Rossiya yangi kosmik stansiya uchun uch yilda 136 mlrd rubl ajratmoqchi
Rossiya orbital stansiyasini yaratish va uning ekspluatatsiyasini taʼminlash uchun 2027–2029-yillarda federal byudjetdan jami 136,72 mlrd rubl ajratish rejalashtirilmoqda. Shundan qariyb 38,6 mlrd rubli 2027-yilga toʻgʻri keladi.

Rossiya yangi kosmik stansiya uchun uch yil davomida 136 mlrd rubl ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi ma’lumotlar Rossiya federal byudjeti loyihasiga ilova qilingan materiallarda keltirilgan.
Rejaga ko‘ra, 2027-yil uchun ajratiladigan mablag‘larning bir qismi Rossiya orbital stansiyasi — ROS loyihasini amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Xususan, kosmik majmuaning yer usti infratuzilmasini yaratish uchun qariyb 2,1 mlrd rubl ajratish ko‘zda tutilgan. Stansiyani barpo etish uchun zarur obyektlarning kapital qurilishiga esa yana qariyb 2,36 mlrd rubl rejalashtirilgan.
Byudjet loyihasining tushuntirish xatida «Ekipajli kosmonavtika» federal loyihasi bo‘yicha xarajatlar ham qayd etilgan. Unga ko‘ra:
2027-yilda — qariyb 112,46 mlrd rubl;
2028-yilda — qariyb 107,8 mlrd rubl;
2029-yilda — qariyb 119,5 mlrd rubl ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar kengroq «Ekipajli kosmonavtika» loyihasiga tegishli bo‘lib, ularning barchasi faqat orbital stansiya qurilishiga mo‘ljallanmagan.
ROS bo‘yicha keltirilgan 136,72 mlrd rubl ham stansiyaning butun qurilish davridagi yakuniy qiymatini anglatmaydi. Bu 2027–2029-yillarda uni yaratish va ekspluatatsiyasini ta’minlash uchun byudjet loyihasida nazarda tutilgan mablag‘dir.

