Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana 7 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana 7 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi
15-sentyabr kuni Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning 3 nafari ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo muddatini o‘tayotgan onalari tomonidan O‘zbekiston vakillariga topshirilgan.
Navbatdagi guruh O‘zbekistonga voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish bo‘yicha Rossiyaga amalga oshirilgan xizmat safarining uchinchi guruhi sifatida yetib kelgan. Bolalarni qaytarish ishlari Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan, Bolalar ombudsmani hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalari ko‘magida amalga oshirilgan.
Mazkur guruhning qaytishi bilan Rossiyaga amalga oshirilgan xizmat safari yakunlangan. Safar davomida jami 30 nafar voyaga yetmagan bola Rossiyadan, tegishli ishlar natijasida esa 2 nafar bola Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgan. Shu tariqa jami 32 nafar bolaning vatanga qaytishi ta’minlangan.
Qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish, zarur hollarda muqobil joylashtirish shakllariga joylashtirish, shuningdek, ijtimoiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.
Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, Gruziyada qolgan 1 nafar bolani Vatanga qaytarish uchun xizmat safari amalga oshirilishi kutilmoqda. Turkiya bilan esa voyaga yetmaganlarni qaytarish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
7-sentyabr kuni Rossiya va Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.

