Saudiya neft eksporti xavf ostida: 4 foizgacha global ta’minot uzilishi mumkin — Reuters

Saudiya neft eksporti xavf ostida: global ta’minotning 4 foizigacha uzilishi mumkin — Reuters
Saudiya Arabistoni fond bozori mamlakatdagi neft quvuriga uyushtirilgan hujum va Fors ko‘rfazidagi yangi zarbalar ortidan keskin pasaydi. Bu holat Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda global neft ta’minoti borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Yakshanba kuni Saudiya Arabistonining asosiy TASI indeksi 1,3 foizga kamaydi. Bu aprel boshidan beri qayd etilgan eng katta kunlik pasayish bo‘ldi. Indeksning tushishiga, jumladan, Al Rajhi Bank aksiyalarining 1,2 foizga va Saudi Arabian Mining Company aksiyalarining 3,2 foizga arzonlashishi sabab bo‘ldi.
Fond bozoridagi pasayish Saudiya Arabistonining Sharq-G‘arb neft quvuridan ehtiyot chorasi sifatida foydalanishni to‘xtatgani ortidan yuz berdi. Payshanba kuni Riyod va Madina hududlaridagi obyektlarga havo hujumlari uyushtirilgan va buning oqibatida bir necha kishi jarohatlangan.
Saudiya va Iroq rasmiylari hujumlar Iroq hududidan amalga oshirilganini bildirdi. Iroq hududida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlar faoliyat yuritadi. Shu sababli Iroq hukumati shanba kuni yuqori martabali harbiy qo‘mondonlardan birini lavozimidan chetlatdi.
Riyod Iroq bosh vazirining murojaatidan keyin darhol harbiy javob qaytarmadi. Biroq Saudiya Arabistoni o‘z suvereniteti va muhim infratuzilmasini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa shanba kuni hujumlar uchun bevosita Eronni aybladi.
Sharq-G‘arb quvuri Saudiya Arabistoniga Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tib, neftni Qizil dengiz orqali eksport qilish imkonini beradigan asosiy muqobil yo‘nalish hisoblanadi.
Savdogarlar va xaridorlarning aytishicha, agar quvur yaqin kunlarda ishga tushirilmasa, Saudiya Arabistoni neft eksportida jiddiy tanqislikka duch kelishi mumkin. Bu esa jahon neft ta’minotining 4 foizigacha qismini xavf ostida qoldirishi mumkin.
Bunday ehtimoliy taqchillik allaqachon bosim ostida bo‘lgan jahon bozoriga qo‘shimcha zarba berishi mumkin. Energiya narxlarining keskin oshishi global inflyatsiyani kuchaytirayotgan va AQSH davlat obligatsiyalari daromadliligini 2008-yildan beri eng yuqori darajaga olib chiqayotgan bir paytda vaziyat yanada murakkablashmoqda.
Fors ko‘rfazidagi dengiz qatnovidagi uzilishlar va Hormuz bo‘g‘ozining yopiq qolayotgani ham investorlarni xavotirga solmoqda.
XTB MENA tahlilchisi Milad Azarning fikricha, dushanba kuni Ummon mezbonligida Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida rejalashtirilgan diplomatik muzokaralarda tezkor kelishuvga erishilmasa, bozorlardagi ehtiyotkorlik saqlanib qoladi.
Fors ko‘rfazidagi boshqa bozorlarda ham pasayish kuzatildi. Misrning EGX30 indeksi 1,1 foizga tushdi. Qatarning QSI indeksi esa mintaqadagi umumiy tendensiyaga zid ravishda 0,3 foizga o‘sdi. Bunga Qatar National Bank aksiyalarining qimmatlashishi turtki berdi.
Ayni paytda Fors ko‘rfazi davlatlari tashqi ishlar vazirlari dushanba kuni Ummon vositachiligida Eron tashqi ishlar vaziri bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini boshqarish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.

