Rossiyada ogʻir jarohat olgan oʻzbekistonlik shifokorlar hamrohligida qaytarildi
Rossiya janubida ish paytida ogʻir jarohat olgan Oʻzbekiston fuqarosi tibbiy evakuatsiya qilindi. Uni vatanga olib kelish uchun Oʻzbekistondan ikki nafar tibbiyot mutaxassisi yuborilib, parvoz davomida sogʻligʻi nazorat qilib borildi.

Rossiyada ogʻir jarohat olgan oʻzbekistonlik shifokorlar kuzatuvida vatanga qaytarildi
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, fuqaro D.U.ni Oʻzbekistonga olib kelishda Rostov-Dondagi Bosh konsulxona hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi hamkorlikda yordam bergan.
Vatandosh mehnat faoliyati vaqtida yuz bergan baxtsiz hodisa sabab turli tan jarohatlarini olgan. U hududdagi tibbiyot muassasalaridan biriga joylashtirilib, zarur muolajalar koʻrsatilgan.
Davolash jarayoni bilan bir qatorda fuqaroni Oʻzbekistonga qaytarish masalasi ham zudlik bilan ishlab chiqilgan. Uning sogʻligʻi holati va shifokorlar tavsiyalari hisobga olinib, tibbiy evakuatsiya choralari amalga oshirilgan.
Fuqaroga hamrohlik qilish uchun Oʻzbekistondan maxsus ikki nafar tibbiyot mutaxassisi yetib borgan. Ular parvoz davomida zarur tibbiy nazoratni taʼminlagan.
Barcha tashkiliy ishlar yakunlangach, D.U. shifokorlar hamrohligida Mineralniye Vodi–Toshkent aviareysi orqali Oʻzbekistonga qaytarilgan.

