Iqtisodiyot

Rossiyada – yonilg‘i inqirozining yangi to‘lqini

Regionlarga zapravkalardagi navbatlar, benzin uchun limitlar va «juft-toq» tizimi qaytgan.

Rossiyada avgust oyida Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari ortidan yonilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlandi. Mamlakatning janubiy hududlaridan tortib Primore o‘lkasigacha bo‘lgan aholi yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi uzun navbatlardan shikoyat qilmoqda. Orenburg viloyati va Sochida bir qo‘lga beriladigan yonilg‘i miqdori bo‘yicha cheklovlar qayta tiklandi. Sochi ma’muriyati hatto mahalliy aholi va sayyohlardan shaxsiy transportda safarga chiqmaslikni so‘ramoqda.

"Meduza" nashrining xabar berishicha, kamida 12 ta hududda, jumladan Krasnodar o‘lkasi, Voronej, Kaluga, Rostov, Ryazan, Tambov, Tula, Saratov, Smolensk, Penza va Ulyanov viloyatlari, shuningdek Primoreda yonilg‘i uchun uzun navbatlar kuzatilmoqda.

Sochi ma’muriyati 11-avgust kuni "yetkazib berishdagi logistik buzilishlar" tufayli avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalarida limitlar o‘rnatilganini e’lon qildi. Shuningdek, zapravkalarga yuklamani kamaytirish maqsadida aholi va sayyohlardan "imkon qadar shaxsiy transportda safarga chiqishdan tiyilish" so‘ralgan.

Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsev ham hududda "yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyat murakkabligi"ni tasdiqladi. 12-avgustdan boshlab viloyatdagi barcha zapravkalarda limitlar (30 litrdan ortiq benzin, 60 litrdan ortiq dizel quyilmaydi) va "juft-toq" tizimi joriy etildi. Bu tizimga ko‘ra, avtoraqami juft raqam bilan tugaydiganlar juft kunlarda, qolganlari esa toq kunlarda yonilg‘i quyishi kerak. Solnsev "avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalaridagi vaziyatni muvofiqlashtirish uchun" politsiyachilar ham jalb etilishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Krasnoyarsk o‘lkasi va Boshqirdistondan benzin taqchilligi va ba’zi zapravkalarning yopiqligi haqida shikoyatlar kelib tushmoqda. Narxlar o‘sishi ham qayd etilgan, ayniqsa Vladimir Putin tashrif buyurgan hududlarda (tashrifdan oldin narxlar pasaygandi).

Krasnoyarskda Putinning tashrifidan bir kun oldin ba’zi zapravkalarda benzin narxi keskin pasaygan (bir litr uchun 24 rublga). Zapravkadagilar buni "logistika vaqtincha yaxshilangani" va "to‘g‘ridan-to‘g‘ri neftni qayta ishlash zavodlaridan qo‘shimcha yonilg‘i kelib tushgani" bilan izohlashgan. Ammo prezident ketishi bilan narxlar avvalgi darajasiga qaytgan.

Putinning navbatdagi manzili bo‘lgan Novosibirskda uning korteji bo‘sh zapravka yaqinida to‘xtagan. Bu yerda prezident o‘zini kutib turgan bolalar bilan muloqot qilgan. Kreml pulidagi muxbir Pavel Zarubin tomonidan olingan bu kadrlar ko‘plab nashrlarda tarqatildi. Bu kadrlarda zapravkadagi narxlar tablosi o‘chirib qo‘yilgandi.

Moskva va Sankt-Peterburgdan bu masalada hozircha deyarli shikoyatlar yo‘q. Ammo "Biznes FM" tinglovchisi "Rosneft"ning Dmitrovskiy shosse bo‘yidagi bir nechta zapravkalarida AI-95 benzini yo‘qligini xabar qilgan.

Rasmiylar inqirozning yangi to‘lqini haqida rasman ma’lumot bermadi. Bosh vazirning yonilg‘i sohasiga mas’ul o‘rinbosari Aleksandr Novak 11-avgust kuni ichki bozordagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli idoralar, hududiy hokimiyat organlari va neft kompaniyalariga "ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha kelishilgan ishlarni davom ettirish", narxlar dinamikasini monitoring qilish va iste’molchilarga benzinni "uzluksiz yetkazib berish"ni kafolatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.