Mahalliy

Samarqandda suv talashib akasini otib o‘ldirgan 58 yoshli erkak 10 yilga qamaldi

Samarqandda suv talashib akasini otib o‘ldirgan 58 yoshli erkak 10 yilga qamaldi

Samarqand viloyati Narpay tumanida baliqchilik bilan shug‘ullangan fuqaro hovuzga suv yo‘naltirish borasidagi kelishmovchilik sabab akasini otib o‘ldirdi. Sud ayblanuvchiga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi.

“Daryo” sud hujjatlariga tayanib xabar berishicha, sudlanuvchi 2019-yilda o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma tuzib, 2 gektar maydonda 2 ta baliq hovuzi barpo etgan. Uning akasining ham qo‘shni hududda 5 ta hovuzi bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan aka-uka o‘rtasida muntazam nizolar kelib chiqqan.

Joriy yil 12-fevral kuni soat 06:30 larda zovur bo‘yida navbatdagi mojaro yuz bergan. Marhum zovur suvini o‘z hovuziga burayotgan paytda sudlanuvchi yashash vagonidan 12 kalibrli IJ-18 rusumli ov miltig‘ini olib chiqib, akasining yuziga bir marta o‘q uzgan. Jabrlanuvchi olgan jarohati va ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida voqea joyida vafot etgan. Sudlanuvchi hodisadan keyin qurolni uyiga yashirib, profilaktika inspektoriga xabar bergan.

Sudda ayblanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, akasi uning hovuzidan bir necha bor baliq hamda mosh o‘g‘irlagani va hovuzini teshib yubormoqchi bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni akasi uni ketmon bilan urmoqchi bo‘lib yoqasidan tortganida miltiq qo‘ndog‘i yerga tegib, o‘q tasodifan ketib qolgan.

Marhumning o‘g‘li esa amakisi so‘nggi paytlarda asabiylashib qolganini va hammani o‘g‘rilikda gumon qilaverishini bildirdi.

“Amakim baliqlarni olib ketyapti deb hammadan shubhalanadigan bo‘lib qolgan edi. Bizning sharoitimiz amakimnikidan ancha yaxshi, uning baliqlarini o‘g‘irlashga ehtiyojimiz yo‘q edi”, deydi marhumning o‘g‘li suddagi ko‘rsatmasida.

Sudlanuvchi qurol tasodifan otilib ketganini aytgan bo‘lsa-da, sud-tibbiy ekspertizasi buni inkor etdi. Xulosaga ko‘ra, o‘q marhumga 50–70 santimetrdan 1 metrgacha bo‘lgan masofadan uzilgani aniqlangan. Ekspert marhumning tanasida o‘zini himoya qilishga urinishdan qolgan jarohatlar topilmagani hamda u o‘tkir tashqi qon yo‘qotishdan voqea joyida vafot etganini ma’lum qilgan.

Dastlabki tergov organi uni JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi (tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblagan edi. Biroq sud majlisida tamagirlik omili o‘z tasdig‘ini topmagani sababli sud hay’ati qotillikni JKning 97-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qildi va unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.