
Kosmosga yoʻl
Qirgʻiziston tarixda ilk bor oʻz yoʻldoshini orbitaga chiqarishga tayyor. Qurilmani uchirish 1 oktyabrga AQShning Kaliforniya shtatidagi maydonchadan rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatida yaratilgan birinchi yoʻldoshni respublika hukumati raisining oʻrinbosari — suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov taqdim etdi. Uning soʻzlariga koʻra, kosmosdan olinadigan tasvirlar va boshqa maʼlumotlardan foydalanish agrar sektorni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Bunday maʼlumotlar yaqinlashib kelayotgan sovuq urishi yoki qurgʻoqchilikni kuzatib borishga yordam beradi. Bundan tashqari, mutaxassislar qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish boʻyicha harakatlar rejasini tayyorlash uchun maʼlumotlarni tahlil qila oladilar.
Mulozimning aniqlik kiritishicha, yoʻldosh ilgari kompyuterlar va nazorat-kassa mashinalarini (NKM) yigʻish bilan shugʻullangan «Kirgiz elektronika» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Qirgʻizistonlik muhandislarga qurilmani loyihalash va ishlab chiqarish uchun 2,5 yil vaqt ketdi.
Jurnalistlarga kosmik apparatning texnik parametrlari koʻrsatildi. Uning vazni 5 kilogrammni tashkil etadi. Yoʻldoshning qiymati 10-12 mln somga (taxminan $130 ming) baholanmoqda.
Oʻz navbatida, «Kirgiz elektronika» direktori Ilya Cherniy yoʻldoshni koʻp funktsiyali deb atash mumkinligini taʼkidladi: xususan, u yuqori aniqlikdagi kameralar bilan jihozlangan boʻlib, ulardan olinadigan tasvirlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi uchun juda zarur.
Shu bilan birga, korxona rahbari ushbu ishlanmani toʻliq Qirgʻizistonniki deb hisoblab boʻlmasligini tan oldi, chunki uni yaratishda foydalanilgan texnologiyalarning katta qismi Rossiyanikidir. Agar yoʻldoshni «noldan» boshlab yasash kerak boʻlganida, buning uchun 10-15 yil talab etilardi, deya tushuntirdi Cherniy.
Qirgʻiziston oʻz yoʻldoshini uchirayotgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat emas. Yaqinda Oʻzbekiston ham shunday yutuqni qayd etgan edi. Apparatni uchirish xitoylik hamkorlar ishtirokida amalga oshirildi. Joriy yilning avgust oyida XXR kompaniyasi bort tizimi Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan modul bilan jihozlangan Samarkand-2028 giperspektral yoʻldoshini kosmosga muvaffaqiyatli chiqargani xabar qilingan edi.
Qozogʻiston ham yangi yoʻldosh tayyorlamoqda. Hukumat amaldagi KazSat-3 oʻrnini bosuvchi KazSat-3R ni yaratish uchun 10,4 milliard tenge ajratdi. Hozirgi apparatning xizmat qilish muddati 2029 yilda tugaydi. KazSat tizimi orqali 19 ta aloqa operatori ishlaydi va ikki milliondan ortiq televideniye abonentlariga xizmat koʻrsatiladi.

