Xorazmdan Chikagogacha: “El-yurt umidi” stipendiyasi sohibi bo‘lgan o‘zbek huquqshunosi bilan suhbat

Xorazmdan Chikagogacha: "El-yurt umidi" stipendiyasi sohibi, o‘zbek huquqshunosi Dinora Shermatova bilan suhbat
"Til, amaliyot va ijtimoiy faollik. Global mehnat bozorida o‘z o‘rningizni topish uchun eng zarur uch omil mana shu", – deydi AQSHning Illinoys shtati Urbana-Champaign universiteti huquq bo‘yicha magistri Dinora Shermatova. U "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiyasi va universitetning ichki grantiga sazovor bo‘lgan, hozirda nufuzli yuridik firmada faoliyat yuritmoqda.
"Daryo.uz" uchun bergan suhbatida Dinora o‘z muvaffaqiyatiga erishishida yordam bergan odat va ko‘nikmalar, AQSH va O‘zbekiston huquq tizimidagi farqlar hamda ta’lim sohasi uchun takliflari haqida so‘zlab berdi.
**Bolalik yillari**
Dinoraning bolaligi qadim Xorazmning chekka Gurlan va Tuproqqal’a tumanlarida o‘tgan. Oilasi uzoq yillar qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangani sababli asosan chekka hududlarda yashashga majbur bo‘lgan. Uydagi erkin muhit, o‘z fikrini dadil ifodalash imkoniyati, ota-ona bilan to‘siqsiz muloqot uning shaxs sifatida shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Uka-singillari bilan qishloqning goho sokin, goho qizg‘in hayotida o‘ynaganlari bir umrga tatigulik xotiralarni yaratgan.
Dinora bolaligini o‘zgacha entikish va minnatdorlik bilan eslaydi: "Ota-onamning o‘zlari oliy ta’lim ola bilmaganlari uchun bizni doim bilim olishga rag‘batlantirar, o‘qishimiz uchun kerakli barcha sharoitni muhayyo qilish uchun astoydil harakat qilishardi. Xohish-istaklarimizga, orzularimizga hech qanday qarshilik qilmay, faqat qo‘llab-quvvatlashgan. Erta yoshdanoq mehnatga o‘rgatishgan, mehnatni qadrlab, shukronalik hissi bilan yashashni uqtirishgan".
Dinoraning aytishicha, undagi o‘ziga nisbatan ishonch va kurashuvchanlikning shakllanishida otasining roli katta bo‘lgan. "Biron ishga qo‘l urdingmi, har doim uddalayman degan fikrda bo‘l", – otasining mana shu so‘zlari uning hozirgi nuqtagacha yetib kelishida asosiy turtki bo‘lgan.
**Maktab davri**
Dinora mustaqil hayotga ancha erta, maktab davridayoq qadam qo‘ygan. Boshlang‘ich sinf yillari ota-ona bag‘rida o‘tgan. Ammo chekka tumanda ta’lim sifati past bo‘lgani bois oila farzandlar tahsilini markazda davom ettirish haqida o‘ylay boshlagan. Shunday qilib, endigina 5-sinfga o‘tgan Dinora o‘qishni singlisi bilan birga ota-onasidan olisda — Gurlan tumanida davom ettiradi. Bunday vaziyat uni o‘z fikriga ega, mustaqil qaror qabul qila oluvchi mas’uliyatli shaxs qilib tarbiyalaydi.
U aniq fanlardan tortib gumanitar fanlargacha barchasini birdek ishtiyoq bilan o‘zlashtiradi va maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, Urganchdagi 2-sonli akademik litseyda o‘qishni davom ettiradi. Huquq sohasiga qiziqishi ham aynan shu dargohda kurtak yoza boshlaydi.
"Litseydagi ustozim va ularning yuridik sohada faoliyat yurituvchi qizlari kasb tanlashimda hamda keyinchalik Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirishimda muhim rol o‘ynashgan. Ularning ushbu faoliyat turi bilan bog‘liq hikoyalarini jon qulog‘im bilan tinglar, sud zalida advokat sifatida nutq so‘zlayotganimni, insonlarning huquqlarini himoya qilib, g‘olib bo‘layotganimni tasavvurimda qayta-qayta jonlantirardim. Qolaversa, o‘zim tabiatan raqobatga o‘ch insonman, kurashishni, g‘olib bo‘lishni yaxshi ko‘raman", deydi qahramonimiz.
Soha tanlandi, endi navbat — bu sohani puxta o‘zlashtirishga.
**Oliygoh yillari**
Dinora universitetning birinchi bosqichida prokuror bo‘lishni orzu qilgan, lekin keyinchalik huquqning boshqa tarmoqlari bilan chuqur tanishish, taqqoslash hamda o‘z ishtiyoq va ko‘nikmalarini baholash natijasida fuqarolik, biznes va raqobat huquqiga qiziqishi ustunligini tushunib yetadi va shu sohalarni puxta o‘zlashtirishga asosiy e’tiborini qaratadi.
U oliygohdagi to‘rt yil davomida nazariy bilimlarni chuqur o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmay, turli ijtimoiy-huquqiy loyihalarda ham faol ishtirok etadi. Kuchli mutaxassis bo‘lish uchun nazariya va amaliyot birdek muhimligini tushunib, universitetning "Legal Clinic" va "Street Law" loyihalarida qatnashadi. Bu huquqshunoslik kasbining nozik jihatlari bilan bevosita tanishish nuqtayi nazaridan uning uchun katta saboq maktabi bo‘ldi.
"Legal Clinic" doirasida aholiga bepul yuridik maslahatlar berib, mijozni diqqat bilan tinglash, mas’uliyat bilan ishlash hamda professional etikaga qat’iy rioya qilishni o‘zlashtiradi. Maktab o‘quvchilariga huquqiy tushunchalarni sodda tilda tushuntirishni maqsad qilgan "Street Law" loyihasidagi ishtirok esa unga huquq faqat sud zallarida yoki rasmiy hujjatlarda emas, balki jamiyatning kundalik hayotida ham ishlashi kerakligini anglatadi.
Dinora shunday xulosaga keladi: huquqshunosning vazifasi faqatgina alohida nizolarni hal qilish emas, balki insonlarga o‘z huquqlarining mohiyatini teran anglashga ko‘maklashish, huquqiy ongni shakllantirish, adolatni ta’minlashdir. Mana shunday xulosa va tajriba bilan qahramonimiz navbatdagi manzil sari yo‘l oladi: AQSH.
**Amerika sari yo‘l**
Dinora bakalavriatning ikkinchi bosqichidayoq magistraturani xorijda davom ettirishga qat’iy qaror qiladi. Bolalikdanoq ingliz tilini o‘rganishga ishtiyoqi balandligi bois inglizzabon davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya va AQShda ta’lim imkoniyatlarini qidira boshlaydi. Hujjat topshirish bilan bog‘liq murakkab va mashaqqatli jarayonlardan so‘ng Illinoys shtatidagi Urbana-Champaign universiteti hamda London shahridagi Queen Mary universitetlaridan magistratura bosqichi uchun qabul xati oladi.
Urbana-Champaign’ni tanlashiga esa uning AQShdagi nufuzli yuridik maktablaridan biri ekani, kuchli professor-o‘qituvchilar tarkibi va xalqaro talabalar uchun yaratilgan akademik muhit sabab bo‘ladi. Qolaversa, Dinora universitetning ichki grantini ham qo‘lga kiritadi. "El-yurt umidi" jamg‘armasining stipendiya tanlovida ham ishtirok etib, o‘z yo‘nalishida grant sohibiga aylanadi, shu tariqa QS reytingining Top –100 taligiga kiruvchi universitetda mutlaqo bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
**O‘zbekiston va AQSH ta’lim tizimidagi farqlar**
Dinoraning aytishicha, O‘zbekiston va Amerika oliy ta’limida bir necha fundamental tafovutlar mavjud.
Birinchidan, fanlarni tanlash imkoniyati. Talabalar o‘qish boshlanishidan avval qaysi fanlar o‘tilishini oldindan biladi, har kim o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib tanlov qiladi. Dinora ham shu asosga ko‘ra raqobat va intellektual mulk huquqini tanlagan.
Ikkinchi farq — har bir professorning o‘z o‘qitish uslubi bor va bir fan doirasida turli metodikalardan foydalaniladi. "Muayyan fan bo‘yicha dars bir gal savol-javob koʻrinishida, boshqa gal keys tahlili, yana bir safar esa guruh muhokamalari tarzida o‘tilishi mumkin. Bu talabalarning har doim va har tomonlama darsga tayyor boʻlishi kerakligini anglatadi.
Yana bir muhim jihat — amaliyotchi mutaxassislar tajribasi bilan bevosita tanishish imkoniyati.
Universitetda sudyalar, prokuratura xodimlari, advokatlar, koʻzga koʻringan yuridik firmalardan mutaxassislar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi, ular o‘z tajribasi asosida talabalarga muhim tavsiyalar beradi.
Bundan tashqari, universitetning o‘z sud zali bo‘lib, bu yerda yilda uch-toʻrt marotaba haqiqiy sud majlisi o‘tkaziladi. Prokurorlar, sudyalar, yuridik firmalardan vakillar kelib, muayyan muammo, keysni oʻsha sud zalida talabalar ishtirokida koʻrib chiqadi. "Ayni amaliyotlar O‘zbekistonda ham tatbiq etilsa, talabalarga real tajribaga ega boʻlish imkonini beradi", deydi Dinora.
Shuningdek, u ikki mamlakatning huquqni qo‘llash tizimidagi o‘ziga xosliklar bo‘yicha kuzatuvlari bilan ham bo‘lishdi. Uning aytishicha, AQShda yuridik ta’lim va amaliyot tahliliy fikrlash, sud amaliyoti va muammoni amaliy yechishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda qonunchilik bazasi va nazariy bilimlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. AQShda talabalar yuridik klinikalar orqali o‘qish davridayoq haqiqiy mijozlar bilan ishlaydi.
Bundan tashqari, yozgi ta’til davrida deyarli barcha talabalar xususiy sektor, davlat idoralari, sudlar yoki notijorat tashkilotlarida amaliyot o‘taydi. Bu ularga kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, real ish tajribasini orttirish va kelajakdagi mutaxassislik yo‘nalishini ongli ravishda tanlash imkonini beradi. Shuningdek, mediatsiya va muzokara orqali nizolarni sudgacha hal etish amaliyoti ham keng qo‘llaniladi.
"Menimcha, O‘zbekistonda ham amaliy ta’limni yanada kuchaytirish, talabalar uchun sifatli stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish, universitetlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan faolroq foydalanish huquq tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi", deydi u.
**Amerikadagi hayot va shaxsiy o‘sish**
Qahramonimiz hozirda Chikagodagi "Mandarich Law Group" yuridik firmasida advokat huquqiy yordamchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Mazkur firma isteʼmolchilarni moliyalashtirish boʻyicha sud ishlari va kreditorlar huquqlari boʻyicha yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatadi. Dinora o‘z jamoasi bilan birga sudda rad qilingan hujjatlarni talab asosida toʻgʻrilash, tegishli tuzatishlarni kiritish hamda shu to‘g‘risida axborot tayyorlash bilan shugʻullanadi.
"Bizning asosiy mijozlarimiz banklar hisoblanadi. Ma’lumki, Amerikada kredit karta tizimi amal qiladi, ya’ni doimiy iste’mol maqsadlari uchun ham kredit ajratiladi. Biz koʻpincha daʼvogar, yaʼni banklar va kredit kompaniyalari vakili sifatida ishtirok etib, kredit to‘lovini vaqtida qaytara olmaganlardan pulni undirish bo‘yicha sud ishlari bilan shug‘ullanamiz", deydi o‘zbek huquqshunosi.
Dinora fuqarolik, biznes huquqi, monopoliyaga qarshi huquq sohalariga ixtisoslashish niyatida, shu bois mazkur tarmoqlarni yanada chuqurroq o‘rganish, ko‘proq amaliyot o‘tashga harakat qilyapti. Shuningdek, AQSHda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun imtihon — "bar exam" topshirish talab etilgani bois kelgusi yili Nyu-Yorkda xuddi shunday imtihondan o‘tish uchun faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yaqin istiqboldagi maqsadlari haqida gapirarkan, suhbatdoshimiz shunday deydi: "Litsenziyani qo‘lga kiritishim bilanoq yuridik firmada advokat sifatida fuqarolik, biznes va raqobat huquqi boʻyicha faoliyatimni davom ettirish niyatidaman. Sud tizimi va xususiy sektor kesishadigan nuqtada ishlab, koʻproq koʻnikma va tajriba shakllantirish, kelgusida Oʻzbekistonda ham shu yo‘nalishlarda yangiliklar qilish maqsadim bor".
**Muvaffaqiyat formulasi**
Chekka tumanning chekka qishlog‘idan bilim istab, yuksak maqsadlarni ko‘zlab avval poytaxtga, so‘ng ummon ortiga – AQShga yo‘l solgan Dinoradan o‘z muvaffaqiyatining formulasini shakllantirishni so‘radik.
"Intizom — eng muhimi. Bir maqsadga, bir vazifaga qanchalik izchil, qanchalik davomli tarzda diqqat qarata olsangiz, muvaffaqiyat qozonishingiz ehtimoli shunchalik ortadi. Deylik, til oʻrganyapsiz. Oʻzingizga muddat belgilang, “olti oyda oʻrganaman, so‘ng sertifikat uchun imtihon topshiraman”. Yoki biron anjumanda qatnashish, qandaydir loyihalarda ishlashda ham ayni yondashuv samarali hisoblanadi. Muddat va maqsad aniq bo‘lsa, ijobiy natija ehtimoli oshadi. Buning uchun esa insonda o‘ziga nisbatan ishonch, intizom va diqqat bo‘lishi lozim", deya ta’kidlaydi u.
Dinoraning qo‘shimcha qilishicha, nufuzli universitetlar talabalarni qabul qilishda muayyan omillarga alohida e’tibor qaratadi. Bu — ijtimoiy faollik, amaliy tajriba va til ko‘nikmalari.
"Ozmi-ko‘pmi shu paytgacha yiqqan tajribamdan kelib chiqib, tengdoshlarimga shunday degan bo‘lardim: xorijiy tilni mukammal darajada o‘rganing. Kundalik muloqotda ham, professional muhitda ham tilning ahamiyati beqiyos. Qolaversa, imkon qadar ko‘proq amaliyot qilish kerak. Masalan, bakalavriat davrida har yili turli yo‘nalish, turli muassasalarda amaliyot o‘tash mumkin. Bir yili sudda, bir yili yuridik firmada, yana bir gal davlat organlarida… Bu ham har bir tarmoqning ichki mexanizmlari bilan tanishish, ham o‘zlari qiziqqan, yuqori salohiyat namoyon eta oladigan ixtisoslikni aniqlash imkonini beradi.
Turli anjuman va tanlovlarda, ko‘ngillilik asosidagi loyihalarda qatnashish har xil qirralaringizni kashf etishga yordam beradi. Hujjatlaringiz bilan tanishayotgan xorijiy universitetlar amaliy ishlaringiz qanchalik ko‘pligiga va ularni qog‘ozda qanchalik aniq ifodalab bera olganingizga qaraydi, o‘qishdan tashqari faollikni juda qadrlaydi. Rezyumengiz qanchalik boy, profilingiz qanchalik kuchli bo‘lsa, grant yutish imkoniyatingiz shunchalik oshadi", – deya fikrini yakunlaydi u.

