Mahalliy

Prezident Milliy bogʻ hududida qurilayotgan muzey qurilishini koʻzdan kechirdi

Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilishi jadal davom etmoqda.

Prezident Milliy bogʻ hududida qurilayotgan muzey qurilishini koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri markazida bunyod etilayotgan Oʻzbekiston Milliy muzeyining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Mazkur yirik loyiha prezidentning 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari oʻtgan yil avgust oyida ushbu inshootga tamal toshini qoʻygan edi.

Mamlakat yetakchisi muzey hududida davom etayotgan keng koʻlamli qurilish-montaj ishlari, obyektlar poydevori hamda muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayonini koʻzdan kechirdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajakdagi intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan boʻlishi taʼkidlandi.

Muzeyning meʼmoriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilgʻor tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik meʼmor Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan, ekspozitsiya konsepsiyasi esa Germaniyaning Atelier Brückner tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino va 2 qavatli yer osti qismidan iborat boʻladi.

Muzey maydonining 60 foizi taʼlim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda koʻrgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.

Ushbu madaniy maskan bir vaqtning oʻzida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va sanʼat eksponatlari namoyish etiladi.

Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar doʻstligi saroyi va Milliy bogʻ bilan birgalikda yaxlit meʼmoriy ansamblni hosil qiladi.

Fransiyaning Luvr, AQShning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.