Saudiya Arabistonida 110 million tonna uran tarkibli ruda topildi
Kon Jabal-Said loyihasidagi geologiya-qidiruv ishlari doirasida aniqlangan. Urandan tashqari, ruda tarkibida kamyob yer elementlarining, ayniqsa ogʻir elementlarning yuqori konsentratsiyasi mavjudligi aytilmoqda.

Saudiya Arabistonida 110 million tonna uran tarkibli ruda aniqlandi
Saudiya Arabistonining Madina hududida uran konsentratsiyasi istiqbolli boʻlgan qariyb 110 million tonna ruda topildi. Bu haqda qirollik energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Vena shahrida boʻlib oʻtgan XAEA bosh konferensiyasida maʼlum qildi, deb xabar berdi The National News.
Kon Jabal-Said loyihasi doirasidagi geologiya-qidiruv ishlari vaqtida aniqlangan. Urandan tashqari, ruda tarkibida kamyob yer elementlari, ayniqsa ogʻir elementlar yuqori darajada mavjudligi aytilmoqda.
Vazirning aytishicha, ochilgan kon dunyoda nodir yer resurslarini oʻzlashtirishdagi eng muhim konlardan biriga aylanishi mumkin. Biroq bu yerda rudaning umumiy hajmi nazarda tutilmoqda — uranning aniq miqdori ham, iqtisodiy jihatdan qazib olinadigan resurslar hajmi ham hozircha oshkor etilmagan.
Bu ochilish Saudiya Arabistoni va AQSH oʻrtasida tinch atom sohasidagi hamkorlik kengayayotgan bir paytda yuz berdi. Iyul oyida ikki davlat atom energetikasida uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutuvchi fuqarolik yadroviy hamkorlik haqidagi bitimni imzolagan edi.
Saudiya Arabistoni ham oʻzining yadro yoqilgʻisi ishlab chiqarish zanjirini rivojlantirmoqda va milliy atom dasturi doirasida uranni qazib olish hamda qayta ishlash imkoniyatlarini oʻrganmoqda.
Iyul oyida AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Saudiya Arabistoniga yadro quroli ishlab chiqarilishining oldini olishga qaratilgan xalqaro kafolatlar joriy etilmasdan turib uranni boyitish bilan shugʻullanishga ruxsat berishga oldindan rozi boʻlgan edi.
CNN bilan suhbatlashgan ekspertlar, agar qatʼiy kafolatlar joriy etilmasa, bu kelishuv Saudiya Arabistoniga yadroviy qurolga ega boʻlish yoʻlini ochib berishi mumkinligini aytmoqda. Shu bilan birga, avvalroq mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon agar Eron oʻz bombasini yaratsa, yadro qurolini yaratish bilan tahdid qilgan edi.
Saudiya Arabistoni 1988-yildan beri Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnomaning toʻlaqonli ishtirokchisi, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) aʼzosi hisoblanadi. Mamlakat yadroviy yoqilgʻini xorijdan xarid qiladi, shu bilan birga yadroviy infratuzilmani mustaqil ravishda rivojlantirmoqda. Uning strategiyasi bosim ostidagi suvli yirik reaktorlar, kichik modulli reaktorlar (KMR) va uranning ichki zaxiralaridan foydalanish uchun toʻliq yadroviy yoqilgʻi siklini rivojlantirishga qaratilgan.

