Samarqandda enagada qoldirilgan bola elektr plitaga oʻtqazilgani aytilmoqda
Kattaqoʻrgʻon tumanida enaga qaramogʻida qoldirilgan 3 yoshli bola ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Guvohlar enaga bolani elektr plitaga oʻtqazgani, qoʻllarini sim bilan bogʻlab qiynaganini aytmoqda.

Samarqandda enaga qaramogʻida boʻlgan 3 yoshli bola elektr plitaga oʻtqazilgani iddao qilinmoqda. Hozirda bola ogʻir ahvolda jonlantirish boʻlimida davolanmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Narpay tumanidan boʻlgan oilaning onasi taxminan ikki oy davomida farzandini Kattaqoʻrgʻon tumanidagi enagaga qoldirib, oʻzi kafeda idish yuvuvchi boʻlib ishlagan. Bolaning otasi xorijda mehnat qiladi, onasi esa oilaviy kelishmovchiliklar tufayli Narpaydagi uyidan ketgan.
Kun.uz nashriga taqdim etilgan videolarda bolaning tanasida kuyishga oʻxshash ogʻir jarohatlar va koʻkarishlar borligi koʻrinadi. Shuningdek, bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlingani aks etgan. Voqeadan xabar topgan qoʻshnilar ichki ishlar organlariga murojaat qilganlaridan soʻng bola shifoxonaga olib borilgan.
Bolaning yaqinlaridan birining soʻzlariga koʻra, voqeadan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bir necha bor murojaat qilingan, ammo tibbiy ekspertiza ham tayinlanmagan.
"3 yashar bolaning badanida sogʻ joyi yoʻq. Qoʻllarini sim bilan bogʻlab qoʻygan, sim izlaridan qolgan jarohatlar yiringlab ketgan hattoki. Qizib turgan elektr plita ustiga bolani oʻtqazgan, orqasi juda chuqur, qattiq kuygan. Odam bolasi shunday qiladimi? Hozir bola operatsiya qilinib oʻz terisidan olib kuygan joylarni yamashdi shifokorlar. Lekin shu vahshiylikni qilgan odamga biror chora koʻrilmadi shuncha kundan beri. Na ichki ishlar, na prokuratura qaramadi. Narpayga yozsam, Kattaqoʻrgʻonda boʻlgan – ularga yozing deydi. Kattaqoʻrgʻonga yozsam jimjit. Oxiri Samarqand viloyat prokuraturasiga yozdik, ulardanam biror najot boʻlmadi. Bir haftadan oshyaptiki, hamma jim," – deydi u.
Bolaning yaqinlari hozir uning davolanishi bilan birga, unga kim va qanday sharoitda zoʻravonlik qilganiga huquqiy baho berilishini kutmoqda.
Voqea guvohlaridan birining aytishicha, enaga avval ham boshqa bolalarga qaragan va uning telefonida bolalarga nisbatan zoʻravonlik aks etgan videolar boʻlgan. Uning soʻzlariga koʻra, ayol bolaning sochini pinset bilan yulib, bu holatni telefonga tasvirga olgan.
"Shunchalik azob berganki, bolaning sochini pinsetda bittalab yulib shaxsiy telefoniga videoga olgan. Bu ayol avval ham bolalarga qaragan uyida, boshqa bolalarniyam shunday holga solgan. Lekin hech kim indamagan, telefonida bolachalarning kaltak oqibatida qonga belangan holatlari tasvirga olingan. Farzandidan xabar olgani kelgan ota-onalarga bolasi ularni koʻrsa yigʻlashini aytib darvozani ochmas ekan. Baʼzi ota-onalar shuning uchun ham bolasini ahvolidan bexabar boʻlgan," – deydi guvoh.

