ichimliklarni bir muddat ichmasangiz, keyin o‘zingizda iste’mol qilish xohishi so‘nib boradi. Biz hozir oilamizda sabzavotlar va dukkakli mahsulotlarni ko‘p tanovul qilamiz. Vegeterianmiz demaymanu, lekin go‘sht ham iste’mol qilmaymiz," deydi olima.
Nemislar vaqt va tartibga nisbatan juda talabchan ekanligini eslatdi. Bir marta laboratoriyaga bir necha daqiqaga kechikkani uchun dakki eshitganidan keyin boshqa kechikmaydigan bo‘lgan. O‘shanda ham aslida kechikmagan edi, binoga vaqtida kirib borib, xalatlarini kiyib, keyin kirgan edi. Laboratoriya mudiri "Davlat senga binoga kirganing uchun emas, laboratoriya xonasida bo‘lgan vaqting uchun pul to‘layapti, keyingi safar xalatingni kiyish, sumkangni qo‘yishni ham inobatga olib, aniq vaqtda xonaga kir" deb tayinlagan edi.
O‘zimizda biror tadbir 10:00 da boshlanadi desangiz, bir-ikki soat o‘tkazib kelishadi. Yoki deylik, qaysidir ishxona xodimlarini yarim tungacha ishga olib qoladi, u xodim ertalab turib yana ishga borishi kerak. Bunda qanaqasiga me’yordagi uyqu bo‘lishi mumkin? Shuning uchun tartib borasida ham yashayotgan jamiyatingiz izidan ketasiz.
**Tavakkalchiliklar va vatanga qaytish:**
**Birinchi tavakkalchiligi xorijga ketish bo‘lgan.** O‘shanda faqat onasi uni qo‘llagan. "Qizim, orzularing, maqsadlaring tomon ket. Men senga yordam bera olmayman, ahvolingni bilolmayman, lekin doim duolarimda Allohdan so‘rab turaman. Seni Allohga ishondim, O‘ziga omonatsan" degan. Telefon yo‘q, farzandi bilan telefonda gaplasholmaydi, xatlar ham 2−3 oyda keladigan davrlar edi.
Keyin, mana, nemis ayol kutib olib, qanchalik yordam bergan. "Hech qachon sizning oldingizga kelgan inson o‘zi kelmaydi, Alloh yuborsagina keladi. Yaratgan yordami, mehrini ko‘pincha insonlar orqali beradi," deydi u. Nemis tilini o‘rgatgan, Amerikada o‘qishi uchun ingliz tili o‘qituvchi yollab, ingliz tilini o‘rgatgan.
Bir kuni "Xohlaysanmi, dissertatsiyangni himoya qilasan?" dedi. Hayron bo‘lgan. "Men? Ilmiy daraja olaman? Germaniyada?" degan. "Ha," dedi. "Qanaqasiga?" degan. O‘zbekistonda aspiranturaga kira olmay, Ilmiy-tadqiqot institutida ishlagan. Ayol bo‘lgani uchunmi, shunchalik qarshi bo‘lishgan, uni ilmga yaqinlashtirmagan, xorijga ketishi, himoya qilishiga yo‘l berishmagan. "Yig‘ishtiring buni, safsata!" deb dissertatsiyasini otib yuborishgan. O‘sha paytlarda suratga olingan "Girdob" filmida ilmning mashaqqatlari yaxshi ko‘rsatib berilgan.
"Men himoya qilolmasam kerak" deb, o‘ziga ishonmasa, "Nimaga himoya qila olmaysan? Biz senga yordam beramiz. Sen o‘sha tarixda qolgan turkistonlik qizning vatanidansan-ku" degan. Himoyadan keyin shu gaplarni eslab rosa yig‘lagan. O‘zining vatanida bir o‘zbek qizini yuzaga chiqarmaslik uchun shunchalik qattiq turishganda begona, notanish nemislar shunchalik qo‘llab-quvvatlagani ta’sirlantirgan.
"Demak, Allohga tavakkal qilish kerak. Qadam bosasiz, eshik ochiladi. Yo‘q, qo‘rqaman, qila olmayman, bu mening qo‘limdan kelmaydi demang. Siz qalban ishonsangiz, niyatingiz pok bo‘lsa, hamma narsani qila olarkansiz. Hammasini o‘zgartiradigan – Alloh," deydi u. Keyinchalik Angliya, Niderlandiya, AQSh, Kanada, Italiya davlatlarida yashab, ilm qilgan.
**Ikkinchi tavakkali – Finlyandiyaga ko‘chish bo‘lgan.** Farzandlariga "fin tilini o‘rganasizlar" deb olib ketgan. Bu qarori ham o‘zini oqlagan, hozir bolalari to‘rtta tilda erkin gaplasha oladi.
**Uchinchi eng katta tavakkali yoshligida emas, o‘rta yoshda bo‘lgan.** Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganlaridan keyin xorij davlatlariga borib, u yerdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrasha boshlagan. "Bo‘ldi, kelinglar, yangi O‘zbekistonni quramiz. Bizga sizlarning bilim-ilmlaring kerak" deganlaridan keyin vatanga qaytishga qaror qilgan.
Farzandlari xorijda tug‘ilgan, Yevropada uy-joylari bor, butun oila bilan qaytish katta tavakkal edi. Bolalari "Biz Finlyandiyadek eng zo‘r, eng toza, eng boy, dunyodagi eng yaxshi davlatdan nega qaytyapmiz?" deyishgan. U esa "Vatanimga qaytishim kerak, shuncha bilim oldim, endi u yerni rivojlanishiga ham hissa qo‘shishim kerak" degan.
"Vatan nima?" deyishgan. "Vatan tug‘ilib-o‘sgan, tuprog‘idan bo‘lgan, non-tuzini yegan joying" desa, "Unda bizning vatanimiz Yevropa ekan-da, shu yerning tuprog‘idanmiz" deyishgan. "Lekin ona vataningiz O‘zbekiston" degan-da, qaytgan.
Aslida bu qarorga ham ustozining gaplari turtki bo‘lgan. "Yevropa, Skandinaviya rivojlanib bo‘lgan. Bizning rivojlanayotgan davlatga ko‘proq foydamiz tegadi" degan. Ilmining qaysi jamiyatga ko‘proq foydasi tegsa, o‘sha yerda bo‘lish yaxshiroq. Albatta, kelganidan keyin qarama-qarshiliklar, to‘siqlar bo‘lgan. Buni bilgan, hozir ham bor.
O‘zbekistonda ayol kishiga hali ham bosimlar ko‘p ekan. Ba’zan "Ta’limdagi kamchiliklarni uncha-muncha odam aytolmaydi, siz ayol bo‘lib aytdingiz" deb qolishadi. Chunki u bu yerga ish qidirib kelmagan, shu yerdagi tizimning bir bo‘lagi bo‘lishni, o‘zgartirishni xohlaydi. Raqamlar, ko‘zbo‘yamachiliklardan xoli bo‘lgan haqiqiy ta’limni, ilmni yo‘lga qo‘ya olsalar, O‘zbekiston ham Yevropadek rivojlanar, balki umrining oxirigacha shuni ko‘rarman deydi.
Ba’zan qiynalib ketsa, "Dilfuzaning chemodani tayyor, ketib qoladi" deyishadi. Ketmaydi, chunki bu yerda qiladigan ishlarining mukofoti sifatida "Kelajak merosi"ni oldindan olgan, endi ishini oxiriga yetkazishi kerak deydi.
Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan, ammo ota-onasi ruxsat bermaydigan yoshlar, ayniqsa, qizlarga ota-onalari bilan do‘st bo‘lib gaplashishni, orzularini aytishni, xorij haqida ko‘proq ma’lumot berib, boshqa davlatlar yomon emasligini tushuntirishni, duolarini olib ketishni tavsiya qiladi. Duo insonni hamma narsadan asraydi.
**Muvaffaqiyatsizliklar va ulardan chiqish yo‘llari:**
Juda ko‘p bo‘lgan. Sovet davrida islomni, ibodatni yaxshi o‘rganmaganlar. Keyinchalik o‘qib, bilib, Allohga qalban hammasini topshirib, tushkunlik yoki muvaffaqiyatsizliklardan chiqadigan bo‘lgan.
Hayotida bir muvaffaqiyatsizlik kelsa, deylik, o‘zi yiqilsa yoki farzandining biror yeri tilinsa, demak, u nimadir yomon ish qilgan, o‘shani to‘g‘rilashi kerak deydi. Borib sadaqa beradi, yoki biror boshqa yaxshilik qilib keladi. Har bir musibatning ortidan darrov yaxshilik qilishga harakat qiladi.
Hayotingizdagi yomon narsalar – ehtimol, sizga ogohlantirishdir. Siz nimanidir xato qilgansiz, kimnidir xafa qilgansiz, kimningdir haqqini yegansiz yoki o‘zingiz bilmagan holda haqqini bermagansiz. Yo sadaqa berib kelishingiz yoki kimgadir yordam berib yuborishingiz kerak. Yoki musibatlarning ortidan nimadir yaxshilik kelishi mumkin. Katta bo‘ron-to‘polondan keyin birdaniga sokin bo‘lib quyosh chiqqandek. Endi, bular – uning shaxsiy qarashlari.
**Oilaviy hayot va moliyaviy mustaqillik:**
Yigit ham, qiz ham moliyaviy mustaqil bo‘lganda oila qurishni tavsiya qiladi. Chunki ota-onaning o‘z hayoti bor. Ular ham sizni shuncha katta qildi, o‘qitdi, o‘rta yoshdan oshganda yoki keksayib qolganda salomatligiga qarashi, o‘zi uchun yashashi kerak. Qolaversa, ularni ham abadiy qilib bermagan. Kutilmaganda qaysidir nuqtada, hatto oila qurmasdan turib ham aravani o‘zingiz tortishga majbur bo‘lishingiz mumkin. Bu – hayot.
Universitetni bitirib, bir kasb ushlashni maslahat beradi. Hozir shunaqa zamonki, oilada faqat erkakning qo‘liga qarab qolish xato deb hisoblaydi. Qolaversa, ayollar uyda o‘tirib, faqat erkaklar ishlasa, jamiyatni kim rivojlantiradi? Shifokorlar, o‘qituvchilar, olimlar, dori-darmon ishlab chiqaradiganlar yoki boshqa mutaxassislar qayerdan keladi? Bo‘shliq paydo bo‘lsa, davlat rivojlanmaydi. Davlat rivojlanmasa, sizning farzandingizning farovon hayoti bo‘lmaydi. Yoki, Xudo ko‘rsatmasin, eriga bir nima bo‘lib qolsa, keyin o‘zi va farzandlarining hayoti ayolning o‘z zimmasida qoladi.
Universitetda o‘qib, keyin ishlash jarayonida siz shaxs sifatida shakllanib borasiz. Yo‘qchilikni ko‘rasiz, misqollab pul yig‘ib, nimagadir erishishni o‘rganasiz, xiyonatu sadoqat, yaxshiligu yomonlikni ko‘rib, pishib ketasiz. Agar oiladagi ozgina muammo bo‘lsa, bittangiz pastga tushasiz, ikkinchingiz qo‘llab-quvvatlaysiz. Yiqilsa yoki egilsa, qo‘ltiqlab olasiz. Shularga o‘zingizni tayyorman deb hisoblasangiz, qurgan oilangiz ham mustahkam bo‘ladi.
Turmushga chiqishidan oldin bir nemis ayol oiladan maqsadning uch turini tavsiflab bergandi. Birinchisi – seni yaxshi ko‘raman, men senga turmushga qurmoqchiman. Ikkinchisi – ota-onam aytgani uchun yoki yoshim katta bo‘lib qolgani sabab oila qurmoqchiman, uchinchisi – men hayotimni siz bilan bo‘lishmoqchiman.
"Sen uchinchisini ayta olgan insonni tanla va o‘zing ham o‘shanga amal qil," degandi. Hayotimni sen bilan bo‘lishmoqchiman degani – yaxshi kunimni ham, yomon kunimni ham, farzandli bo‘lganimizda ham, Xudo farzand bermaganda ham, kasalligim, omadsizligim, muvaffaqiyatsizligim, kulgimu xursandchiligim, jahlimni ham – hamma narsamni, har bir yashayotgan kunimni sen bilan bo‘lishmoqchiman desa, bu boshqacha tafakkur. Shunday bo‘lgandagina oila ushlab qolinadi.
**Yoshlarga murojaat:**
Agar hozirgi sharoitda 18 yosh bo‘ladigan bo‘lsa, Nobel mukofoti olaman deb harakatini boshlagan bo‘lardi. Chunki ilmda hozir yoshlarga shunchalar ko‘p imkoniyat borki, shulardan foydalanib, juda katta kashfiyotlarga qadam qo‘ygan bo‘lardi. Hayot shunchalik qisqa, vaqt shunchalik tez o‘tadiki, har kuni o‘qisangiz ham ulgurmaysiz. Shuning uchun bugungi yoshlarga aytari – bilim oling, dunyoga chiqing, boy-badavlat ham bo‘ling, kashfiyotlar qiling. Sizda imkoniyatlar ko‘p.

