Rossiya va Oʻzbekiston ekstremistlar va terrorchilar haqida maʼlumot almashishga kelishib oldi
Endi mamlakatlar hukumat xavfsizlikka tahdid deb hisoblaydigan terroristik va ekstremistik tashkilotlar hamda alohida shaxslar haqida tezkor maʼlumot almashadi.

Rossiya va Oʻzbekiston ekstremistlar hamda terrorchilar haqidagi maʼlumotlarni almashishga kelishib oldi
Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston bosh prokurorlari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik haqidagi bitimni imzoladi, deb xabar berdi RBK. Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hujjatga Rossiya bosh prokurori Aleksandr Gutsan, Belarus bosh prokurori Dmitriy Gora, Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov, Qirg‘iziston bosh prokurori Malik Bekturganov, Tojikiston bosh prokurori Habibullo Saydullo Vohidzoda va Oʻzbekiston bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev imzo chekdi.
Endilikda mamlakatlar hukumat xavfsizlikka tahdid deb baholaydigan terroristik va ekstremistik tashkilotlar, shuningdek alohida shaxslar haqida tezkor maʼlumot almashadi. Maʼlumot almashinuvi davlatlar suverenitetiga qaratilgan tajovuzlar yoki ehtimoliy terroristik hujumlar haqidagi axborotga ham tegishli. Bitimda «oʻz davlatiga» qaytayotgan xorijiy jangarilar va ularning oila aʼzolari alohida qayd etilgan.
Rossiyada ekstremizm va terrorizmga oid moddalar, jumladan, siyosiy sabablarga koʻra qoʻzgʻatilgan ishlar bo‘yicha ham qo‘llaniladi. Rosfinmonitoringning tegishli reyestriga allaqachon 23 mingdan ortiq kishi kiritilgan, yaqinda ularga jurnalist Yuriy Dud ham qo‘shildi. Bu ro‘yxatda, shuningdek, Pavel Durov, Vera Polozkova, Leonid Gozman, Tatyana Lazareva, Boris Akunin va Aleksandr Nevzorov ham bor.
«Pervyy otdel» loyihasi va Parubets Analytics tahliliy markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarmida Rossiyada terrorizm bo‘yicha 1145 kishi sudlangan, bir yil avval esa bunday hukmlar soni 725 tani tashkil etgan.

