Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki talabning 70 foizigacha tushdi — Reuters

Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki ehtiyojning 70 foizigacha tushib ketdi — Reuters
Reuters agentligining sohadagi ikki manbasiga tayanib xabar berishicha, Rossiyada benzin ishlab chiqarish avgust oyi oxiriga kelib ichki talabning qariyb 70 foizini qoplaydigan darajaga pasaygan. Bunga Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari sabab bo‘lgan.
Hozirda mamlakatda kuniga taxminan 80 ming tonna benzin ishlab chiqarilmoqda. Yoz oylarida ichki talab kuniga 115 ming tonna atrofida bo‘ladi. Shu tariqa, ishlab chiqarish va talab o‘rtasidagi farq 35 ming tonnaga yetgan.
Avgust oyida Rossiyada kuniga o‘rtacha 90 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan, bu yozgi talabning qariyb 80 foizini tashkil etadi.
So‘nggi bir hafta ichida Ukraina dronlari Perm, Nijniy Novgorod va Yaroslavldagi yirik neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berdi. Hujumlardan so‘ng ayrim korxonalarda ishlab chiqarish to‘liq yoki qisman to‘xtatilgan.
Rossiyaning ayrim hududlarida iyul oxirida joriy etilgan yoqilg‘i savdosiga oid cheklovlar avgustda yana kuchga kirdi. Ba’zi joylarda bir xaridorga sotiladigan benzin miqdori cheklangan bo‘lsa, boshqa hududlarda yoqilg‘i avtomobilning davlat raqamiga qarab sotilmoqda.
Taqchillik fonida Rossiya benzin importini ham oshirmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, avgustda Belarusdan qariyb 150 ming tonna benzin olib kelinishi kutilmoqda. Osiyo davlatlaridan dengiz orqali yetkazib beriladigan neft mahsulotlari hajmi esa 270 ming tonnaga yetishi mumkin.
Avgust oyida Rossiyaga 220 ming tonnaga yaqin import benzini yetkazib berilgan, bu kuniga o‘rtacha 7 ming tonnani tashkil etadi.
Benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq va import hisobiga Rossiya avgustda ichki bozorga kuniga o‘rtacha 97 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berishi kutilmoqda. Bu mamlakatdagi talabning qariyb 85 foiziga teng.
Rossiya Energetika vazirligi Reuters’ning vaziyat yuzasidan izoh so‘roviga javob bermagan.
Avvalroq Rossiya ichki bozordagi benzin taqchilligini kamaytirish maqsadida Qozog‘istondan qariyb 50 ming tonna Ai-92 benzini sotib olish bo‘yicha muzokaralar boshlagani xabar qilingandi. O‘sha paytda mamlakatda benzin ishlab chiqarish 2025-yilning shu davriga nisbatan qariyb 25 foizga kamaygani aytilgan edi.
Keyinchalik Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir qila boshlagani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston yoqilg‘i ta’minotini diversifikatsiya qilish hamda ichki bozorda ayrim cheklovlarni joriy etish choralarini ko‘rgan.
Iyul oyida Financial Times Rossiyadagi yoqilg‘i tanqisligi qariyb 50 million kishiga ta’sir qilayotganini yozgandi.
Rossiya hukumati vaziyatni yumshatish uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni bir necha bor uzaytirdi. Avvalroq prezident Vladimir Putin ham mamlakatda yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar to‘liq bartaraf etilmaganini tan olgandi.

