Dunyo

Saudiyaga hujum qilayotgan husiychilar Erondan qanchalik mustaqil?

AQSH-Eron urushi nofaol fazaga oʻtgan bir paytda, Yamandagi husiychilarning Saudiyaga hujumlari keskinlashtirmoqda. Ar-Riyod harbiy jihatdan ustun, lekin tinch aholi orasidagi husiychilarga qarshi kurashish oson emas. Tehron ularga taʼsir koʻrsatsa-da, guruhning mustaqil qarorlari Eronni oʻzi istamagan qarama-qarshilikka ham tortib ketishi ehtimoli bor.

Saudiyaga hujum qilayotgan husiychilar Erondan qanchalik mustaqil?

Husiychilarning bugungi harakatlarida Eron taʼsirini avvalgiga nisbatan ancha past baholayman. Menimcha, husiychilar endi mustaqil qarorlar qabul qilib, oʻz manfaatlaridan kelib chiqib harakat qila boshlagan. Albatta, ularning qurol-yarogʻ imkoniyatlari koʻp jihatdan Eronga borib taqaladi. Ular oʻzlari ishlab chiqarganini aytayotgan dronlar va raketalarning bir qismi ham Eron tomonidan yetkazib berilgan yoki uning yordami bilan ishlab chiqarilgan. Shunga qaramay, husiychilarning soʻnggi harakatlarida Eron omilini avvalgidek hal qiluvchi deb bilmayman. Bu taʼsir butunlay yoʻq degani emas, biroq uning darajasi pasaygan boʻlishi mumkin.

Husiychilarning hozirgi xatti-harakatlari menga 2023-yil 7-oktabrda Hamas amalga oshirgan hujumni eslatadi. Oʻsha paytda ham Hamas oʻz qudratini toʻgʻri baholamagani, ayrim tashqi kuchlarning yordamiga ortiqcha umid qilgani haqida fikrlar bildirilgan edi. Oqibatda Isroil bu hujumdan Gʻazoga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyotlarini oqlash uchun foydalandi va hududning katta qismini vayron qildi.

Husiychilarning Saudiya Arabistoniga qarshi harakatlarida kimga yoki qanday kuchga tayanayotgani ham muhim masala. Ayniqsa, bu voqealar Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston oʻrtasida kelishuvlar muhokama qilinayotgan bir vaqtda yuz berayotgani eʼtiborga molik. Agar Makka alyansi husiychilarga qarshi umumiy pozitsiya shakllantirishni ham koʻzda tutayotgan boʻlsa, husiychilarning bunday hujumlari ular uchun yanada katta xavfga aylanishi mumkin. Chunki Saudiya Arabistoni ochiq urushga kirishda ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Mamlakatning iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalari, energetika infratuzilmasi hamda katta hududlarini himoya qilish zarurati bunday toʻqnashuvning narxini oshiradi.

Zamonaviy havo mudofaa tizimlariga ega davlatlar ham energetika obyektlarini barcha hujumlardan toʻliq himoya qila olmayotgan bir sharoitda, Saudiya Arabistoni uchun ham bunday xavflarni butunlay bartaraf etish oson emas. Shu sabab Ar-Riyod husiylar bilan keng koʻlamli urushga kirishishdan oldin uning oqibatlarini hisobga olishi tabiiy.

Hozirgi vaziyatda husiychilar juda katta tavakkalga qoʻl urmoqda. Ayniqsa, Ar-Riyoddagi ayeroportga qilingan hujum haqidagi xabarlar jiddiy savollarni keltirib chiqaradi. Chunki gap harbiy nishonlar emas, fuqarolik infratuzilmasi haqida ketmoqda. Bu esa husiychilarning boshqa musulmon davlatlari jamoatchiligi oldidagi obroʻsiga ham putur yetkazishi mumkin. Ularning harakatlari Eron bilan bogʻlanishi esa Tehronga xayrixoh boʻlgan ayrim davlatlar va jamoatchilik vakillarining ham munosabatini oʻzgartirishi ehtimoldan xoli emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.