Rossiyada jurnalist Yuriy Dud terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi

Rossiyada jurnalist Yuriy Dud terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga qo‘shildi
Rossiyalik mashhur jurnalist va YouTube bloger Yuriy Dud “Rosfinmonitoring” yuritadigan terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Ro‘yxatda uning familiyasi yonida yulduzcha belgisi paydo bo‘lgan. Bunday belgi shaxsning terrorizmga aloqadorligi haqida ma’lumot borligini anglatadi. Hozircha Dudga nisbatan aynan “terrorizm” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani haqida ma’lumot yo‘q.
2022-yil aprelida Rossiya Adliya vazirligi Yuriy Dudni “xorijiy agent” deb e’lon qilgan edi. Belarusda ham Dudning YouTube’dagi “vDud” kanalida e’lon qilingan ayrim materiallar ekstremistik deb topilgan.
Rossiyada 2025-yil yozida Dudga nisbatan “xorijiy agent” majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘sha yil noyabrda sud uni bu ish bo‘yicha sirtdan bir yil o‘n oyga ozodlikdan mahrum qildi.

