Saudiya şahzodasi Tehronda, AQŞ birinçi xonimi vositaçi rolida – kun dayjesti
Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Saudiya shahzodasi Tehronda, AQSh birinchi xonimi vositachi sifatida — kun dayjesti
26-oktabr kuni Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiyaning yuqori martabali rasmiylari Tehronda Eron rahbariyati bilan uchrashdi.
Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon, Pokiston armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Osim Munir va Turkiya razvedka xizmati rahbari Ibrohim Kalin Tehronga kelgan. Ular Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon va Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiy bilan muzokara o‘tkazdi.
Ar-Riyod tashrif «harbiy eskalatsiyaning qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun muzokara kanallarini ochishga qaratilganini ma’lum qildi. Pokistonlik rasmiyning aytishicha, Munir Trampdan diplomatik yo‘lni sinab ko‘rish uchun ruxsat olgan va Eronga yechim taklif qilgan. Bu taklif ham AQSh, ham Eron manfaatlarini hisobga oladi. Reja qabul qilinsa, Makka pakti davlatlari va Qatar kafil bo‘lishi mumkin. Eron esa yadroviy dastur masalasi muhokama qilinmaganini ta’kidladi.
Muhsin Rizoiy bu tashrif «Amerika tahdidlari dunyo davlatlariga kam ta’sir qilishi»ni ko‘rsatganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada «yangi va ijobiy muhit» paydo bo‘lmoqda.
Uchrashuv Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. Tramp o‘tgan haftada AQSh Eronga yana zarba berishi mumkinligini aytgandi. Eron xavfsizlik rasmiylari esa bunday holatda Fors ko‘rfazidagi suvosti kabellariga hujum qilish rejasini tuzganini ma’lum qildi. Shu kuni husiylar Saudiya neft quvuri va Ar-Riyod aeroportiga hujum qilganini da’vo qildi, Misr parlamenti esa Saudiyaga harbiy yordam berishni ma’qulladi.
Ammo ayrim tahlilchilar uzoq muddatli natijaga unchalik ishonmayapti. Chunki husiylarning o‘z hisob-kitoblari bor va Eronning ularga ta’siri mutlaq emas.
Rossiya va Ukraina Xerson viloyatida Rossiya nazoratidagi Oleshki shahrida mahalliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy qildi. Bu shaharga insonparvarlik yordamini yetkazish va aholini evakuatsiya qilish uchun zarur. Rejim 27-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 da kuchga kirdi. Buni ikki tomon ham tasdiqladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Xerson yo‘nalishida o‘q uzishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Ukraina ombudsmani ham Kiev kelishuvga amal qilayotganini tasdiqladi. Biroq janglar haqiqatan kamayganini mustaqil OAVlar tekshira olmagan.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, kelishuvga AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp vositachilik qilgan. Rejaga ko‘ra, shaharga avval shifokorlar, dori-darmon, oziq-ovqat va ichimlik suvi yetkaziladi, so‘ng evakuatsiya yo‘laklari ochiladi. Kreml so‘zchisining aytishicha, ketishni istagan barcha tinch aholiga ruxsat beriladi. Evakuatsiyaning o‘zi kamida bir necha kun davom etadi.

