Rossiyaning to‘rt klubi 2027/28-yilgi mavsum Yevrokuboklarda ishtirok etishi mumkin

Rossiyaning to‘rt klubi 2027/28-yilgi mavsumda Yevrokuboklarda qatnashishi mumkin
Agar UEFA Rossiya klublari va terma jamoalariga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilsa, mamlakatning to‘rt klubi 2027/28-yilgi mavsumda Yevrokuboklarda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda UEFA e’lon qilgan hujjatlarda qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027-yilgi mavsum Rossiya chempioni Chempionlar Ligasining 1-saralash bosqichidan qatnashadi. Mamlakat Kubogi g‘olibi esa Yevropa Ligasining 1-saralash bosqichida maydonga tushadi.
Rossiya chempionatida 2 va 3-o‘rinlarni egallagan klublar Konferensiyalar Ligasining 2-saralash bosqichidan musobaqaga qo‘shilishi mumkin. UEFA hujjatida bu hozircha dastlabki qadam ekani, yakuniy qaror esa mavsum oxirigacha qabul qilinishi aytilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya terma jamoalari va klublari 2022-yildan beri xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayapti. 27-avgust kuni UEFA prezidenti Aleksander Cheferin Rossiya terma jamoalari va klublarini musobaqalarga qaytarish masalasi Ukrainadagi mojaro yakunlangach ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, FIFA va UEFA 2022-yil fevral oyida Ukrainadagi voqealar sabab Rossiya terma jamoalari hamda klublarini xalqaro musobaqalardan noma’lum muddatga chetlatgandi.

