Layfstayl

“Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” loyihasining 12 mehmonidan kitoblar tavsiyasi

8-sentabr — Xalqaro savodxonlik kuni. Gazeta sana munosabati bilan 'Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…' loyihasi mehmonlarining yoshlik yillarida dunyoqarashini o‘zgartirgan hamda hayot yo‘lini belgilashda muhim o‘rin tutgan kitoblar haqida hikoya qiladi.

“Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” loyihasining 12 mehmonidan kitob tavsiyalari

Gazeta yoshlarga tavsiya beruvchi “Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” loyihasini bir yildan buyon e’tiboringizga havola qilib kelmoqda. Yaqinda uning 12-soni yozib olindi. Loyihada el-yurt orasida hurmat qozongan kishilar — pedagog, olima, siyosatshunos, tadbirkor, noshir hamda moliyachilar o‘z yoshligini eslab, bugungi zamon nuqtai nazaridan yoshlarga maslahatlar berib bordi.

8 cyentyabr — “Xalqaro savodxonlik kuni” munosabati bilan loyihadagi “Yoshligingizda hayotingizga ta’sir qilgan uchta kitob” savoliga mehmonlarning javoblarini bir sahifada jamlashga qaror qildik.

Kitob o‘qish odatini shakllantirmoqchi bo‘lgan kishi avvalo o‘ziga yoqqan mavzu yoki qiziqtirgan kitobdan boshlasin, deyiladi. Birinchi kitob — Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Shirin Qovunlar mamlakati yoxud sehrgarlar jangi” asari. Garchi uni bolaligimda o‘qigan bo‘lsam ham, mutolaaga muhabbatimni uyg‘otgan asar bo‘lgani uchun uni tilga olishni lozim topdim.

Ikkinchisi — shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Hadis va hayot” to‘plami. Uni hali nashr qilinmasidan oldin o‘qiganman. Liviyada yashayotgan paytimiz hazratimiz bu kitobni yozayotgan edilar. Oliygohdagi o‘qishni tugatish arafasida edim, kitobning “Janoza” va boshqa boblarini berib, tekshirib chiqishimni so‘raganlar. “Janoza” bobidagi sharaf bilan hayotdan ko‘z yumganlar haqidagi qissalar va xulosalarni yig‘lab o‘qiganman.

Ichida ayrim sahobalarning hayotidan namunalar bor edi. Ularning yashashdan maqsadi, sharafli umr kechirgani, ayniqsa, umrlarining xotimasi go‘zal bo‘lgani e’tiborimni tortgan. O‘sha ta’sirlangan holatim bilan har gal eslasam, inson haqiqatan hayoti nima bilan yakun topishiga katta e’tibor berishi kerak, deb o‘ylayveraman. Shuning uchun ham ishlarning eng go‘zal qismi — xotima, deyiladi. Qachonki u yaxshilik bilan tugasa, demak, butun umringiz go‘zal o‘tibdi. Aksincha bo‘lsa, Alloh ko‘rsatmasin, bu inson uchun juda katta yo‘qotish hisoblanadi.

Uchinchisi — Imom Butiy rahmatullohi alayhning “Min al-fikr val-qalb” (“Fikr va qalbdan”) kitobi. Imom Butiy hayotliklarida ham vatanga sadoqatlari bilan ko‘pchilikka namuna bo‘lgan, katta olimlardan edi. Yozgan kitoblari ham Islom olamida katta shuhrat qozongan. “Fikr va qalbdan” kitobidagi ayrim mavzular aqliy, ayrimlari esa hissiy. Undan insondagi eng kuchli jihatlardan bo‘lgan aql va hissiyotni qanday boshqarish, ular orasidagi muvozanat va aloqador dolzarb mavzularni bilib olasiz.

Bu kitobni hazratning tavsiyalari bilan o‘qib, juda ta’sirlanganman. Hozirgacha o‘qigan kitoblarim ichida eng qiziqqanim, eng yaxshi ko‘rganim, deb ayta olaman. Ayniqsa, undagi muallifning o‘z rafiqasiga bitgan “Amira” nomli marsiyasi Islom dini, Islom kishisi, ahli ilm ayolni qanchalik ulug‘lashi va qadrlashiga katta namuna bo‘la oladi desak, xato bo‘lmaydi.

Ma’lum holatlarda muhim rol o‘ynagan kitoblar ham bo‘ladi. Mustaqillik paytida 8-sinfda o‘qirdim. Dadam “Ming bir hadis” kitobi chiqqanda olib kelgan edilar. Uni o‘qib, birinchi marta din va urf-odatimiz boshqa-boshqa narsa ekanini tushunganman.

Jamiyatimizda odatga ko‘ra, ota-ona kimni ma’qul ko‘rsa, qiz bola shunga turmushga chiqishi kerak degan qarash bor. O‘sha kitobda turmushga chiqishda qiz farzandning roziligi shartligi aytilgan edi. Shunda “demak, din bilan urf-odat boshqa-boshqa ekan-da, dinda bunaqa narsa bor ekan-da” degan xulosa paydo bo‘lgan va bu o‘zimni tanishim, yo‘limni tanlashimga sabab bo‘lgan kitob deb aytish mumkin.

Keyingisi — Abduqodir Jiloniyning “Rabboniylikni anglash va rahmoniy fayzni qozonish” kitobi. Abduqodir Jiloniy shayx, ilmi va e’tiqodi juda kuchli inson bo‘lgan. Har juma namozida qilgan ma’ruzalari shogirdlari tomonidan yig‘ilib yozilgan ekan. 2010-yilda chiqqan bo‘lsa ham, hanuz qayta-qayta o‘qiyman. Uning har bir gapini aforizm qilish mumkin.

Qolaversa, kitobdan tashqari inson hayotida yo‘lini belgilashga sabab bo‘ladigan odamlar ham bo‘ladi. Mening ham ikki ustozim bor edi. Alloh rahmat qilsin, ikkovlari ham olamdan o‘tishdi. Bittasi ilmiy rahbarim Aziz Jo‘rayev. Sohamni tanlashimda hissalari katta, qolaversa, qanday tadqiqotchi bo‘lish kerakligini shu insonga qarab o‘rganganman. Ilm borasida ham, pul borasida ham o‘ta halol inson edilar.

Adashmasam, 2000–2004-yillarda “Ozodlik” radiosining Toshkentdagi shtab-kvartirasi direktori bo‘lganlar. O‘shanda universitetdan ketishlariga rektor qarshi bo‘lgan. “Yo‘q, oyligim yetmayapti” desalar, “xohlasang, ‘priyom’dan pul qilib beramiz” degan. Ustoz “men nonimni halol topib o‘rganganman”, deb ketganlar. Shu darajada halol edilarki, o‘zim xohlagancha, ko‘nglimdan chiqarib, sovg‘a ham bera olmasdim. Ularning ilmga, talabalarga va jamiyatga munosabatlari mening hayot tamoyillarim shakllanishida muhim rol o‘ynagan.

Meni birinchi mutaxassislik sohasiga, kasbimga olib kirgan inson esa Abdumajid Po‘latov bo‘ladilar. Magistraturani endi bitirgan paytimda ishga olganlar. Ular men shu paytgacha ko‘rgan olimlardan soddaligi va talabalarga, yosh avlodga o‘zini yaqin tutishlari bilan ajralib turardi. Har doim ruhiyati baland, hazil qilib gapiradigan, o‘ta optimist inson edilar. Men ularga qarab, “ha, demak, mening ko‘nglim moyil bo‘lgan narsalar unchalik xato emas ekan” degan xulosaga kelganman.

Nazarimda, odam o‘zligini topib olishida kitobdan ko‘ra shunday shaxslar muhimroq rol o‘ynaydi.

Agar yoshligimizni olsak, Deyl Karnegining “Odamlarga ta’sir ko‘rsatish va do‘st orttirish san’ati” kitobi (How to win friends and influence people) ta’sir qilgan. Ungacha men introvert bo‘lib, odamlar bilan gaplashmay yurardim. Shu kitobdan keyin gaplashishni boshlaganman.

Oybekning “Bolalik” asari ham ta’sir qilgan. 45-yillardagi og‘ir qiyinchiliklar haqida o‘qib, o‘zimning hayotimga ancha shukur qilganman.

7-sinfdan keyin birdaniga ko‘p kitob o‘qiy boshlaganman. O‘zbek klassikasining “Yulduzli tunlar”idan tortib, “O‘tkan kunlar”gacha, “Graf Monte Kristo”dan tortib, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Oshkora qotillik qissasi”gacha. Shunaqa davr ham bo‘lganki, otamning jahli chiqib, “Faqat kitob o‘qib yotaverasanmi, ishlarni kim qiladi?” deb tanbeh berganlarini ham eslayman. Shuning uchun alohida uchta kitob ham yo‘q.

Yosh paytingizda qanday kitob o‘qishni jamiyat belgilaydi. Ko‘pchilik atrofdagi kitobxonlar aytgan, ko‘rsatgan yo‘nalish bo‘yicha ixtiyoriy yoki g‘ayriixtiyoriy tarzda o‘sha kitoblarni o‘qiydi. Masalan, o‘zbek klassikasini hammamiz maqtaymiz, o‘qiladi. Keyin asta-sekin siz shaxsiyat bo‘lib, o‘zingiz kitob tanlay boshlaysiz. Va qaysi kitob sizniki emasligi, vaqtingizga arzimasligini bilib borasiz.

Jamiyat emas, o‘zingiz kitob tanlashni va shundan huzur olishni boshlagan davringiz boshqacha bo‘ladi. Mana shu nuqtaga kelganingizda sizni professional kitobxon deyish mumkin. Endi odamlar qanday kitob o‘qiylik deb, sizni eshita boshlaydi. Yoshlarga mana shu nuqtani qidiringlar desak, mening nazarimda, to‘g‘ri bo‘ladi.

Yoshlikda shakllanish davrida qanday bo‘lish kerak, o‘zi men kimman, nimani yoqtiraman, nima yoqtirmayman, o‘zimni qanday tutishim kerak, deb ko‘p o‘ylardim. Va, afsuski, sizlarnikiga o‘xshash ko‘rsatuvlar ham bo‘lmagan. Hayotda o‘zini topgan insonlar haqida ma’lumotlar kam bo‘lgan.

Yoshligimda eng ta’sir qilgan kitob — o‘zbek xalq maqollari jamlangan kitob bo‘lgan. Adashmasam, ikki tomli edi, shuni ko‘p o‘qirdim. U maqollar orqali o‘zbek mentaliteti, dunyoqarashini o‘rganishga harakat qilardim. Maqollarimizda bizning asrlar davomida yig‘ilgan hayotiy tajriba yotadi va axloq qanday bo‘lishi kerakligi ham ifodalab ketilardi.

Ikkinchi kitob — Kaykovusning o‘g‘liga yozgan maktublaridan iborat “Qobusnoma” asari. Tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bu kitob inson qanday bo‘lishi kerak degan savolimga javob olishga yordam bergan.

Uchinchisi — shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamlariga mansub “Hadis va Hayot” to‘plamining 19-juzi bo‘lgan “Olamlarga rahmat payg‘ambar” edi. Unda payg‘ambarimiz siyratlari, tarixlari juda yaxshi yoritilgan. Albatta, bundan ta’sirlanmaslik, ularning hayotidan saboq olmaslikning iloji yo‘q.

Chunki payg‘ambarimizning hayotlari davomida ko‘rmagan qiyinchiliklari qolmagan. Har birimiz hayotimizda qandaydir qiyinchilik ko‘rayotgan bo‘lsak, shularning hammasi payg‘ambarimizning boshlaridan ham o‘tgan. Ularning atrofidagilar, sahobalar, ayollar o‘zini qanday tutgani, mana shu vaziyatlarda qanday chiqqani ham hammamizga o‘rnak bo‘ladi.

Bitta kitob bor — “Kichkina shahzoda”. Men uni har besh yilda o‘qiyman va har safar boshqacha tushunaman. Ta’sir har doim turlicha bo‘ladi. Tadbirkor bo‘lishimga Teodor Drayzerning “Moliyachi”, Dostoyevskiyning kitoblari ta’sir qilgan. O‘zimni topa olishimga Rumiyning “Ichingdagi ichingdadir” kitobi sabab bo‘lgan. Biznesda ham har bir darajada o‘z kitoblari bor. Ko‘p o‘qisangiz, topa olasiz. Kimgadir 20 yoshda, kimgadir 30 yoshda, kimgadir 40 yoshda o‘qiladigan kitoblar bo‘ladi.

Lekin aynan bitta kitobni o‘qisam, bo‘ldi, hayotim o‘zgarib ketadi degan narsa yo‘q. Aytaylik, tushkunlikka tushayotgan paytimda, qarz bo‘lib qolganimda “Tarixi Muhammadiy”ni o‘qiganman. Bu kitob odamni shunaqa pozitiv qilib yuboradi, uni o‘qiysiz-da, voy, yuribmiz ekan-ku, qornimiz to‘q, ota-onamiz tirik, meni hech kim o‘ldirmoqchi emas, ertadan kechgacha menga qarshiliklar yo‘q, deysiz. Lekin bu kitobni tushkunlikka tushmagan paytlaringizda, shunchaki mutolaa uchun oddiy o‘qib qo‘ysangiz, sizga bir hikoyadek tuyilishi mumkin.

Shu paytgacha 500 dan ko‘p kitob o‘qigan bo‘lsam kerak. Har biri qandaydir iz qoldiradi. Bitta so‘z ham iz qoldirishi mumkin. Dostoyevskiy, Nitsshe, Kantlar bizning paytlarda o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani bois rus tilida o‘qiganmiz. Ham sharqiy, ham g‘arbiy falsafani o‘qib boraverganmiz. Psixologiyadan Milton Erikson, Virjiniya Satir, Freyd, Adler va hokazolar ta’sir qilgan. Ular hanuz bizga tarjima qilinmagan. Yoshlarning ko‘pi ingliz tilini biladi, bevosita o‘qisa bo‘ladi.

Bizda hozir shunaqa psixologlar chiqib qolgan-ku, “sening muammolaring seni aybing emas, ota-onangning aybi” deb, kimnidir aybdor qilib qo‘yadi. Freyd ham shunaqaroq falsafa yuritadi. Lekin Adler hamma muammolaring o‘zingniki, hayot seniki, hammasi o‘zingning qo‘lingda, ularni o‘zgartirishing mumkin, degan falsafani beradi. Odam o‘z-o‘zini o‘rganib, hayotini o‘zgartirib olsa bo‘ladi. Qalbni esa Xudo bilan robita qilishi kerak. Hamma narsa O‘zining qo‘lida. Shuning uchun faqat kitob va bitta kitob hayotingizga ta’sir qilib qolmaydi.

Yoshlar shundoq Amazon`ga kirib, top 50 ta kitobni tanlab o‘qishi mumkin. Lekin ko‘pchilik bitta xato qilib qo‘yadi: bir nechta kitobni bir paytda boshlaydi. Bittasini olib, kichkina qadamlar bilan, bugun besh varaq, ertaga yetti varaq o‘qidim, men “molodets”man, bugun 10 varag‘ini o‘qidim, borib bitta lavash yeyman, 20 varaqqa o‘tsam, o‘zim yaxshi ko‘rgan shirinligimni olaman, deb o‘zini rag‘batlantirib o‘qib borsa, dunyoning kitobi bo‘lib ketadi. Bugun kechagi kundan zo‘r bo‘lsangiz, o‘zingizga bitta rag‘bat olishingiz kerak. Kechagi kunning hayotini takrorlasangiz, biror narsadan biroz bo‘lsa ham maza qilishga haqqingiz yo‘q.

Meni kitob o‘qishga Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari qiziqtirgan. Tili shunaqa tushunarli, yengil ediki, undagi iboralar, birikmalar aka-opalarim bilan so‘zlashuvimizga qo‘shilgandi. Keyin yozuvchining hamma asarlarini o‘qib chiqqanman.

Sarguzashtlarga tashna bolalik davrim o‘tgach, o‘smirligimda “Odam bo‘lish qiyin” qattiq ta’sir qilgan. Shundoq boshlab, kechasi bilan uxlamasdan, ko‘zimni uzolmay o‘qib tugatganman.

O‘zi shunaqa bir davr bo‘ladi: qiziqib tinmay o‘qiysan, keyin nimadir sabab bo‘lib sal uzoqlashib qolasan. Toshkentga o‘qishga keldim. Kutubxonamiz Qo‘qonda qoldi. Amaliyotda bir joyga o‘tirishning o‘zi qiyin, raqsga boramiz, yuguramiz, pantomimaga kiramiz, qilichbozlikka boramiz, tapir-tupur, yugur-yugur bilan ozgina kamroq o‘qidim.

Darslikdagi pesalarni tugata olsak ham katta narsa edi. O‘zbek, rus, chet el adabiyoti, yana shu uchta adabiyot tarixi, o‘z davriga mos pesalari bilan har bir fandan 80–100 ta kitob o‘qishga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun o‘zim tanlab badiiy kitoblarga intilmay qolganman.

Turmushga chiqdim, uyda kutubxona bor ekan. San’at Mahmudova, Bekmirza Mahmudov kabi yozuvchi-jurnalistlar oilasiga kelin bo‘lib tushganman. Hamma o‘qigan kitoblarini terib qo‘yisharkan. Shu yerda Jorj Sandni kashf qildim. Uning kichkina kitobi yo‘q, hammasi tom-tom, og‘ir, qalin edi, sumkamga solsam, yonimdagilar “namuncha og‘ir” deyishardi. Metroda, avtobusda, qayerda biroz bo‘sh bo‘lib qolsam, shuni o‘qiyverardim.

Jorj Sand menga romantik adabiyotni ochdi. Keyin Gyugo, Dyumaga ulanib ketdi. Ungacha o‘zbek, boshqa qardosh adabiyotlar, arab, turk xalqlari adabiyotining ko‘pini o‘qib bo‘lganim uchun G‘arb adabiyotiga kirib ketdim. Ko‘p yaxshi asarlarni kashf qildim.

Keyin afg‘on yozuvchisi Xolid Husayniyning “Shamol ortidan yugurib”i qo‘limga tushib qoldi.

Birinchi marta Afg‘oniston, uning tanazzuli haqida afg‘on odamning o‘zi yozgan asarni o‘qishim edi.

Chetdan yozgan kishi qanchalik harakat qilmasin, o‘ziga moslab talqin qiladi. Sovet davrida afg‘on urushi bo‘lganda Afg‘oniston unaqa ekan, afg‘onlar bunaqa ekan, yomon ekan, degan gaplarni eshitardik. Keyinchalik bu tafakkurim 180 gradusga o‘zgardi. Ular o‘z vatanini himoya qilgani, sovetlar esa bosqinchi bo‘lganini angladim.

Shuning uchun ham afg‘on yozuvchisining o‘zi yozganini o‘qib maza qildim. Chunki u o‘z vatani va xalqi haqida to‘g‘ri yozadi deb o‘yladim. Yaxshi taraflarini ham tan olib, yomonlarini ham yashirmagan ekan. Xolisligi uchun hurmatim oshib, boshqa asarlarini ham o‘qib chiqdim. Yoshligimni shu asarlar bilan eslayman.

Aslida fikrlash uchun doim o‘qish kerak. Ziyoli inson bekorga ziyoli deyilmaydi. Uning qalbida, fikrida, ko‘zida nur bo‘ladi. O‘sha nur orqali jamiyatni, uning illatlarini yoritadi. Uning odamlarga aytadigan dardi, gapi, o‘zining fuqarolik pozitsiyasi bo‘ladi. Har qanday ijodkor o‘zining ortidan odamlarni ergashtirib keta olishi kerak. Ular o‘z jamiyati, boshqa sohalardagilardan o‘n karra yuqori turishi kerak.

Sen aktyor sifatida o‘zingning tomoshabiningdan ko‘ra ko‘proq kitob o‘qimagan bo‘lsang yoki ta’lim berayotgan o‘qituvchi o‘zining talabasidan ko‘ra ko‘proq narsani bilmasa, asta-sekin tanazzul boshlanadi. Hayot haqida o‘ylaydigan, kitob yozadigan, she’r yozadigan yoki musiqadan maza qiladigan insonlar yaxshiyam bor, o‘shalar bu hayotni qutqarib turibdi, deyman.

Nima uchun ba’zi odamlar kitobni maza qilib o‘qiydi, ba’zilari darrov uxlab yoki zerikib qoladi? Kitob o‘qish tasavvurga bog‘liq.

Tasavvuring bo‘lsa, sen kitobda harflar birikmasini emas, o‘sha so‘z va gaplar orqali paydo bo‘lgan voqeani ko‘rasan.

Yozuvchi aytayotgan hamma narsa ko‘z oldingdan kinodek o‘tadi. Tasavvuring kambag‘al bo‘lsa, faqat harflarni ko‘rasan.

Aslida o‘sha tasavvur paydo bo‘lishi, kuchli bo‘lishi uchun ham o‘qish kerak. Birdan zo‘r bo‘lib ketmaysan. Sen o‘qiyver, o‘qiyver, o‘nta kitobni o‘qigandan keyin o‘zing hayron qolasan. Masalan, tug‘ilganingdan keyin yurish senga zarurat bo‘lgani, bir umr yurmasdan o‘tirolmaganing uchun yurib ketgansan. Shu sabab bu jarayon og‘ir tuyilmagan. Agar kitob o‘qish, bilim olish ham zaruratga aylansa, uni bajarish qiyin tuyilmaydi, aksincha, hayotingning ajralmas bo‘lagiga aylanadi.

Hayotimga ta’sir qilgan kitoblar yoshligimda emas, sal kattaroq bo‘lgandan yetib kelgan. Bolaligimda birinchi bo‘lib “Rasmlarda Vatan tarixi” kitobi meni hayratlantirgandi. Ikkinchi yoki uchinchi sinfligimda do‘kondan sotib olganman. To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna haqidagi hikoyalar rasmlarda aks etgan. Shiroqning jangi, Spitamenning kurashganlari tasvirlarda ko‘rsatilgan. Shu kitob meni tarixiy asarlarga qiziqtirgan. Tariximiz shunda bo‘lgan ekan-da deb, Ashtarxoniylar, Sosoniylar, Somoniylar, Mang‘itlar va, albatta, Temuriylarga qiziqib, o‘qib chiqqanman.

Ikkinchisi — Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari. Men toki shu kitob qo‘limga tushmaguncha faqat ertak kitob o‘qiganman. Boshlang‘ich sinflarda bolalarga katta kitob o‘qish mumkin emas deb o‘ylardim. Lekin uyimizda juda ko‘p kitob bo‘lgan, ularni olib, bir varaqdan nariga o‘tolmay, yana ertaklarga o‘tib ketardim. Bir kuni “Sariq devni minib” qo‘limga tushib qoldi-da, to‘xtamay o‘qib ketdim. Shunday qilib, bu asar badiiy kitoblarga yo‘l ochib berdi.

Yoshligimda menga juda ta’sir qilgan uchinchi kitob — Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani edi. Adashmasam, yuqori sinflarga o‘tganimda mutolaa qilganman. Tushunishim qiyin bo‘lgani uchun har bir varag‘ini uch martadan o‘qirdim. O‘shanda qazoyi qadar, hatto hozirgi o‘zbek jargonida ham deyarli ishlatilmaydigan so‘zlardan foydalanganini ko‘rib, hayratim oshgan. Buning uchun tarjimonga ham alohida rahmat aytishim kerak (rus tilidan Asil Rashidov tarjimasi — tahr.).

Insonning xayolini kitobga tushirish mumkinligini Chingiz Aytmatov, Dostoyevskiy orqali bilganman. Bizning katta yozuvchilarimiz o‘z asarlarini dialog ustiga quradi, hayot tarzi, qahramonlar kim bilan gaplashgani yoki zamon, zayl kabi holatlar yoritiladi.

“Asrga tatigulik kun”da esa umuman o‘sha paytdagi mafkura, o‘sha paytdagi tizimni chetga surib qo‘yib, inson omili, inson fikrining kitobga tushirilishi meni juda lol qoldirgan. O‘zi kichkina bir ovul haqida yozilgan. Kazangapning qabrga olib borilishi, u joyda raketa quriladigan bo‘lgani va boshqa sahnalarda xayolni shunchalik qiziq, odamlar o‘qiydigan asarga tushirish mumkinligini ko‘rganman.

“Asrga tatigulik” kun — kitoblarni tanlab o‘qishni o‘rgatgan asar. Ungacha qo‘limga tushgan kitobni o‘qirdim. Ushbu romandan keyin kutubxonada chet el yozuvchisining eskirib, titilib ketgan asarlarini tanlashni boshladim. Keyinchalik yoshim katta bo‘la borgach, bu masalada yanada daqiq bo‘lib bordim.

Menda bunday sanoqli kitoblar bo‘lmagan va yomon gumonim borki, qaysidir kitobdan keyin nimadir butunlay o‘zgarib qolmaydi. Lekin har bitta kitobdan keyin, albatta, o‘zgarish bo‘ladi. Faqat hayotingizga ta’sir qiladigan darajada emas. Bitta kitob sizni ozgina o‘zgartiradi, keyingi kitob yana ozgina, keyingisi yana biroz va ularning jamlanmasi sizning hayotingiz, kimligingiz, shaxsingiz, qabul qiladigan qarorlaringizga ta’sir qiladi.

“Bitta asar odamni o‘zgartiradi, lekin o‘sha bitta o‘zgartiradiganini topish uchun yuzlab kitob o‘qishing kerak”, degan qarash ham bor. Mening mulohazam sal boshqacharoq: bitta asar o‘zgartirmaydi, 100 ta kitob o‘qib, 101-siga kelganda oldingilaridan bitta-bittalab to‘plangan tajribalarning natijasi sezilishi mumkin.

Odam birovni his qila olishi, adolat hissi ichida bo‘lishi uchun ham baribir ko‘p kitob o‘qigan bo‘lishi kerak. Ilohiy bo‘lmagan, odamlar tomonidan yaratilganu, kimnidir lop etib o‘zgarib qo‘yadigan kitoblar borligiga ishonmayman. Maktab davrida uzoq ta’sirlanib yurgan kitoblarim sifatida Frans Kafkaning “Jazo koloniyasida”, “Evrilish”, Gabriel Garsia Markesning “Oshkora qotillik qissasi” asarlarini aytishim mumkin.

Bolalik, yoshlik chog‘larimda birin-ketin qo‘limga tushgan kitoblarni o‘qib ketaverganman. Birinchi o‘qigan katta asarim Parda Tursunning “O‘qituvchi” romani bo‘lgan. Uch kun o‘qiganman. Keyin kattaroq asarim Georgiy Tushkanning qirg‘izlar haqidagi “Jo‘ra” romani edi. So‘ng Said Ahmadning “Ufq”ini o‘qigandim.

O‘zimcha katta asarlardan boshlab olgan edim. Hikoyalar tez tugab qolardi-da, keyin yana yangi hikoya boshlanganda, yana yangi personajga kirish menga yoqmasdi. Bitta romanning ichida uzoqroq yashagim kelardi. Ikki-uch bet qolganda tugatgim kelmay, bir-ikki kun yopib qo‘yib, o‘ylab olardim-da, keyin o‘qirdim. Va har bitta kitobdan mayda-mayda nimadir olganman.

Menga eng qattiq ta’sir qilgan, yaxshi ko‘rgan kitoblarimdan bittasi — “Kichkina shahzoda”. “Kichkina shahzoda” insonlararo munosabatlarni yaxshiroq tushunish, do‘st topish, do‘stni asrab-avaylash naqadar muhimligini anglashga yordam bergan.

O‘zi o‘quvchilarimga o‘qitadigan kitoblarim o‘ntaligi bor: “O‘tkan kunlar”, “Temir xotin”, “Puankare” hikoyasi, “Kichkina shahzoda”, Aziz Nesinning “Dahshatli tush”, “Ming marta shukur”, “Agarda” hikoyalari, Shukur Xolmirzayevning “Ustoz” hikoyasi va Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani. Ya’ni bolalar tahlil qila olsin, u kim, qaysi millatning vakili, o‘zbek sifatida nima qilish, qaysi qadriyatlarni saqlab qolishi kerak. To‘g‘ri, o‘zbek sifatida qabul qilib bo‘lmaydigan, o‘zgartirish kerak bo‘lgan stereotiplar ham bor. Lekin bir millat sifatida saqlab qolish kerak bo‘lgan an’analar ham bor.

Yaxshi ko‘rgan kitoblarimdan yana biri — Erkin A’zam qalamiga mansub “Otoyining tug‘ilgan yili” asari. Uni menga bakalavrda o‘qiyotgan paytimda ustozim Dilmurod Quronov “o‘qib ko‘ring” deb bergan edilar.

Bu — shartakilik qissasi.

Hamma narsani shartta-shartta aytib qo‘yadigan va buning ortidan boshiga balo bo‘ladigan, muammolar keltirib beradigan Asqar degan bola haqida.

Ustozim, ehtimol, mana shu Asqarga o‘xshab qiynalib yuraman, degan xulosa qilishim uchun bergandirlar. Lekin u menga boshqacha ta’sir qildi. Ya’ni tabiati qancha yomon bo‘lmasin, hamma narsani shartakilik bilan aytmasin, odamlar bilan murosaga kelishga harakat qilmasdan, o‘z fikrini o‘tkazishga urinib qiynalib yurmasin, oxir-oqibat uni boricha qabul qila oladigan Raxshona degan qizni topadi.

Garchi hozir shartakilik qilayotgan bo‘lsam ham, aytaylik, haqiqatni odamlarning yuziga aytib qo‘yib, o‘zimga dushman orttirayotgan bo‘lsam ham, ko‘pchilik meni yoqtirmasa ham, bir kuni meni shu borimcha, shu tabiatim bilan qabul qiladigan odam uchratar ekanman-ku, degan xulosaga kelganman.

Dadam rahmatli “Gap nima o‘qishda emas, undan qanaqa xulosa qilishda” deb aytardilar. Va o‘quvchilarimga har doim asarlar bo‘yicha yozdirsam, asardan qanaqa xulosa chiqarding degan savolni beraman. Uchta, beshtagacha xulosa yozishadi. Kitob sizga yaxshi xulosalar berishi, ichingizdagi savollaringizga javob bera olishi yoki, aksincha, sizdagi savollarni yo‘qotishi kerak.

Og‘ir bir paytlarni boshimdan o‘tkazganimda Deyl Karnegining psixologik kitoblarini o‘qiganman. Tushkunlikdan chiqish, tik turish va sabr-toqatga o‘rgatgan. Ikkinchisi — dadam rahmatlidan olib ketgan kitobim “Hikmatlar guldastasi”. Dadam buni yoshligida olib yurgan ekanlar-da, menga vasiyat qilib tashlab ketgan ekanlar. Yevropadagi o‘qish, ish faoliyatimda doim men bilan yurardi. Uning ichida butun hayot bor edi. Demak, shunday bir olimlar, faylasuflar shunaqa deb ketgan ekan, deb o‘zimga juda ko‘p narsa olganman, keyingi hayotimda har biridan foydalanganman.

Uchinchi — AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning “Mening hayotim” kitobi. Unda Klinton butun hayotini yozib chiqqan. O‘shanda Finlyandiyada edim va men ham kitob yozaman deb bir sahifa ochib, xuddi shu nomda yozishni boshlagandim. U kitobda yoshligim, universitetga kirganimdan bugungi hayotimgacha bo‘lgan hamma narsa: qoqilish-u turish, yaxshilik-u yomonlik, xiyonat-u sadoqatlarni bayon qilib boryapman.

Keyinchalik Islom tarixiga oid kitoblarni o‘qishni boshladim. Ular ham tafakkurimni o‘zgartiryapti. Payg‘ambarlarga ham to‘siqlar bo‘lgan, ularga ham qarama-qarshiliklar bo‘lgan, lekin men oddiy insonman-ku, demak, bularga oddiy narsa deb qarashim kerak ekan, degan fikr paydo bo‘ldi. Bu xulosa sizga hayotingizdagi hamma to‘siqlardan o‘tishda yordam beradi.

Suhbat 9 cyentyabr kuni YouTube sahifamizda e’lon qilinadi.

Kitoblarni ajratib olish men uchun juda murakkab. Bolalik, o‘smirlik va yoshlikda ularning turi ham, janri ham farqlanadi. Shulardan kelib chiqqan holda aytsam, birinchisi — Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” asari. Ikkinchisi — Aleksandr Soljenitsinning “Gulag arxipelagi” (“Arxipelag GULAG”) asari. Bu judayam og‘ir, ichidagi hamma voqealar hayotiy, hech narsa o‘ylab topilmagan kitob. Ehtimol, uni o‘qish uchun odam ruhan juda kuchli bo‘lishi kerakdir.

Shunaqa asarlar bo‘ladi, bir-ikki betini o‘qiysiz-da, o‘zingizda ruhiy kuch topolmasdan yopib qo‘yasiz, ikki-uch yil o‘tib, hayotning turli jabhalarida charxlanib, og‘ir-yengilini ko‘rganingizdan keyin o‘sha kitobni o‘qishda o‘zingizda kuch topa olasiz. Yuqoridagilarning ikkisi ham shunday asarlar sirasiga kiradi.

Uchinchi asar — Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani. Lekin aslida yoshligimizda ta’sir qilgan kitoblar ko‘p-da. Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina” romanlari, Dostoyevskiy, Chexov, Abdulla Qahhorning barcha asarlarini ham aytishim mumkin. Shayximizning “Hadis va Hayot” to‘plami, shuningdek, Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” ham sevimli kitoblarimdan.

Oybekning “Qutlug‘ qon” romanini 12 yoshimda o‘qiganman, juda qattiq ta’sirlanganman, hozirgacha ham eng yaxshi ko‘radigan kitoblarim ro‘yxatida turadi. O‘zbekona an’analarni chiroyli tasvirlab bergani, o‘sha paytda bo‘lgan noto‘g‘ri an’analarning yoshlar hayotiga salbiy ta’sirlarini ko‘rsatgani bilan ham qadrli, buni har yoshda o‘qigan sari boshqacha qabul qilarkansiz.

Yana Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asarini ham aytishim mumkin. Uni har o‘n yil yoki har besh yilda o‘qisa, odam boshqacha qabul qiladi. Undagi o‘z sayyorasini tartibga keltirish haqidagi qismda ham juda katta ma’no bor. Inson birovni tushuna bilishi uchun ham birinchi navbatda o‘zining miyasi, o‘y-xayollarini tushuna bilishi, tozalab olishi kerak. Boshqalarga nisbatan salbiy tanqidlar bo‘lishidan avval “O‘zi men nima xohlayapman, balki noto‘g‘ri tushungandirman” degan ma’noda o‘ylab olishi kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.