Isroil yer yuzidagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir kosmik qurollar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda — OAV

Isroil yer yuzidagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir kosmik qurollar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda — OAV
Isroil Mudofaa vazirligi ko‘p yillik byudjet rejasi doirasida kosmik sohada hujumkor salohiyatni rivojlantirishni maqsad qilgan. Bu rejaga Isroil sun’iy yo‘ldoshlarini dushman kosmik apparatlaridan himoya qiluvchi tizimlar hamda kosmosdan yer yuzidagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollarni yaratish kiradi. Bu haqda The Jerusalem Post gazetasi xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, rejada mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, jumladan, kosmosdan razvedka olib borish va aloqa tizimlarini takomillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Kosmosdagi hujumkor faoliyat uchun alohida mablag‘ ajratilib, bu Isroilning kosmik sohadagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ladi.
Birinchi yo‘nalish — Isroil mudofaa kuchlarining kosmosdan razvedka olib borish imkoniyatlarini bir necha qatlamda kengaytirish. Bu bir sutka davomida, har qanday ob-havo sharoitida va bir vaqtning o‘zida turli hududlarda operatsiyalar olib borish imkonini berishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi yo‘nalish esa mudofaa tizimi uchun keng qamrovli, barqaror va uzluksiz aloqa imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Bundan tashqari, hujumkor kosmik operatsiyalar uchun ham alohida mablag‘ ajratiladi. Bu yo‘nalish ikki asosiy vazifani qamrab oladi: birinchisi — Isroil sun’iy yo‘ldoshlarini dushman sun’iy yo‘ldoshlaridan himoya qiluvchi qurollar hamda kosmosdan yer yuzidagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollar. Ikkinchisi Isroil hududini himoya qilish va dushman kuchlariga zarba berish uchun mo‘ljallanadi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun Isroil Mudofaa vazirligining Mudofaa tadqiqotlari va rivojlantirish boshqarmasi (MAFAT), Isroil mudofaa kuchlari va mamlakat mudofaa sanoati vakillari rejalashtirish hamda ishlab chiqish jarayonini olib bormoqda.
**“Bo‘kirayotgan sher” operatsiyasi jarayonni tezlashtirdi**
Loyihani jadallashtirayotgan omillardan biri — 2026-yil fevral oyida Eronga qarshi boshlangan “Bo‘kirayotgan sher” (Roaring Lion) operatsiyasi bo‘lgan. Ushbu operatsiya davomida Mudofaa vazirligi va Isroil mudofaa kuchlari kosmosdan aniq razvedka ma’lumotlarini to‘plash uchun sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanishni kengaytirgan. Bu urush davomida nishonlar bazasini shakllantirish imkoniyatlarini kuchaytirgan.
2026-yil 28-fevralda AQSH va Isroil Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli operatsiyani boshlagan. Isroil uni Operation Roaring Lion (“Bo‘kirayotgan sher”), AQSH esa Operation Epic Fury (“Epik g‘azab”) deb atagan edi.
Mudofaa vaziri Isroil Kats yopiq yig‘ilishlarda kosmik sohani tez va jiddiy ravishda rivojlantirish, dushman davlatlar ustidan ustunlikka erishish hamda Isroilni bu boradagi dunyodagi yetakchi besh davlat qatoriga olib chiqish zarurligini ta’kidlagan.
Katsning fikricha, kosmik imkoniyatlar kelajakdagi mojarolarda Isroil mudofaa kuchlariga strategik ustunlik beradi va armiya faqat Harbiy razvedka hamda Harbiy-havo kuchlariga tayanib qolmaydi.
“Kosmik yo‘nalish bizga kunduzi ham, kechasi ham suratga olish, bulutlarni yorib o‘tish va yuqori aniqlikda tasvirga olishning qo‘shimcha imkoniyatlarini yaratadi”, degan Kats “Ofek-19” sun’iy yo‘ldoshi haqida gapirar ekan.
**Kosmosda xavfsizlik ustunligi**
Isroil Mudofaa vazirligining Kosmik boshqarmasi rahbari Avi Bergerning aytishicha, “Bo‘kirayotgan sher” operatsiyasi Isroilning kosmik sohasida “juda katta sakrash”ni yuzaga keltirgan.
Berger kosmik sohadagi texnologik loyihalari uchun Isroil Mudofaa mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mukofot “Ofek-13” va “Ofek-19” sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish bilan bog‘liq loyihalar uchun berilgan.
Uning tushuntirishicha, bu ikki sun’iy yo‘ldosh SAR — radar sun’iy yo‘ldoshlari hisoblanadi. Ularning texnologiyasi oddiy elektrooptik tasvirga asoslangan sun’iy yo‘ldoshlardan farq qiladi. An’anaviy tasvirga olishda sun’iy yo‘ldoshlari yer yuzasidan qaytgan quyosh nuridan foydalanib tasvir hosil qilinadi. SAR sun’iy yo‘ldoshi esa tasvirni o‘zi yaratadi: u Yer tomon elektromagnit nurlanish yuboradi va yer yuzasidan qaytgan signal maxsus texnologiya orqali qayta ishlanib, razvedka ma’lumotlarini olish imkonini beradigan sintetik tasvir hosil qiladi.
“Isroil davlati, albatta, kosmosda xavfsizlik ustunligini yaratishi kerak. Shundagina Isroil mudofaa kuchlari va mudofaa tizimiga harakat erkinligini ta’minlay olamiz” degan u.

