Iqtisodiyot

Rossiyaga yoqilg‘i taqchilligi qaytmoqda

Sochida yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi vaziyat tufayli aholidan shaxsiy avtomobillarda yo‘lga chiqishdan tiyilish so‘raldi.

Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi yana avj olmoqda.

Sochi shahar ma’muriyati aholi va sayyohlarni yoqilg‘i yetishmovchiligi sababli shaxsiy avtomobillardan foydalanishni cheklashga chaqirdi. Shahar hokimligi bayonotida aytilishicha, bu choralar "yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yuklamani kamaytirish va ularning odatiy ish rejimiga qaytishini tezlashtirish"ga yordam beradi.

Haydovchilar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelgan taqdirda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari shartligi haqida ogohlantirildi.

Ushbu chaqiriq shahar ma’muriyatida yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilingan yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilindi. Rasmiylar "logistikadagi uzilishlar tufayli" yirik yoqilg‘i quyish shoxobchalari operatorlari yoqilg‘i berishda limitlar joriy etganini ma’lum qildi. Ba’zi shoxobchalarda "yuzaga kelgan shov-shuv tufayli" jismoniy shaxslarga benzin sotishga cheklovlar qo‘yilgan.

Sochi1.ru nashrining xabar berishicha, shaharda uchinchi kundirki yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yoqilg‘i quyish shoxobchalari atrofida navbatlar 12 soatgacha cho‘zilib, yo‘llarda tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda. Ayrim sayyohlar benzin yo‘qligi sababli uyiga qayta olmayapti.

Rossiyada yoqilg‘i inqirozi Ukrainaning neft korxonalariga bergan zarbalari tufayli kuchaygan. 8-avgust kuni Ukraina dronlari Krasnodar o‘lkasidagi Ilskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan edi.

Yoqilg‘i inqirozi iyun va iyulning birinchi yarmida chuqurlashgan edi. O‘sha davrda Rossiya hududlarida benzin sotuviga turli cheklovlar joriy etilib, odamlar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida soatlab navbatda turishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik Ukraina harbiylari neftni qayta ishlash zavodlaridan Wildberries marketpleysi omborlariga e’tibor qaratgach, hududlarda yoqilg‘i sotuviga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilina boshlagan edi.

Ammo so‘nggi kunlarda neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar yana faollashdi. "7x7" nashrining baholashicha, kamida 15 ta hududdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar paydo bo‘lgan va AI-92 hamda AI-95 benzinining yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.