Mahalliy

Samarqandda tiriklayin ko‘mib yuborilgan erkak 28 kun komada yotib, vafot etdi

Payariq tumanida bir guruh shaxslar erkakning yo‘lini to‘sib, boshiga armatura bilan urgan va uni mashinada olib ketgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.

Samarqandda tiriklayin ko‘mib yuborilgan erkak 28 kun komada yotib, hayotdan ko‘z yumdi

Samarqand viloyati Payariq tumanida bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, tiriklayin ko‘mib yuborilgan 32 yoshli erkak qariyb bir oy komada yotgach, vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Navro‘z mahallasida yashagan 32 yoshli yigit tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga qaytayotganida ularning yo‘lini oq rangli Spark to‘sib qolgan. Mashinadan tushgan shaxslar unga tashlanib, boshiga armatura bilan ura boshlagan.

Voqea guvohining aytishicha, u o‘rtog‘ini himoya qilishga va hujum qilganlarning qo‘lidagi armaturani tortib olishga uringan. Shu payt qolganlar unga ham yopirilgan va toshlar bilan ura boshlagan.

“Soat kechki 11–12 atrofi edi. Sherbek bilan oshxonadan chiqib kelayotgan edik. Yo‘lda uyimiz tomonga burilganimizda oq Spark yo‘limizni to‘sib to‘xtadi. Mashinadan qo‘llarida armatura bilan tushib, guruh bo‘lib Sherbekning boshiga ura ketishdi. Buni ko‘rib, mashinadan yugurib tushdim-da, ularning qo‘lidagi armaturani olishga harakat qildim. Shu payt ular meni ham ura ketdi. Katta-katta toshlar bilan ura boshlashdi. Qaraganimda, Sherbek asfalt ustida, futbolkasiz, qonga belanib yotgan edi. Uni tepib urishayotgan edi. Simto‘rdan sakrab o‘tganimda, Sherbekni mashinaga majburlab tiqishayotgan edi”, deydi voqeaga guvoh bo‘lgan marhumning do‘sti.

Marhumning akasiga ko‘ra, jabrlanuvchini mahalla markazidan taxminan uch kilometr uzoqlikdagi, aholi yashamaydigan hududga olib ketishgan. U o‘sha yerdan og‘ir ahvolda topilgan.

“Birinchi ko‘rganimda ukamni o‘lib qolgan deb o‘yladim. Atrofida qonli qusuq, beton bo‘laklari va sim bor edi. Bo‘g‘ilgani ko‘rinib turardi, bo‘ynidan yuqori qismi ko‘karib ketgan edi. O‘pkasidan qandaydir ovoz eshitganimdan keyin umidim uyg‘ondi. Keyin uni mashinaga ortib, olib ketdim”, deydi marhumning akasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukasining boshiga ko‘p marta zarba berilgan, peshanasi va boshining yon qismlari shishib ketgan. Shifoxonada Sherbekning o‘pkasidan uch litrdan ziyod qon olingan.

“Urib, shunchaki tan jarohati yetkazib tashlab ketishmagan. Katta yo‘l yoqasida qoldirishganida kimdir unga yordam berishi mumkin edi. Ovloq joyga olib borib ko‘mishgan. Ko‘milganida havo yetmay, o‘rnidan turgan. Shunda yana sim bilan bo‘g‘ib, boshiga armatura va beton bilan urishgan”, deydi akasi.

Marhumning turmush o‘rtog‘ining ta’kidlashicha, eri tanib bo‘lmas darajada jarohatlangan va 28 kun komada yotgan.

Janjalga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan. Marhumning akasi hujum qilganlarning barchasini ham yaxshi tanimasligini, ular bilan oilasi o‘rtasida adovat bo‘lmaganini bildirgan. Biroq voqeadan ikki kun oldin ukasi ular bilan janjallashib, yoqalashganini ko‘rganlar borligini aytgan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Hamidulla Sagdullayevning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jabrlanuvchi vafot etgach, ish ushbu moddaning 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.

Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ular jabrlanuvchini majburan mashinaga o‘tqazib, Bobotog‘ hududiga olib borgan va yana kaltaklagach, shifoxona oldiga tashlab ketgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qololmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.