Ryanair rahbari Maykl O'Liri «yuqori tarifli zoʻravonlar» haqidagi gaplari uchun uzr soʻradi
O'Liri oʻz soʻzlarini tanlashini «ehtiyotsizlik» deb taʼrifladi va «bu boshqa takrorlanmaydi» dedi.

Ryanair bosh ijrochi direktori Maykl O'Liri raqib aviakompaniyalarni "yuqori tarifli zoʻravonlar" deb taʼriflagani uchun uzr soʻrab, bu gaplari uchun "chin dildan afsusda" ekanini aytdi.
U bundan oldin ushbu izohlari uchun oʻzini tanqid qilgan zoʻrlash qurbonlariga yordam markazidan uzr soʻrashni rad etgan edi.
O'Liri bu fikrni shu oy boshida, Ryanair aktsiyadorlarining yillik yigʻilishidan oldin jurnalistlar bilan suhbatda bildirgan edi.
Shundan soʻng, Dublin zoʻrlash qurbonlariga yordam markazi (DRCC) unga uzr soʻrashni talab qilib xat yozgan, bu xat BBC ixtiyoriga kelib tushgan.
O'Liri avvaliga baʼzi odamlar "Yevropadagi yuqori tarifli zoʻravonlar bilan uchishga qurbi yetmagani uchun Ryanair'ning arzon tariflaridan foydalanishga jon-jahdi bilan intilishini" aytgan edi.
Press Association muxbiri bu iboraning oʻrinli ekanligi haqida soʻraganida, u oʻz soʻzlarini himoya qildi.
"British Airways, Lufthansa va boshqalarning yuqori tariflari, men ularni muntazam ravishda mamnuniyat bilan xafa qilaman", dedi u.
Bu jinsiy zoʻravonlik qurbonlarini xafa qilishi mumkinmi, degan savolga u zoʻrlash "daxshatli jinoyat" ekanini aytib javob berdi.
Juma kuni eʼlon qilingan videoda O'Liri soʻnggi oʻn kun ichida "ham Ryanair ichidagi, ham tashqaridagi oila aʼzolari va doʻstlari bilan suhbatlashganini" aytdi.
"Biroq men shuni anglab yetdimki, men beparvolik bilan ishlatgan soʻz juda koʻp odamlarga, ayniqsa qurbonlar va omon qolganlarga jiddiy xafagarchilik va ozor yetkazdi.
Men oʻsha odamlardan, ayniqsa omon qolganlardan chin dildan va soʻzsiz uzr soʻramoqchiman".
U oʻz tilini "beparvolik" deb taʼrifladi va "bu boshqa takrorlanmaydi" dedi.
"Men bu xatodan saboq olishga va kelajakda yaxshiroq harakat qilishga intilaman".
O'Lirining dastlabki izohlaridan soʻng, DRCC bosh ijrochi direktori Reychel Morrou unga xat yozib, uni oʻz bayonotlari bilan shov-shuvli sarlavha yaratishga urinishda aybladi.
Uning aytishicha, DRCC'ga zoʻrlash qurbonlaridan qoʻngʻiroqlar boʻlgan va ular "siz aytgan gaplar tufayli xafa boʻlishgan va tushkunlikka tushishgan".
U shuningdek, O'Liriga jinsiy zoʻravonlikning oqibatlari boʻyicha trening taklif qildi va uni uzr soʻrashga chaqirdi.
"Agar siz zoʻrlashdan omon qolish qanday ekanligini chindan ham tushunganingizda, bu atamani hech qachon bunchalik yengiltaklik bilan ishlatmagan boʻlardingiz, deb oʻylayman", deb yozdi u.
Bunga javoban O'Liri shunday dedi: "Men shuni aniq aytamanki, mening hech bir fikrim zoʻrlash kabi mudhish jinoyatni ahamiyatsiz qilib koʻrsata olmaydi".
U "mudhish zoʻrlash jinoyatini ahamiyatsiz qilib koʻrsatmagani" sababli "hech qanday uzr soʻramasligini va trening oʻtkazish taklifini qabul qilmasligini" qoʻshimcha qildi.
Bu O'Lirining oʻz biznesini muhokama qilish davomida odamlarni birinchi marta xafa qilishi emas.
2004 yilda u aeroport toʻlovlari boʻyicha bahs paytida Stansted aeroporti egalarini "haddan tashqari qimmat haq oluvchi zoʻravonlar toʻdasi" deb atagani xabar qilingan edi.
U ilgari ham oʻz xodimlarining baʼzilarini "dangasa haromzodalar" deb atagan va bir safar pulini qaytarib berishni soʻragan yoʻlovchilarga "biz sizning yigʻloqi hikoyalaringizni eshitishni xohlamaymiz" degan edi.
Iyun oyida u nazorat organi tekshiruvi boshlanganidan keyin aviakompaniya ota-onalardan bolalari yonida oʻtirish uchun pul undirishni "istamaygina" toʻxtatishini aytdi, ammo avvalgi siyosat qonunlarga muvofiq boʻlganini taʼkidladi.

