Dunyo

Rossiya oligarxlarining xatlangan yaxtalari Italiyaga millionlab dollarga tushmoqda

Rossiya oligarxlarining hashamatli yaxtalari sanksiyalar sabab to‘rt yildan beri Italiya portlarida xatlov ostida turibdi. Ularning ekipaji, qo‘riqlanishi va texnik xizmat xarajatlari italiyalik soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanmoqda. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, bunday kemalar soz holatda saqlanishi shart.

Rossiyalik oligarxlarning xatlangan yaxtalari Italiyaga millionlab dollarga tushmoqda

Sanksiyalar tufayli xatlangan rossiyalik milliarderlarning hashamatli yaxtalarini saqlash Italiya byudjetiga millionlab dollarga tushmoqda. Ayrim kemalar to‘rt yildan beri portlarda turibdi, ularning ekipaji, qo‘riqlanishi va texnik xizmat xarajatlari esa italiyalik soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanmoqda, deb yozadi CNN.

Rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoga tegishli, qiymati 600 million dollarlik Sailing Yacht A 2022-yil martidan buyon Triyest portida xatlov ostida turibdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan sanksiyalar joriy etilgan paytda kema aynan shu yerda ta’mirlanayotgan edi.

Triyest meri Roberto Dipiatssaning CNN’ga aytishicha, uzunligi 143 metr bo‘lgan yaxtani saqlash bir kunda qariyb 30 ming dollar, bir yilda esa deyarli 11 million dollarga tushmoqda. Bu mablag‘lar 20 kishilik ekipaj maoshi, yoqilg‘i, tozalash, qo‘riqlash va sug‘urtaga sarflanadi.

Italiya qonunlariga ko‘ra, xatlangan kemalar soz holatda saqlanishi kerak. Agar Melnichenkoga qarshi sanksiyalar bekor qilinsa, u yaxtasini qaytarib olish uchun uni saqlash xarajatlarini to‘lashi lozim bo‘ladi.

“Unga barcha xarajatlarimizni qoplashdan ko‘ra yangi yaxta sotib olish arzonga tushadi. Bizga-chi, nima qoladi? Bu bahaybat yaxta uchun yana yillar davomida pul sarflashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin”, dedi Dipiatssa.

Melnichenko 2022-yilda yaxtaning xatlanishiga qarshi sudga murojaat qilgan. U kema bevosita o‘ziga emas, balki rafiqasi tashkil etgan trast orqali Valla Sails kompaniyasiga tegishli ekanini bildirgan. Biroq 2025-yilda Yevropa Ittifoqi sudi Italiya yaxtani xatlov ostida saqlashga haqli ekanini tasdiqlagan.

Italiya byudjetiga qimmatga tushayotgan yana bir kema — Toskana hududidagi Marina-di-Karrara portida turgan “Shexerezada” yaxtasi. Qiymati 700 million dollarlik kema “Rosneft” kompaniyasining sobiq rahbari Eduard Xudaynatovga tegishli ekani aytiladi. Biroq rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy uni aslida Vladimir Putinga tegishli deb da’vo qilgan.

Yaxtada ikkita vertolyot qo‘nish maydonchasi va raqs maydonchasiga aylantiriladigan basseyn bor. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yaxta xatlanganidan beri uning ekipaji uchun 15 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan. Ekipaj tarkibida Rossiya va Buyuk Britaniya fuqarolari bor.

Joriy yilning 28-avgustida yaxta Italiya xavfsizlik kuchlari kuzatuvida portdan chiqib, o‘n soatdan so‘ng qaytgan. Mas’ul kompaniya bu safar texnik tekshiruv uchun amalga oshirilganini bildirgan, biroq xarajatlarni kim qoplaganini oshkor qilmagan.

Italiya rossiyalik milliarder Aleksey Mordashovning Lady M yaxtasini saqlashga ham qariyb 2 million dollar sarflagan. Kema Imperiya portida xatlov ostida turibdi. Shuningdek, Putinning ittifoqchilaridan biri Gennadiy Timchenkoga tegishli Lena yaxtasi ham Italiyada saqlanmoqda.

Xatlangan kemalarda doimiy ekipaj ishlaydi. Ularni soz holatda saqlash, qo‘riqlash va ichki qismlarida mog‘or paydo bo‘lishining oldini olish ham qo‘shimcha xarajat talab qiladi.

Rossiya oligarxlarining yaxtalarini saqlash muammosi Yevropaning boshqa davlatlarida ham mavjud.

Germaniyada ilgari Alisher Usmonovning singlisiga tegishli bo‘lgan 800 million dollarlik Dilbar, Fransiyada Igor Sechin bilan bog‘liq Amore Vero, Ispaniyada esa Viktor Vekselbergga tegishli Tango yaxtalari saqlanmoqda.

Ayrim davlatlar esa xatlangan kemalarni sotishga muvaffaq bo‘lgan. Masalan, Gibraltar rossiyalik milliarder Dmitriy Pumpyanskiyning Axioma yaxtasini 37,5 million dollarga sotgan. AQSH ham bir nechta kemani, jumladan, Sulaymon Kerimovga tegishli Amadea yaxtasini sotgan.

Chernogoriyada esa Andrey Guryyevning Luminosity yaxtasi qarovsiz qolgan. Hukumat 2024-yilda uni 135 million yevroga sotishga uringan, biroq savdo to‘xtatilgan. Kema hanuz Tivat portida zanglab, yaroqsiz holda yotibdi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Rossiya oligarxlariga qarshi sanksiyalarni saqlab qolish tarafdori. U Moskva bilan kelishuv uchun cheklovlarni yumshatish “o‘ta xavfli qaror” bo‘lishini aytgan.

Biroq Triyest meri Roberto Dipiatssa kabi ayrim mahalliy rahbarlar rossiyalik oligarxlarning xatlangan yaxtalarini saqlash xarajatlari italiyalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushmasligi kerak, deb hisoblamoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.