Samoa yetakchisi 2007 yilgi video paydo boʻlganidan keyin natsistlarcha salomlashgani uchun uzr soʻradi
Shmidt oʻz harakatlari «nooʻrin boʻlgani hamda xafagarchilik va ozor yetkazishi mumkinligini» tan oldi.

Samoa yetakchisi 2007 yilgi video paydo boʻlganidan keyin natsistlarcha salomlashgani uchun uzr soʻradi
Samoa va nemis ildizlariga ega boʻlgan Shmidt 2025 yil sentyabrida bosh vazir lavozimiga kirishgan edi
Samoa bosh vaziri oilaviy yigʻilishda «Heil Hitler» deya natsistlarcha salomlashgani aks etgan video paydo boʻlganidan keyin uzr soʻradi.
2007 yil iyul oyida suratga olingan yetti soniyalik videoda Laaulialemaliyetoa Leuatea Shmidtning oʻn chogʻli odamga boshchilik qilib salom berayotgani aks etgan. «Oʻng qoʻlingizni koʻtaring, Heil Hitler!» deydi u va keyin guruhga javob qaytargani uchun minnatdorchilik bildiradi.
Shmidt oʻz soʻzlari va harakati «nooʻrin boʻlgani hamda xafagarchilik va ozor yetkazishga qodirligini» tan oldi va bu video shaxsiy yigʻilishda yozib olingani hamda «jamoatchilik uchun moʻljallanmaganini» qoʻshimcha qildi.
«Men natsizm, antisemitizm, irqchilik va siyosiy ekstremizmning barcha shakllarini rad etaman», dedi Shmidt dushanba kuni Facebook'da eʼlon qilingan bayonotida.
Unda aytilishicha, video 2007 yil iyul oyida Shmidtlar oilasining uchrashuvida, Shmidt parlament spikeri oʻrinbosari boʻlgan vaqtda suratga olingan va oila aʼzolaridan birining soʻzlariga koʻra, u yigʻilishda boshlovchilik qilgan.
Aholisi taxminan 221 000 kishidan iborat kichik orol davlati boʻlgan Samoa Yangi Zelandiya va Gavayi orollari oraligʻida joylashgan.
U XX asr boshlarida Germaniya nazorati ostida boʻlgan, biroq kolonizatsiya Birinchi jahon urushi boshlanganidan koʻp oʻtmay tugagan.
Samoa va nemis ildizlariga ega boʻlgan Shmidt 2025 yil sentyabrida mamlakatning sakkizinchi bosh vaziri sifatida ish boshlagan edi.
U qasamyod qilish marosimida yahudiylarning ibodat yopinchigʻini taqqan va bosh vazirligining dastlabki kunlarida Samoa «Isroil bilan birga ekanini» aytib, Isroilni qoʻllab-quvvatlashini aniq bildirgan edi.
«Agar bu butun dunyodagi odamlarga yoqmasa, bu ularning ishi, lekin Samoa Xudoning zamini bilan birga... Mamlakatimiz ishonadigan yagona Xudo bor, u ham boʻlsa Isroil Xudosidir», degan edi u.

