Layfstayl

“Sarvar akaning birinchi oilasi meni deb buzilmagan”. Tatyana Zayseva ajrashishga nima sabab bo‘lgani va firibgarlikka uchragani haqida

“ ‘Sharq’ guruhiga endi qo‘shilgan paytlarimda Sarvar akaning shaxsiy hayoti haqida hatto bilmasdim ham. Chunki u kishi har doim sirli, yopiq inson bo‘lgan, ichki kechinmalarini tashqariga chiqarmasdi”, deydi u.

“Sarvar akaning birinchi oilasi meni deb buzilmagan”. Tatyana Zayseva ajrashish sababi va firibgarlikka uchragani haqida

Xonanda Tatyana Zayseva YouTube’dagi “Mirsodiqova bilan” ko‘rsatuviga intervyu berdi. Suhbat davomida u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishiga nima sabab bo‘lgani, bugun ayollar xafagarchilikni ichiga yutib yashashi oqibatida onkologik kasalliklar ko‘payib borayotgani hamda qanday qilib firibgarlik qurboniga aylangani haqida gapirdi.

### “Gidromelioratsiya fakultetida bakalavrni tamomlaganman”

— Dastlabki musiqiy saboqni onamdan olganman. Ammo onam doim: “Inson, albatta, bir tayinli kasbni egallashi kerak. Keyinchalik ham o‘z ustingda ishlasang, ashula ayta olasan. Baribir asosiy mutaxassisliging bo‘lgani yaxshi”, derdi. Onam musiqa sohasining odami bo‘lsa ham, Irrigatsiya va melioratsiya institutida buxgalter bo‘lib ishlagan. Shu sababli yonlarida bo‘lishimni istab, mening ham shu institutga o‘qishga kirishimni xohlagan. Gidromelioratsiya fakultetiga qabul qilingach, bu mening soham emasligini tushunib yetganman. Bu yo‘nalish, ayniqsa, qiz bolalar uchun juda qiyin.

Lekin baribir inson chin dildan intilsa, taqdirini shu devorlar ichida ham toparkan. Chunki ijodim aynan shu institutda boshlangan. U yerdagi konsertlarda qatnasha boshladim va keyinchalik shu yerdan “O‘zbegim yoshlari” ansambliga qo‘shildim. Bu guruhga kirish tarixim ham juda qiziq kechgan. Ikkinchi kursda o‘qiyotgan paytlarim faollar zaliga tez-tez kirib turardim. Negaki u yerda royal va mikrofonlar bor edi, san’atga esa ishtiyoqim juda baland bo‘lgan.

Bir kuni zalga borganimda repetitsiya bo‘layotganiga duch keldim. Xonatlas ko‘ylakdagi juda chiroyli qizlar raqsga tushib, qo‘shiq kuylashayotgan ekan. Zal chetida bir ayol ham o‘tirgandi. Qiziqib shu ayolning (menimcha, ustoz edi) yoniga bordim-da, qanday tadbirga tayyorlanishayotganini so‘radim. U “Qizlar davrasi” ko‘rsatuviga tayyorgarlik ko‘rishayotganini aytdi. Undan men ham qatnashsam bo‘ladimi, deb so‘radim. Suhbatimiz rus tilida bo‘lgani uchun u o‘zbekcha biror narsa ayta olishim haqida qiziqdi. Ularga Yulduz Usmonovaning hamma qo‘shiqlarini bilishimni aytib, so‘ng “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston” ashulasini kuylab berganman. Ayol meni eshitib bo‘lgach, talaffuzim biroz yomonligini, ammo tabassumim chiroyli, ko‘zlarimda nur borligini aytdi. Keyin esa “Marvarid” degan qo‘shiqni o‘rganishimni tayinlab, ansamblga qabul qildi.

### “Sarvar akaning birinchi turmushidan ajrashishiga men sababchi bo‘lmaganman”

— Sarvar aka avval bir qiz bilan uchrashib, keyin unga uylangan ekan. Ammo keyinchalik ajrashishgan. Biz boshida bir-birimizga ortiqcha gapirmagan bo‘lsak-da, sahnada birga qo‘shiq aytganimizda o‘rtamizda qandaydir mehr uyg‘ongandi. O‘sha paytda ichimizda nimadir his qildik. Oradan bir yarim yil o‘tib, turmush qurish taklifini bildirdi. Ulardagi vazminlik va jiddiylik meni o‘ziga tortdi. Onamga ham mana shu xislatlari ma’qul kelgandi. Sarvar akaning nega o‘zini bunchalik og‘ir-vazmin tutishi menga doim qiziq tuyulgan. Tabiatan emotsional bo‘lganim uchun ulardagi bosiqlik meni o‘ziga jalb qildi va mana shu qarama-qarshilik sabab uni sevib qolganman. Keyinchalik esa bu holat o‘zimni topa olmasligimga sabab bo‘ldi, deydi xonanda.

“Sharq” guruhiga endi qo‘shilgan paytlarimda Sarvar akaning shaxsiy hayoti haqida hatto bilmasdim ham. Chunki u kishi har doim sirli, yopiq inson bo‘lgan. Ya’ni ichki kechinmalarini tashqariga chiqarmasdi. Ko‘p marta unga “Sarvar, nega doim kayfiyatsizdek yurasiz? Ichki dunyongiz shunchalik ochilmaydigan darajada berkmi?”, deb savollar berardim. U inson bilan 16 yil birga yashab, ijod qilgan bo‘lsak, shuncha vaqt mobaynida ularni tushunishga intildim va oxiri tushunib yetdim ham. Lekin shu bilan birga o‘zimni ham angladim, deydi u.

### “Sarvar aka hayotimni psixologlar buzganini ko‘p aytardi”

— Psixologiya hayotimga juda katta foyda olib keldi. Chunki o‘sha paytlar ruhiy ahvolim shu darajada yomon ediki, agar psixologlar bo‘lmaganida, o‘lib qolishim ham mumkin edi. Yaxshiyamki, yo‘limda yaxshi mutaxassislar uchradi. Yaxshiyamki, Xudo bilan ko‘p muloqot qildim, dardlashdim. Bularning barchasi yaxshilikka bo‘ldi. Hozir o‘zimni juda yaxshi va baxtli his qilyapman. Ammo Sarvar aka “Hayotingni psixologlaring buzib qo‘ydi”, deb ko‘p aytardi. Bu ularning shaxsiy fikri, lekin aslida unday emas.

Mendan atrofimdagilar — ishxonadagilar, tanish-bilishlar yuz o‘girishdi. Hayotimda deyarli hech kim qolmadi. Balki ular ham meni psixologiyaga berilib ketdi, deb o‘ylashgandir. Kimdir bu haqda o‘zimga ochiq-oydin gapirganda osonroq bo‘lardi, chunki haqiqatni yaxshi ko‘raman.

Turmushimiz hech qachon oson bo‘lmagan. Eslasam, har doim qiyinchiliklar bo‘lardi. Axir inson shu sinovlardan o‘tish uchun harakat qilishi kerak-ku. O‘ziga “nima uchun baxtli emasman?” deb savol bersa, buning nimasi yomon? Atrofdagilar esa buni hayotidan noliyapti deb tushunishadi. O‘zini qiynayotgan savollarga javob izlash yomon narsa emas, deydi u.

### “Ko‘pchilik ayollar turmush o‘rtog‘iga chidab, ich-ichidan xafa bo‘lib yashayotgani uchun xotin-qizlar orasida onkologik kasalliklar ko‘payib ketdi”

— Hozir ayollarimiz orasida onkologik kasalliklar ko‘paygan. Buning sabablaridan bittasi — juda ko‘pchilik ayollar xafagarchilik ichida yashaydi. Ba’zilar eridan nafratlanib, majburan birga yashab kelgani uchun ham bunday kasalliklarga yo‘liqishyapti. Mana shu majburan chidab yashashlar ularning organizmini ichdan yemiradi.

### “Har doim kuchli bo‘lganman, lekin nafis ayol bo‘lishni xohlaganman”

— Sarvar aka bilan ko‘p marta ochiq gaplashib olishga harakat qilganmiz. Bir safar ular “Meni ko‘p nazorat qilaverganingdan erkak sifatida o‘zimga bo‘lgan ishonchim yo‘qolgandek bo‘ladi. Doim kuchli bo‘lishga intilasan”, deganlar. O‘shanda ularga “yaxshiyamki bu haqda aytdingiz, chunki men ham o‘zimni nafis va chiroyli ayoldek his qilgim keladi”, deb javob berganman.

To‘g‘risini aytsam, har doim mana shunday kuchli ayol bo‘lib kelgan ekanman. Nafislikka intilganim bilan tabiatan juda sabrli edim. Sarvar akaga ko‘pincha maslahat berardim, balki bu narsa ham ularga erish tuyulgandir. O‘shandagi suhbatimizdan keyin ayol kishi o‘z energiyasini faqat o‘ziga sarflashi kerakligini, erkak kishi nima qilishni ayolning nazoratisiz ham o‘zi yaxshi bilishini angladim.

Umuman olganda, hamma o‘z vazifasini birovning nazoratisiz, o‘z ixtiyori bilan bajarishi lozim, kimgadir maslahat berishning keragi yo‘q. Erkak o‘z vazifasini bilsa, ayol ham o‘z o‘rnida bo‘lsa, hayot go‘zallashadi. Ana o‘shanda oilada haqiqiy sevgi paydo bo‘ladi. Faqat bir narsa, har kim o‘z vazifasini majburlikdan emas, chin dildan, yurakdan bajarishi kerak. Ana shunda turmushlari baxtli bo‘ladi.

### “Firibgarlik qurboni bo‘ldim”

— Bir yil avval firibgarlarga aldanib qoldim. Yangi ish boshlab, vokal bo‘yicha kursimni ochmoqchi edim. Bir ustozimning o‘g‘li yangi loyiha bo‘yicha menga yordam berishni taklif qildi. U yigit “Amerikada tanishlarim bor. Ularning ko‘magi bilan shunday kurs tayyorlaymizki, uch oy ichida hammasini sotishga ulguramiz”, dedi. Uning gaplariga ishondim. Lekin unga hozir yonimda pulim yo‘qligini aytdim. U bo‘lsa qarz yoki kredit olishim kerakligini maslahat berdi. Yigitning gapiga kirib, ham qarz, ham kredit olib pullarni unga berdim. Ammo keyinchalik u firibgar bo‘lib chiqdi va meni katta summaga tushirib ketdi.

Bu men uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Sarvar akadan yordam so‘raganimda, u kishi “o‘zing pishirgan osh”, deb yordam berishdan bosh tortdi. To‘g‘ri, o‘zim xato qildim, aybdor ham o‘zim. Hozirda qarzlarimning bir qismi qoldi, deydi xonanda Tatyana Zayseva.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.