Sport

“Salom, futbol”. Bugundan Chempionlar Ligasi boshlanadi

“Salom, futbol”. Bugundan Chempionlar Ligasi start oladi

Bugundan Yevropa Chempionlar Ligasi 2026/27-mavsumi boshlanadi va seshanba-payshanba kunlari 36 jamoa dastlabki bosqichdagi ilk uchrashuvlarini o‘tkazadi. Ikki mavsumdan beri ko‘pchilikka tanish bo‘lib ulgurgan yangi formatga ko‘ra, har bir klub 8 tadan o‘yin o‘tkazishi kerak.

Bir vaqtlar Chempionlar Ligasi Chempionlar Kubogi deb atalgan, faqat pley-offlardan iborat bo‘lgan va 90-yillarda yangicha formatga o‘tish UEFA amalga oshirgan eng muhim islohotlardan biri sanalardi. Aynan shu o‘zgarish turnirni eng nufuzli musobaqaga aylantirdi va tashkilotga katta daromad olib keldi. Gap faqat formatda emas, balki ishtirokchilar tarkibida ham edi.

Chunki avvallari Chempionlar Kubogida faqat o‘z mamlakatida chempion bo‘lgan klublar qatnashar, boshqa jamoalar esa UEFA kubogiga yo‘l olardi. Ko‘rib turganingizdek, bu holat Chempionlar Kubogidagi favoritlar sonini ancha kamaytirardi. Tasavvur qiling, o‘sha tartib saqlanib qolganida, hozir Chempionlar Ligasida “Arsenal”, “Real”, “Inter”, “Bavariya” va “PSJ” qatnashgan, qolganlar — “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Real”, “MYu”, “Atletiko” va boshqa jamoalar UEFA kubogida bo‘lgan bo‘lardi. 90-yillar boshidan boshlab sovrindorlar ham Chempionlar Ligasiga qo‘shildi va natijada Yevropaning deyarli barcha top-klublari bir musobaqada jamlandi. Bu o‘zgarish ma’lum ma’noda UEFA kubogining nufuzini pasaytirib, keyinchalik yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, yangi YCHL bunga arziydi.

Chempionlar Ligasiga qo‘shimcha yo‘llanmalar berilishi milliy chempionatlarda intriga kuchayishiga ham shubhasiz ta’sir qildi. Endi APL, La Liga kabi ligalarda chempionlik kurashidan tashqari, kuchli to‘rtlik va kuchli beshlik uchun ham raqobat keskinlashdi.

COVID’dan keyingi davr esa ayrim top-klublarda ko‘proq pul topish ehtiyojini yuzaga chiqardi, Superliga mojarosi paydo bo‘lgach, UEFA ham yangi davr va yangi islohotlar vaqti kelganini anglab yetdi. “Shveytsarcha tizim” deb ataladigan yangi format turnirga yangi ruh olib kirish, kuzgi bahslarni yanada qiziqarli qilish va, albatta, ko‘proq mablag‘ jalb etishga qaratilgan dadil qadam bo‘ldi.

Demak, endi asosiy bosqich ishtirokchilari soni 32 tadan 36 taga oshirildi va guruh tizimidan voz kechildi. Jamoalar reyting asosida 4 savatchaga bo‘linadi, har bir klub har bir savatchadan ikkitadan raqib oladi. To‘rtta o‘yin safarda, to‘rtta o‘yin uyda o‘tkaziladigan tizimda har bir jamoa 8 tadan uchrashuvdan so‘ng umumiy jadval bo‘yicha eng yaxshi 8 talikdan joy olsa, 1/8 finalga chiqadi. 9–24-o‘rinlarni egallagan jamoalar esa 8 juftlik hosil qilib, alohida pley-off o‘ynaydi va g‘oliblar yuqoridagi 8 jamoaga qo‘shilib, 1/8 final ishtirokchisiga aylanadi. Keyingi bosqichlar avvalgidek davom etadi.

Ko‘rib turganingizdek, endi klublar Chempionlar Ligasining kuzgi, ya’ni guruh bosqichidagi 6 o‘yin o‘rniga 8 ta uchrashuv o‘tkazadi, shuningdek, 9–24-o‘rinlarni egallagan jamoalar yana qo‘shimcha pley-offda ikkitadan o‘yin o‘ynaydi. Demak, bir jamoa uchun Chempionlar Ligasidagi yuklama 2–4 uchrashuvga oshdi. Bundan tashqari, raqiblar darajasi ham yuqorilaganini tan olish kerak.

Oldin savatchalar bo‘yicha 8 guruh tuzilib, nimchorak final yo‘llanmalari har bir guruh uchun alohida berilsa, endi barcha jamoalar yagona turnir jadvalida bellashadi. Guruhlar reyting asosida shakllantirilgani sababli, bir guruhda ikki top-klub tushib qolishi juda kam uchraydigan holat edi va shunda ham qolgan ikki raqibni yengish orqali har ikki favorit keyingi bosqich masalasini oson hal qilardi. Yangi formatda esa oldindan taxmin qilish qiyin, aksincha, ko‘plab top-klublarning kuchli sakkizlikdan tashqarida qolib, pley-offda bir-biriga ro‘para kelib qolgan holatlarini ham ko‘rdik.

Eng kuchli 1-savatchadagi jamoalar ham o‘z savatchasidan 2 ta raqib oladi — bu holatning o‘zi ham asosiy bosqichda juda ko‘p top-to‘qnashuvlar bo‘lishini ko‘rsatadi. Fevralgacha davom etadigan asosiy bosqichda guvohi bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan top-o‘yinlarga e’tibor bering:

“Real” – “Inter”, “Liverpul” – “Atletiko”, “Napoli” – “Arsenal”, “Atletiko” – “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” – “PSJ”, “PSJ” – “Barselona”, “Bavariya” – “Arsenal”, “Atletiko” – “Bavariya”, “Arsenal” – “Borussiya”, “Manchester Siti” – “Napoli”, “Barselona” – “Manchester Siti”, “Arsenal” – “Real”, “Inter” – “Liverpul”, “Manchester Yunayted” – “Bavariya” va hokazo. Deyarli har turda bir nechta top-uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz. Dastlabki yillarda bu bosqich o‘yinlariga ayrim top-klublar biroz bepisand qaragan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda kuchli sakkizlik uchun kurash ancha raqobatli kechdi, zero yuqorida aytilganidek, qo‘shimcha pley-offda boshqa bir kuchli raqibga tushib qolishni hech kim istamaydi.

Albatta, har doimgidek, navbatdagi mavsumning ham o‘z favoritlari bor. Masalan, Luis Enrikening “PSJ”si ketma-ket ikki marta g‘olib chiqqan ikkinchi jamoaga aylandi va bu boradagi rekordchi “Real” natijasini takrorlashga bel bog‘lagan. Chempion tarkibini deyarli saqlab qolgan parijliklar tabiiyki, yangi mavsumni ham asosiy favorit sifatida boshlaydi. Ammo odatdagidek, bu safar ham “PSJ”ga ancha qiyin raqiblar tushganini tan olish kerak. Dastlabki bosqichning o‘zida parijliklar “Manchester Siti”, “Barselona”, “Vilyarreal”, “Roma”, “Aston Villa”, “Komo” kabi jamoalarga qarshi maydonga tushadi. Odatda kuzgi “PSJ” biroz boshqacha bo‘lishini hisobga olsak, kuchli sakkizlikka kirish oson bo‘lmaydi. Oldingi ikki mavsumda top-8 ga kirish uchun kamida 16 ochko kerak bo‘lgan. Demak, 8 o‘yinning kamida beshtasida g‘alaba qozonish lozim bo‘ladi.

Yangi mavsum favoriti sifatida Londonning “Arsenal” klubi tilga olinmoqda. Finalda faqat penaltilar seriyasida yutqazgan, yozda esa Tsolis, Gimaraes, Konsa kabi futbolchilar bilan kuchaygan Arteta jamoasi bu safar bor e’tiborini aynan shu yevrokubokka qaratishini bemalol taxmin qilish mumkin. Ma’lumot uchun, “Arsenal” o‘z tarixida hech qachon Yevropaning eng nufuzli turnirida g‘olib chiqa olmagan.

Shuningdek, o‘tgan yili deyarli chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatgan “Bavariya”, Mourinyo bilan yarim tarkibini yangilagan “Real”, yarim himoyaga yarim milliard sarflagan “Manchester Siti”, xuddi shuncha mablag‘ni hujum chizig‘iga yo‘naltirgan “Liverpul”, odatdagidek “Barselona” kabi jamoalar ham faqat g‘oliblik uchun kurashadi.

Bundan tashqari, uch yillik tanaffusdan so‘ng yana turnirga qaytayotgan “Manchester Yunayted”ga ham qiziqish katta bo‘ladi. “Qizil iblislar” yangi formatga o‘tilganidan beri hali ushbu musobaqada qatnasha olmagandi.

Avstriyaning “LASK” jamoasi 1965-yildan buyon ilk bor mamlakat chempioni bo‘ldi va ilk marta Chempionlar Ligasida ishtirok etadi. Avstriyaliklarning, ayniqsa, “Seltik”ga qarshi pley-off o‘yinlari juda qiziqarli kechdi. Safardagi uchrashuvni 0:3 hisobida boy bergan, buning ustiga javob bahsida ham gol o‘tkazib yuborgan “LASK” 90-daqiqada umumiy hisobni tenglashtirdi va qo‘shimcha vaqtda hisobni 5:1 ga yetkazdi.

Ozarbayjonning “Sabah” jamoasi ham javob o‘yinida kambek qilishga muvaffaq bo‘ldi. 5:2 hisobidagi g‘alaba umumiy natijani 6:4 ga aylantirdi — oxirgi ikki gol bu yerda ham qo‘shimcha vaqtda urilganini eslatish joiz. Quvonarlisi, qardoshlarimizni o‘yinga qaytargan muhim gol hamyurtimiz Umarali Rahmonaliyev hisobiga yozilgandi. O‘z vaqtida Shatskix, Denisov, Irismetov, keyinchalik Yaxshiboyev, Husanov kabi vakillarimiz ushbu turnirda ishtirok etishgan edi, endi ular safiga Rahmonaliyev ham qo‘shiladi. “Sabah” turnirda “Borussiya”, “Manchester Yunayted”, “Barselona”, “Arsenal” kabi top-raqiblarga qarshi bahs olib boradi. Jamoaning ilk o‘yini esa payshanba oqshomida “Manchester Yunayted”ga qarshi safarda bo‘lib o‘tadi. Demak, Rahmonaliyev “Old Trafford”da maydonga tushgan ikkinchi o‘zbek bo‘ladi.

Yana bir debyutant — Norvegiyaning “Viking” klubi. Mortin Yensen shogirdlari o‘tgan mavsumda mamlakat chempioni bo‘lishdi va saralash pley-off bosqichida Zagrebning “Dinamo”sini ortda qoldirdi.

Yuqorida aytganimizdek, 1-tur bugundan boshlanadi va bu safar o‘yinlar payshanba oqshomini ham qamrab oladi. Ba’zi uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan 21:45 da ham boshlanishini hisobga olsak, shu turning o‘zida 6 ta o‘yinni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatingiz bor.

Bugungi o‘yinlar ichida “Bryugge” – “Aston Villa” (sharhlovchi Faxriddin Turopov) va “Real Madrid” – “Inter” (Hasan Turdialiyev) uchrashuvlari “Zo‘r TV” teledasturidan o‘rin olgan.

1-tur doirasida o‘zbek muxlislari “Zo‘r TV”da, shuningdek, “Barselona” – “Feyenoord” (Hasan Turdialiyev), “Liverpul” – “Atletiko” (Faxriddin Turopov), “Fenerbahche” – “Roma” (Abdurahmon Ergashev), hamda “Manchester Yunayted” – “Sabah” (Hasan Turdialiyev) o‘yinlarini tomosha qilishlari mumkin.

“AEK” – “LASK” (Ozodbek Sattorov), “Portu” – “Manchester Siti” (Abdurahmon Ergashev), “Shtutgart” – “Viking” (Ozodbek Sattorov), “Napoli” – “Arsenal” (Abdurahmon Ergashev) uchrashuvlari esa “Zo‘r TV” ilovasida namoyish etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.