Kubada yangi oʻquv yili oʻqituvchi yetishmovchiligi sharoitida boshlanmoqda
1-sentabr kuni Kubada qariyb 1,4 mln nafar oʻquvchi yangi oʻquv yilini boshlaydi. Biroq mamlakatdagi iqtisodiy va energetik inqiroz taʼlim tizimiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda: maktablarda oʻqituvchilar bilan taʼminlanganlik 73 foizga tushgan, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun maktab formalarining atigi 12 foizi tayyor.

Kubada yangi oʻquv yili oʻqituvchilar yetishmovchiligi sharoitida boshlanmoqda.
Kuba 2026-2027 oʻquv yilini oʻz vaqtida boshlashga tayyorlanmoqda. Biroq, Reuters xabariga koʻra, mamlakatdagi yoqilgʻi, elektr energiyasi, transport va zarur mahsulotlar tanqisligi maktablarni ham ogʻir ahvolga solib qoʻygan.
Kuba taʼlim vaziri Naima Truxiloning taʼkidlashicha, mamlakatdagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, bunday sharoitda yangi oʻquv yilini boshlashning oʻzi katta yutuqdir.
**Oʻqituvchilar nega maktablarni tark etmoqda?**
Kubada pedagoglar tanqisligining asosiy sabablaridan biri – ish haqining pastligi va mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar. Inflyatsiya sharoitida oʻqituvchilarning daromadi kundalik ehtiyojlarni qoplashga yetarli boʻlmay qolgani sababli, ularning bir qismi yaxshiroq haq toʻlanadigan boshqa ishga oʻtgan, yana bir qismi esa mamlakatni tark etgan.
Bu muammo yangi emas: tadqiqotlar Kubada oʻqituvchilarning boshqa sohalarga ketishi 1990-yillardan beri davom etayotganini va bu pedagoglar tanqisligini uzoq muddatli muammoga aylantirganini koʻrsatadi.
Yangi oʻquv yilida bu boʻshliqni toʻldirish uchun universitet talabalari, boshqa sohalar mutaxassislari va nafaqadagi oʻqituvchilar darslarga jalb qilinadi. Qoʻshimcha yuklama oladigan pedagoglar uchun qoʻshimcha haq toʻlash rejalashtirilgan.
Mamlakat poytaxti Gavanada vaziyat ancha keskin. U yerda oʻqituvchilar yetishmasligini qisman qoplash uchun mamlakatning sharqiy hududlaridan qariyb 3 ming nafar pedagog yuboriladi.
**Oʻquvchilarga maktab formasi ham yetishmayapti**
Muammo faqat kadrlar masalasi bilan cheklanmaydi. Kubada elektr energiyasi uzilishi va ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar maktab formalari taʼminotiga ham taʼsir qilgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun zarur maktab formalarining atigi 12 foizi ishlab chiqarilgan.
Shu sababli Taʼlim vazirligi maktablarni kiyinish masalasida moslashuvchan boʻlishga chaqirdi. Oʻquvchilar maktab formasi oʻrniga qulay kiyimda, anʼanaviy qizil galstuklari bilan darsga kelishlari mumkin.
Elektr va transport muammosi ham maktablarga taʼsir qilmoqda.

