Saida Mirziyoyeva Zamonaviy sanʼat markazi ochilishida ishtirok etdi
Zamonaviy sanʼat markazi 1912-yilda qad rostlagan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan boʻlib, inshootning meʼmoriy transformatsiyasi dunyoga mashhur “Studio KO” byurosi tomonidan amalga oshirilgan.

Saida Mirziyoyeva Zamonaviy sanʼat markazi ochilishida qatnashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentda Zamonaviy sanʼat markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Ushbu dargohda koʻrgazma zallari, kutubxona, konsept-stor, taʼlim maydonlari hamda uchrashuv va tadqiqotlar uchun moʻljallangan jamoat hududlari oʻrin olgan. Qamrovining bu qadar kengligi uni butun Markaziy Osiyo mintaqasida shu turdagi birinchi raqamli majmua darajasiga olib chiqmoqda”, deb yozdi u oʻz telegram-kanalida.
Yangi madaniy klaster 1912-yilda bunyod etilgan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan bo‘lib, inshootning meʼmoriy transformatsiyasi dunyoga mashhur “Studio KO” byurosi tomonidan amalga oshirilgan. Bu yerda koʻrgazmalar, ilmiy izlanish jarayonlari, maʼruzalar, ochiq muloqotlar, film namoyishlari, konsert va performanslar muntazam oʻtkazib boriladi.
“Mamlakatimizda yana bir shunday nufuzli, zamonaviy maydonning vujudga kelgani alohida ahamiyatga ega. “CCA Tashkent” ijodkorlar, kuratorlar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatib, oʻzbekistonlik isteʼdod egalarining yangi auditoriyaga chiqishi hamda xorijiy sahnalarda munosib eʼtirof topishiga zamin yaratadi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning tashabbuslari hamda Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining katta saʼy-harakatlari natijasida roʻyobga chiqdi”, deya fikr bildirgan Saida Mirziyoyeva.

