Dunyo

«Moskvaga otlangan» Zelenskiy, BMTda «bomba-peyjer» koʻrsatgan Netanyahu – hafta dayjesti

Haftaning eng muhim voqeasi BMT bosh sammiti boʻldi. Oxirgi 4-5 yilda dunyo siyosati agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi, hamma yerda katta hisob-kitob boshlangan, xuddi 90-yillar boshiga oʻxshaydi. Bunaqa talotoʻpda hammaning aytar gapi yigʻilib qolgan ekan, kimdir minbarni mushtladi, kimdir «butun Gʻarbni yolgʻonchiga chiqardi», kimdir Amerikada turib Amerikani dunyoni toʻzitishda aybladi.

«Moskvaga otlangan» Zelenskiy, BMTda «bomba-peyjer» koʻrsatgan Netanyahu – hafta dayjesti

Bu joʻshqin chiqishlardan shunday xulosa chiqadiki: endi yuzing-koʻzing deb yuradigan davr ortda qoldi, hamma gapini ochiq ayta boshladi, barcha pardalar koʻtarildi. Netanyahu endi mayda-chuyda gaplarga oʻtmay, Isroil davlatining daʼvosini ochiq bayon qilishga oʻtdi: «Yahudiylar Joʻlon tepaligida Muso paygʻambar davridan buyon yashaydi, buni Injildan oʻqib oling». Butun dunyo minbaridan shunday jiddiy boʻlmagan daʼvo yangragani endi hech qanday muvozanat, hech qanday cheklanib boʻlmaydigan maʼnaviy chegara qolmaganini koʻrsatadi.

Bir davlatning boshqa davlat yerlariga Tavrotda, Injilda, Qurʼonda yozilgan oyatlarga tayangan holda daʼvo qilishi faqat yangi urushlarga olib kelishi mumkin, xolos. Muqaddas kitoblarni bir chetga qoʻyaylik, yaqin tarixga oid bitta daʼvo ham Yevropa sharqidagi soʻnggi 80 yildagi eng katta urushni boshlab berdi. Endi tasavvur qiling, hamma tarix kitobini varaqlab, oʻz daʼvolarini ilgari sursa, nima boʻladi?

Faqat Chingizxon barpo etgan imperiya hozirgi qaysi davlatlar ustidan hukmronlik qilganiga qarashning oʻzi kifoya. Yoki Makedonskiy avlodlari «Bizning bobomiz falon yerlarda ot choptirgan», deb chiqishi dunyoni ostin-ustun qilish uchun yetarli. Hozir Netanyahu hukumati arablarni quvib, yerlarini bosib olishdan toʻxtamayotgan muqaddas yerlar kechagacha Usmonlilarga, Birinchi jahon urushidan keyin esa inglizlarga tegishli edi. Endi Netanyahu dunyo minbariga chiqib, hali u tugʻilmagan paytda Isroil degan davlat asos solinishi uchun Falastinni ikkiga boʻlib bergan BMTni mensimasdan, sahnaga hizbullohchilarni portlatgan peyjerni koʻrsatmoqda. Bu dunyoda hech qanday maʼnaviy chegara qolmadi degan gapimizni tasdiqlaydi.

### BMTda qaynoq hafta

Haftaning eng muhim voqeasi, albatta, Nyu Yorkda oʻtgan BMT sammiti boʻldi. Tashkilotga aʼzo davlatlar bunday yigʻinlarga oʻzlari uchun muhim deb bilgan mavzularni olib boradi. Masalan, Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov 1998-yilgi BMT sammitida butun dunyoni Afgʻonistondagi nazoratsiz vaziyat global xavf ekani, bunday sharoitda terrorizm faol rivojlanishi haqida ogohlantirgandi.

2000-yil sentabrda marhum prezident Karimov Afgʻoniston boʻyicha ogohlantirishini yana Nyu Yorkdagi BMT sammitida turib takrorlaydi. Oradan roppa-rosa bir yil oʻtib, 2001-yil sentabrda Karimov vaziyat izdan chiqqani haqida ogohlantirgan Afgʻonistonda tayyorlangan terakt orqali aynan shu ogohlantirish yangragan shahar — Nyu York portlatilgandi.

Karimov shubhasiz katta siyosatchi edi, bunday katta minbarlarda qanday gapirishni yaxshi bilardi. Biroq bu haftadagi sammit yuqorida misol keltirganimiz kabi mulohazali ogohlantirishlar bilan emas, alamli nutqlar, ayblovlar va mantiqsiz daʼvolar bilan yodda qoldi.

Kirish qismida toʻxtalganimizdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu nutq soʻzlash uchun chiqqanda 70 ga yaqin davlat delegatlari zalni tark etdi. Isroilliklar «zalni tark etganlar tashqariga chiqib, Bibining nutqini televizorda koʻrishgani» haqida hazillashishdi. Lekin men bu nutqni jonli efirda diqqat bilan kuzatdim. Uning chiqishlarini kuzatib boraman, chunki kimnidir kuzatmay turib tanqid qilish toʻgʻri emas. Netanyahu juda xarizmatik siyosatchi, ingliz tilida ham ravon gapiradi, uning inglizchasi nihoyatda tushunarli.

BMTdagi chiqishida Netanyahu hisob-kitob daftarini ochib, roʻyxat boʻyicha hammani diplomatik uslubda soʻkib chiqdi. Turkiya prezidenti Erdoʻgʻanni zolim deb atab, «muxolifatchilarni oʻldirish, jurnalistlarni qamash, armanlar qirgʻinini tan olmaslikda» aybladi. Nyu York hokimi Mamdanini uni hibsga olishga chaqirgani uchun sharmanda qildi, «hokimning xotini HAMASning hujumi oqlangan postlarga like bosganini» aytishga ham ulgurdi. Fransiya va Britaniyani Isroil haqida yolgʻon tarqatishda aybladi. Xullas, hech kim chetda qolmadi. Oxirida zalda qolgan uch-toʻrt kishini sergak torttirib, «Hizbulloh»ni mana shular bilan portlatgandik», deb choʻntagidan peyjer chiqardi.

Netanyahudan tashqari Ukraina prezidenti Zelenskiyning nutqi ham esda qolarli boʻldi. Ukraina prezidenti Rossiya yil boshidan buyon yoʻqotgan askarlari soni kichikroq davlat aholisi bilan teng ekanini aytdi, ruslar har bir egallangan km uchun 248 odam yoʻqotayotganini eslatdi, Putinni «urushni kattalashtirayotgan nolinchi raqamli bemor» deb atadi, yaʼni u — patient zero dedi. Tibbiyotda biror kasallik yoki virus tarqalishini boshlab bergan eng birinchi bemor shunday ataladi. Bu oʻxshatish bilan Putinni urush gʻoyasini tarqatuvchi sifatida koʻrsatdi.

### Eron prezidenti Amerikada

BMT sammitidagi yana bir esda qolarli chiqish muallifi Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon boʻldi. Eron prezidenti sammitda noodatiy biror gap aytmadi, Amerika maktab bolalarini oʻldirgani, sportzalda bolalar oʻynayotganida bomba tushgani kabi oldin ham taʼkidlangan faktlarni takrorladi. Lekin Eronning ikkinchi raqamli odami Amerikaga borgani oʻzi qiziq voqea boʻldi. Amerika yil boshidan buyon Eron bilan urushib yotibdi, Tehronda oʻldirmagan siyosatchisi, diniy rahbari qolmadi. Lekin Eron prezidenti hech narsa boʻlmagandek Amerikaga borib, Amerikani tanqid qilib nutq soʻzladi. Bu Amerika chindan sehrli diyor.

### Rossiyada saylovlar

Aytgancha, hafta davomida Rossiyada parlament saylovlari natijasi eʼlon qilindi. Rasmiy hujjatlarga koʻra, rekord davomat bilan oʻtgan saylovda Putinning partiyasi rekord natija bilan gʻolib boʻldi. Boshqacha boʻlishi mumkin emasdi axir. Kreml uchun urush davrida parlament saylovlarini oʻtkazib olish muhim edi.

Toʻgʻrirogʻi, shunchaki saylov oʻtkazib, «Yedinaya Rossiya»ning katta farq bilan gʻalabasini koʻrsatish emas, urushga qarshi boʻlgan har qanday nomzod kamsitish darajasida past ovoz olganini «Rossiya 24» tomoshabinlariga namoyish etish muhim edi. Yaxshimi-yomonmi, bir amallab shunday manzarani koʻrsata olishdi. Rossiya muxolifati «hukmron partiya aslida eʼlon qilinganidan ancha past ovoz olganini» aytmoqda, lekin buni isbotlab boʻlarmidi.

### Xitoy raisi AQShga bordi

Hafta davomida Xitoy raisi Si Jinping ham AQShga bordi. Yoʻq, BMT sammitida nutq soʻzlash uchun emas, chunki xitoyliklar bu tashkilot Xavfsizlik Kengashida boʻlsa ham, uni allaqachon jiddiy qabul qilmay qoʻygan. Si AQShga davlat tashrifi bilan bordi. Uni aerodromda shaxsan Tramp kutib oldi, shohona qabul uyushtirdi, zoʻr ziyofat berdi. Lekin aytilayotgan bayonotlardan dunyoning ikki yetakchisi qandaydir muhim kelishuvga erishganga oʻxshamaydi. Balki yopiq qandaydir kelishuv boʻlgandir, buni tez orada Amerika nashrlarining «razvedkadagi manbalaridan» bilib olamiz.

### «Raketada boraman»

Endi eng shov-shuvli yangilikka keldik, feyk tarqatishni yaxshi koʻradigan sariq Telegram-kanallar chaqmoqcha belgisi bilan «tarqatvoringlar» deb yozsa arziydigan xabar. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga borarkan! Faqat nyuans bor, raketada borar ekan. BMTda nutqini yakunlab chiqqan Zelenskiydan oʻsha yerdagi rossiyalik jurnalist «Qachon Rossiyaga borasiz?» deb soʻradi.

Zelenskiy baribir soʻz ustasi, boshqa mavzuda gaplashib ketayotgan bir paytda bir lahza oʻsha rossiyalik jurnalistga qaradi-da, «raketada» dedi. Yaʼni «Moskvaga raketada boraman», dedi. Rossiyalik propagandachi «Qachon Moskvaga borib taslim boʻlasiz?» deb Zelenskiyni mot qilishni istadi, lekin birgina soʻzdan iborat nihoyatda kuchli javob oldi. Bu kichik epizod bir oʻlmas haqiqatni yana bir bor eslatdi: dushmanni mensimaslik magʻlubiyat sari tashlangan birinchi qadamdir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.