«Yashirin flot» kemalari Rossiya bayrogʻi ostiga oʻtmoqda
2025-yil yanvaridan 2026-yil iyunigacha Rossiya bayrogʻi ostidagi kemalar reyestri 36 foizga kengayib, unga 107 ta kema qoʻshilgan. Energetika va toza havoni tadqiq qilish markazi (CREA) tahliliga koʻra, bu Rossiyaning «yashirin floti»ga nisbatan diplomatik bosim kuchayishi va boshqa davlatlar kema reyestrlaridagi cheklovlar bilan bogʻliq.

«Yashirin flot» kemalari Rossiya bayrogʻi ostiga oʻtmoqda
DW xabariga koʻra, CREA ushbu tahlilni 25-sentabr kuni eʼlon qilgan. Rossiya reyestriga kemalar qoʻshilishining eng yuqori koʻrsatkichi 2025-yil dekabrida qayd etilgan — bir oyning oʻzida 25 ta kema roʻyxatga kiritilgan.
Tadqiqotchilar bu oʻzgarishni xorijiy kemalarni ham roʻyxatga oladigan ochiq reyestrlar siyosati qatʼiylashgani bilan izohlamoqda. Bunday reyestrlar «yashirin flot» kemalarida sanksiya ostidagi yuklarni tashishga ruxsat berishdan voz kechmoqda.
Barbados va Palau oʻz reyestrlaridan sanksiyaga tushgan barcha kemalarni chiqargan. Panama esa ularning sonini 2025-yil mayidagi eng yuqori koʻrsatkichga nisbatan qariyb uchdan ikki qismga kamaytirgan.
Shuningdek, dunyoning eng yirik kema reyestrlari bayroq almashtirish orqali sanksiyalarni chetlab oʻtish va boshqa shunga oʻxshash amaliyotlarga qarshi kurashish uchun RISC nomli umumiy maʼlumotlar bazasini ishga tushirgan.
CREA xulosasiga koʻra, bu sharoitda «yashirin flot» kemalari soxta bayroq ostida suzib, ushlab qolinish xavfini qabul qilish yoki Rossiya reyestriga oʻtish oʻrtasida tanlov qilishga majbur boʻlmoqda.
Iyun oyiga kelib, avval Komor orollari yoki Gambiya bayrogʻi ostida harakatlangan 46 ta kema Rossiyada roʻyxatdan oʻtgan. Boshqa kemalar Serra-Leone va Ekvatorial Gvineya bayrogʻiga oʻtgan yoki tan olingan bayroqsiz faoliyatini davom ettirgan.
Rossiya reyestriga qoʻshilgan 107 ta kemaning 93 tasi avvaldan sanksiyalar ostida boʻlgan. Ularning 90 tasiga nisbatan bir nechta yurisdiksiya doirasida cheklovlar qoʻllangan.
Tahlilda qayd etilishicha, dastlabki sanksiyalar joriy etilishidan oldin Rossiya neftini tashigan kemalar keyinchalik bayrogʻini avvalgiga nisbatan uch baravar koʻp almashtira boshlagan. Ularning 16 tasi Eron yoki Venesuela neftini ham tashigan.
Rossiya bayrogʻiga oʻtganidan keyin ham kemalar Rossiya yonilgʻisini jahon bozorlariga yetkazib berishda davom etgan. Ular tashigan 5,2 mlrd yevrolik neft asosan Xitoyga yoʻnaltirilgan. Misrda va Qizil dengizda yukni bir kemadan boshqasiga oʻtkazish amaliyotlaridan ham foydalanilgan.

