Saida Mirziyoyeva yangi Milliy muzeyning tarixiy ahamiyatini taʼkidladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida barpo etilayotgan yangi Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻz Telegram-kanalida loyihaning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Saida Mirziyoyeva yangi Milliy muzeyning tarixiy ahamiyatini alohida taʼkidladi. Uning maʼlum qilishicha, muzeyning meʼmoriy konsepsiyasi jahonning mashhur arxitektorlaridan biri, nufuzli Pritzker mukofoti sohibi Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan.
Tadao Ando loyihalari asosida bunyod etilgan muzey va madaniy maskanlar Yaponiya, Yevropa hamda AQShda yuksak qadrlanadi. U meʼmoriy uslubdagi soddalik va aniqlik, shuningdek, makon va yorugʻlik uygʻunligiga oʻziga xos yondashuvi bilan dunyoga tanilgan.
Saida Mirziyoyeva yangi Milliy muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy loyihalardan biriga aylanishini taʼkidladi. Majmuada koʻrgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va taʼlim maydonlari joylashtiriladi.
U, ayniqsa, Oʻzbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega bunday loyihalar ustida jahon miqyosidagi meʼmorlar ishlayotgani muhimligini qayd etdi.
«Ular barpo etgan obyektlar uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, tariximiz va madaniy merosimizning ajralmas qismiga aylanadi», - dedi Saida Mirziyoyeva.

