Samarqandda enaga 3 yoshli bolani elektr plitaga o‘tqazib qiynagani aytilgan holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi
Kattaqo‘rg‘on tumanida enaga 3 yoshli bolani qizigan elektr plitaga o‘tqazib, kaltaklagani va och qoldirib kelgani aytilmoqda. Bola og‘ir kuyish va boshqa jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Voqea bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga oldi.

Samarqandda 3 yoshli bolani elektr plitaga o‘tqazib qiynaganlikda gumonlanayotgan enaga ustidan jinoiy ish ochildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida enaga qaramog‘ida bo‘lgan uch yoshli bola zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda. Hozirda bola og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaning onasi taxminan ikki oy davomida farzandini enagaga qoldirib, o‘zi ishlagan. Oila Narpay tumanidan. Bolaning otasi chet elda ishlaydi, onasi esa oilaviy kelishmovchiliklar tufayli Narpaydagi uyidan ketib, farzandini Kattaqo‘rg‘onda enagaga qoldirgan holda kafeda idish yuvuvchi bo‘lib ishlagan.
Nashrga taqdim etilgan videolarda bolaning tanasida kuyishga o‘xshash og‘ir jarohatlar va ko‘karishlar borligi ko‘rinadi. Shuningdek, bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aniq. Voqeadan xabar topgan qo‘shnilar ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Shundan so‘ng bola shifoxonaga olib borilgan.
Bolaning yaqinlaridan birining aytishicha, voqeadan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, holat bo‘yicha tibbiy ekspertiza ham tayinlanmagan.
"3 yashar bolaning badanida sog‘ joyi yo‘q. Qo‘llarini sim bilan bog‘lab qo‘ygan, sim izlaridan qolgan jarohatlar yiringlab ketgan hattoki. Qizib turgan elektr plita ustiga bolani o‘tqazgan, orqasi juda chuqur, qattiq kuygan. Odam bolasi shunday qiladimi...", — dedi u.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmati Gazeta so‘roviga javoban holatni o‘z nazoratiga olganini va hozirda Samarqand viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Mazkur voqea yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 43 yoshli O.Yo. (ayol) gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani jinoyat ishi yurituvida jabrlanuvchi-bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirdi.

