Rossiyada 26 ta aeroport aviayonilgʻi quyishni chekladi
Rossiyada aviayonilgʻi bilan bogʻliq vaziyat fonida kamida 26 ta yirik aeroportda samolyotlarga yonilgʻi quyish boʻyicha cheklovlar joriy etildi. Ularning 15 tasida cheklovlar faqat xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga taalluqli.

Rossiyada 26 ta aeroport aviayonilgʻi quyishni chekladi
Rossiya aeroportlarida samolyotlarga yonilgʻi quyishga oid cheklovlar keng ko‘lamda joriy etilmoqda. “Verstka” nashri aeronavigatsiya axborot tizimi maʼlumotlariga tayangan holda yozishicha, 7-sentabr holatiga ko‘ra, bunday choralar mamlakatdagi kamida 26 ta yirik aeroportda amal qilmoqda.
Nashrga ko‘ra, ilk cheklovlar iyun oyida joriy etilgan, ikkinchi to‘lqin esa sentabrga to‘g‘ri kelgan. Ularning amal qilish muddati aeroportga qarab bir oydan qariyb yetti oygacha belgilangan.
Xususan, Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida 2-sentabrdan 2027-yil 16-martga qadar samolyotlarga faqat parvoz rejasida ko‘rsatilgan hajmda yonilgʻi quyishga ruxsat berilgan. Qo‘shimcha yonilgʻi olish imkoniyati cheklangan.
Kaliningraddagi Xrabrovo aeroportida ham shunga o‘xshash tartib 8-iyundan 6-dekabrga qadar amal qiladi. Bu ikki aeroportda cheklovlar Rossiya va xorijiy aviakompaniyalarga birdek tatbiq etiladi.
26 ta aeroportning 15 tasida esa choralar faqat xorijiy aviakompaniyalarga tegishli. Uchuvchilar uchun eʼlon qilingan NOTAM xabarlarida xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga faqat bitta parvozni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan miqdorda yonilgʻi quyilishi ko‘rsatilgan.
Bunday cheklovlar Qozon, Ufa, Perm, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Tyumen, Irkutsk, Vladivostok, Xabarovsk va Yakutsk kabi shaharlar aeroportlarida amal qilmoqda. Ufada muntazam bo‘lmagan reyslarni bajaradigan samolyotlarga yonilgʻi quyish ham cheklangan.
“Verstka”ga ko‘ra, aviayonilgʻi bilan bog‘liq eng murakkab vaziyat Rossiya janubida kuzatilmoqda. Hozir ishlayotgan oltita aeroportdan Sochi, Volgograd va Astraxandagi cheklovlar mahalliy va xorijiy tashuvchilarga birdek taalluqli. Krasnodar, Mineralniye Vodi va Vladikavkaz aeroportlarida esa cheklovlar xorijiy aviakompaniyalar uchun joriy qilingan.
DW Rossiyadagi yonilgʻi taqchilligini Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari bilan bog‘lamoqda. Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 70-marta zarba berilgan.
Avgust oxiriga kelib Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi ichki isteʼmolning taxminan 70 foiziga teng bo‘lgani, kunlik taqchillik esa 30 ming tonnaga yetgani xabar qilingan. Faqat avgust oyida kamida yettita neftni qayta ishlash zavodi to‘liq yoki qisman ishini to‘xtatgan, mamlakatning 17 ta hududida yonilgʻi sotish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan.

