Rossiyada 555 metr balandlikdagi yangi osmonoʻpar bino barpo etiladi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida balandligi 555 metr boʻlgan «Laxta Sentr - 3» osmonoʻpar binosini qurish loyihasi davlat ekspertizasining ijobiy xulosasini oldi. Minorada qishki bogʻlar, savdo nuqtalari, koʻrgazma maydoni va tomosha maydonchasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Rossiyada balandligi 555 metr bo‘lgan yangi osmono‘par bino quriladi
Naked Science nashrining xabar berishicha, Rossiya Bosh davlat ekspertizasi loyiha hujjatlarini tasdiqlagani haqidagi ma’lumot kapital qurilish obyektlari loyiha hujjatlari ekspertizasi xulosalarining yagona davlat reyestriga kiritilgan.
Bino Sankt-Peterburgning Primorskiy tumanidagi Laxta-Olgino munitsipal okrugida joylashadi. Loyihaning quruvchisi — «Sinergiya» aksiyadorlik jamiyati, texnik buyurtmachisi esa «Renkons» aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.
Nashrga ko‘ra, qurilish tugagach, minora dunyodagi eng baland o‘nta bino qatoriga kirishi kutilmoqda.
Me’moriy konsepsiyaga binoan, bino hajmi markaziy, bir necha qavat balandligini qamrab oluvchi atriumlar atrofida burilib ko‘tariladigan ikkita spiralsimon shakl orqali hosil qilinadi.
Minoraning 43-, 70- va 88-qavatlarida qishki bog‘lar ko‘rinishidagi xollar tashkil etiladi. Ularda kafeteriylar va ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Birinchi va 100-qavatlarda nooziq-ovqat tovarlari do‘konlari, dorixona kioski hamda suvenir savdosi hududlarini joylashtirish rejalashtirilmoqda. Binoning yuqori qismi ko‘rgazma maydoni va shahar manzarasini tomosha qilish maydonchasiga ajratiladi.
«Laxta Sentr - 3» Sankt-Peterburgda shakllanayotgan baland binolar majmuasining bir qismi bo‘ladi. Avgust boshida Rossiya Bosh davlat ekspertizasi «Laxta Sentr - 2» osmono‘par binosining loyiha hujjatlariga ham ijobiy xulosa bergan edi.
Shuningdek, Sankt-Peterburgning yerdan foydalanish va qurilish komissiyasi baland binolarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarining yangi tasnifini ma’qullagan.

