Savodxonlik inqirozi: Norvegiya maktablari nega iPadʼlapdan voz kechdi?
2016-yilda Norvegiya taʼlim tizimida inqilobiy qadam tashlanadi. Mamlakatning katta qismidagi maktablarda 5 yoshli boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul iPad va noutbuklar tarqatiladi. Taʼlim 100 foiz raqamli formatga oʻtkazildi. Ammo, oradan 8-10 yil oʻtib, bu siyosatning natijasi kutilganining mutlaqo teskarisi effektini berdi. Bolalarda savodxonlik darajasi keskin tushib ketgan, ular oddiy matnlarni ham oʻqiy olmaydigan boʻlib qolishgan.

**Savodxonlik inqirozi: Norvegiya maktablari nega iPadʼlardan voz kechmoqda?**
Norvegiya maktablari planshetlardan foydalanish siyosatini tubdan oʻzgartirishga kirishdi. Oʻn yillik kuzatuvlar va xalqaro tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, bolalarga erta yoshdan raqamli qurilmalar berilishi ularning oʻqish va matnni tushunish qobiliyatlarini sezilarli darajada pasaytiradi.
**Muvaffaqiyatsiz tajriba**
2016-yilda Norvegiya taʼlim tizimida inqilobiy qadam tashlandi. Mamlakatning koʻplab maktablarida 5 yoshli boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul iPad va noutbuklar tarqatildi. Sinfxonalardan anʼanaviy daftar va kitoblar deyarli butunlay olib tashlanib, taʼlim 100 foiz raqamli formatga oʻtkazildi. Biroq, 8-10 yil oʻtib, bu siyosatning natijasi kutilganining mutlaqo teskarisi boʻldi.
Oʻquvchilarning matnni oʻqish va tushunish qobiliyatini baholovchi PIRLS (Progress in International Reading Literacy Study) tadqiqotlariga koʻra, norvegiyalik bolalarning koʻrsatkichlari keskin tushib ketgan. 2016-yildan (raqamlashtirish boshlangan davrdan) buyon Norvegiya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlari ichida oʻqish savodxonligi eng tez yomonlashayotgan davlatga aylangan.
Norvegiya taʼlim vazirligi va tadqiqotchilarning maʼlumotlariga koʻra, hozirda boshlangʻich maktabni tugatayotgan 15 mingdan ortiq oʻquvchi hatto bir nechta gapdan iborat oddiy matnlarni ham oxirigacha oʻqiy olmaydi va undagi asosiy mazmunni tushuntirib berishga qiynaladi. Mamlakat miqyosida olinganda esa 500 mingga yaqin odam (aholining qariyb 10 foizi) kundalik hayotda kerak boʻladigan oddiy matnli maʼlumotlarni, masalan, yoʻriqnomalar, rasmiy xatlar, yangiliklarni oʻqish va anglashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelyapti.
Norvegiyalik oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalarda "Kitob oʻqishni yaxshi koʻraman" deb javob bergan bolalar foizi dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan birini qayd etgan. Ekranlar bolalarda kitobxonlik madaniyatini butunlay yoʻq qilgan.
**Mutaxassislar nima deydi?**
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, planshetlar bolalarda matnni diqqat bilan oʻqish emas, balki barmoq bilan tezlikda “skroll” qilib (varaqlab) oʻtish koʻnikmasini shakllantirdi. Buning oqibatida oʻquvchilar uzun matnlarni oʻqishda diqqatini 1-2 daqiqadan ortiq bir joyga jamlay olmaydigan boʻlib qoldi. Murakkab syujetlar va mantiqiy zanjirlarni eslab qolish qobiliyati keskin zaiflashadi.

